Ayni paytda o‘zbekistonliklarga yangi tahrirdagi Soliq kodeksining ikkita loyihasi taqdim etildi.
Shu bilan birga, Loyiha boshqaruvi milliy agentligi (LBMA) loyihaning to‘liq versiyasini, Moliya vazirligi esa alohida qismini e'lon qildi.
Moliya vazirligidan ta'kidlashlaricha, Umumiy qism e'lon qilinishining ma'lum muddatga qoldirilishi o‘zaro aloqador shaxslarni soliqqa tortish masalasini ishlab chiqish zaruriyati bilan bog‘liq. Soliq kodeksining qayta ko‘rib chiqilgan Umumiy qismi asosida Alohida qismning ma'lum bir boblari, ayniqsa, transfer narxi shakllanishi va nazorat qilinadigan xorijiy kompaniyalar bo‘yicha masala ishlab chiqiladi.
Yuqorida keltirilgan dalillar shuni tasdiqlaydiki, Moliya vazirligi Soliq kodeksining to‘liq loyihasini tayyorlay olmadi. Garchi, Soliq kodeksining yangi tahriri 2018 yilning 1 dekabriga qadar ishlab chiqilgan bo‘lishi kerak edi. LBMA to‘liq loyihani ishlab chiqishga ulgurdi.
Iqtisodchi Yuliy Yusupovning fikricha, LBMA loyihasida tadbirkorlarga foydalanish boshlangan yilda asosiy vositalarning 100%lik amortizatsiyasiga ruxsat beriladi. Agar LBMA loyihasi ma'qullansa, unda tadbirkor o‘z investitsion xarajatlarini ko‘p yillik amortizatsiya jarayoni orqali emas, balki daromad solig‘idan to‘liq hajmda ushlab qoladi. Bu sarmoyaviy faoliyat uchun kuchli rag‘bat.
Hozirgi Kodeks va Moliya vazirligining loyihasida chegirib tashlanadigan va chegirib tashlanmaydigan xarajatlarning uzun ro‘yxati va talqinlari berilgan. Aynan talqinlar davomida biznes va soliq organlari o‘rtasida kelishmovchiliklar yuzaga keladi. LBMA loyihasida esa, faqat tadbirkorlar daromad miqdorini aniqlashda chegirib tashlay olmaydigan xarajatlar ro‘yxati taqdim etilgan, shuningdek, ayrim xarajatlar bo‘yicha chegara normalari ko‘rsatilgan. Ushbu yondashuv soliq ma'muriyatchiligi xarajatlarini qisqartirish va soliq tekshiruvlari korrupsiyasini kamaytirishga qaratilgan katta qadamdir.
LBMA loyihasidan tadbirkorlar «daromadi»ga «ijobiy kurs farqi» kabi soliq solishning turi chiqarib tashlandi. Negadir qonunchilik milliy valyuta qiymatining qadrsizlanishiga boyish manbai sifatida qaraydi. So‘m dollarga nisbatan 20 foizga tushib ketdi, demak, xorijiy valyuta egalari 20 foizga boyidi. G‘alati mantiq. Bunda shu vaqt davomida so‘mda narxlar qanchaga oshganini (inflyatsiya) hisoblab chiqish kerakdir? Ehtimol, 20 foizdan ko‘proqdir? Agar shunday bo‘lsa, hech qanday «boyish» sodir bo‘lmadi. Bundan tashqari, nega faqat ijobiy kurs farqi hisobga olinadi. Agar farq salbiy bo‘lsa, unda uni zarar sifatida soliqqa tortiladigan bazadan chegirib tashlash kerakdir? Yo‘q, bu mumkin emas ekan. Juda mantiqsiz. LBMA loyihasining mualliflari ushbu absurd normani Kodeksning o‘z versiyasidan olib tashladilar. Afsuski, Moliya vazirligi loyihasining mualliflari uni qoldirishdi.
Darvoqe, LBMA loyihasida kompaniya o‘tgan yillardagi barcha zararlardan hozirgi soliq davridagi soliqqa tortiladigan daromadni kamaytirish uchun foydalanishi mumkin. Hozirgi Soliq kodeksi va Moliya vazirligi loyihasida - joriy davrdagi soliqqa tortiladigan daromadning faqat 50 foizi. Men - LBMA varianti uchun.
Amortizatsiyaning chegara normalari (ya'ni, kompaniya mulk qiymatining qanday qismini zarar sifatida ko‘rsatishi mumkin) qanday? Moliya vazirligi loyihasida shunday deyiladi: «Mulk amortizatsiyasining chegara normalari O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan belgilanadi». LBMA loyihasida amortizatsiya chegara normalari asosiy vositalarning barcha toifalari bo‘yicha yozib qo‘yilgan, bu Kodeksni bevosita amal qiladigan huquqiy hujjatga aylantiradi. Va bu to‘g‘ri!
Har ikkala loyihada ham daromad solig‘i chorakda bir marta to‘lanadi. Moliya vazirligi loyihasida har chorakda hisobot ham taqdim etiladi. LBMA loyihasi yillik hisobotlarni nazarda tutadi (mayda narsa, lekin yaxshi - soliq ma'muriyatchiligi soddalashtiriladi).
LMBA versiyasi chegirib tashlanmaydigan xarajatlarning nisbatan qisqa ro‘yxatini taklif qiladi. Masalan, tadbirkor soliqqa solinadigan bazadan xayriyaga xarajatlar (chegara normativ o‘rnatilgan holda), xo‘jalik shartnomalari shartlari buzilgani uchun jarimalar, penya va boshqa turdagi sanksiyalarga barcha to‘lovlar (byudjyetga to‘langan jarimalar va penyalar bundan mustasno) uchun xarajatlarni chegirib tashlashi mumkin. Garchi, boshqa misollar ham bor: Moliya vazirligi versiyasiga ko‘ra vakillik xarajatlari chegirib tashlanuvchi deb hisoblanadi, LBMA versiyasi bo‘yicha esa ularga daromaddan 1%lik normativ o‘rnatilgan.
Soliq kodeksini o‘zgartirish bo‘yicha foydali takliflar har ikkala loyihada ham mavjud, ammo LBMA loyihasida u ko‘proq ekani ma'lum bo‘ldi.
Abror Olimov, mustaqil iqtisodiy taxlilchi.