Yillik inflyatsiya darajasi prognoz ko‘rsatkichlari 2018 yilda necha foizni tashkil etishi aytildi

Iqtisodiyot 14:09 / 24.11.2018 29258

2018 yil 24 noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining ochiq yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Monetar siyosatning 2019 yil va 2020-2021 yillar davriga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi va tasdiqlandi.

O‘rta muddatli istiqbolda pul-kredit siyosatining muhim vazifalari sifatida inflyatsiya darajasini pasaytirish va inflyatsion targetlash rejimiga o‘tish uchun asos yaratish, shu jumladan pul-kredit siyosati instrumentlari va transmission mexanizmlarini rivojlantirish kabi vazifalar belgilab olindi.

Pul-kredit siyosatining asosiy yo‘nalishlari dasturiy hujjat hisoblanib, u joriy makroiqtisodiy holat va tashqi iqtisodiy vaziyat tahlili, shuningdek tashqi va ichki sharoitlarning rivojlanish prognozlari asosida ishlab chiqilgan. Mazkur hujjat o‘z ichiga, o‘rta muddatli istiqbolda pul-kredit siyosatining maqsad va tamoyillari, pul-kredit sohasida amalga oshirilgan ishlar tahlili va kutilayotgan natijalar, makroiqtisodiy rivojlanish ssenariylari hamda o‘rta muddatli istiqbolda pul-kredit siyosati instrumentlarini takomillashtirish choralarini qamrab olgan.

Asosiy ssenariydagi ko‘ra yillik inflyatsiya darajasining prognoz ko‘rsatkichlari 2018 yilda 16-17 foizni, 2019 yilda 13,5-15,5 foizni va 2020 yilda 10-12 foizni tashkil etadi. 2021 yildan boshlab yillik inflyatsiya darajasi bir xonali ko‘rsatkichgacha pasayishi kutilmoqda.

Ikkala ssenariyda ham Markaziy bank pul-kredit siyosatini yuritishda ehtiyotkorona yondashuvdan foydalanib, pul-kredit sharoitlarini bir maromda qat'iylashtirib borishni ko‘zda tutmoqda. Bunda, muqobil ssenariyda yanada qat'iyroq choralardan foydalaniladi.
 
Asosiy yo‘nalishlar Boshqaruvning ochiq yig‘ilishida bildirilgan taklif va mulohazalarni inobatga olgan holda to‘ldirilib, to‘liq shakli Markaziy bankning rasmiy veb-saytida e'lon qilinadi.

Ko‘proq yangiliklar: