O‘zbekistonda meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash hajmi ko‘paytiriladi

Iqtisodiyot 22:20 / 20.11.2018 4734

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining respublikada 2019-2020 yillarda meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash hajmlarini ko‘paytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarori e'lon qilindi.

Hujjatga muvofiq, 2019-2020 yillarda meva-sabzavot mahsulotlarini quritish bo‘yicha amalga oshiriladigan loyihalar maqsadli ko‘rsatkichlari va 2019 yilda meva-sabzavot mahsulotlarini quritish korxonalarini tashkil qilishning manzilli dasturi tasdiqlandi.

Qarorda meva-sabzavot mahsulotlarini quritish bo‘yicha amalga oshiriladigan loyihalar maqsadli ko‘rsatkichlari so‘zsiz bajarilishiga mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari bilan birgalikda shaxsan javobgar ekanliklari belgilab qo‘yildi.

Hujjatda belgilanishicha, O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, Savdo-sanoat palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda tadbirkorlik sub'yektlari, fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining qayta ishlash (quritish) bo‘yicha zamonaviy mini-texnologiyalarga bo‘lgan talabini aniqlab, “O‘ztreyd” aksiyadorlik jamiyatiga taqdim etadi.

O‘z navbatida, “O‘ztreyd” aksiyadorlik jamiyati “O‘zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi va boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda joriy talabdan kelib chiqqan holda tadbirkorlik sub'yektlariga, fermer va dehqon xo‘jaliklariga doimiy ravishda meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash (quritish) bo‘yicha ilg‘or xorijiy kompaniyalarning texnologiyalarini jalb etishga ko‘maklashadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirpar Kengashi va viloyatlar hokimliklari “O‘zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi bilan birgalikda xududiy investitsiya boshqarmalari bilan kelishilgan holda ilovaga muvofiq 2020 yilda meva-sabzavot mahsulotlarini quritish korxonalarini ishga tushirish rejasini hududlar kesimida ishlab chiqadi hamda loyiha tashabbuskorlari, amalga oshirish muddati va moliyalashtirish manbalari aniq bo‘lgan manzilli dasturlarini ishlab chiqib, 2019 yilning 1 yanvariga qadar tasdiqlashi lozim.

Mazkur qaror respublikada xususan, aholi xonadonlari va tomorqalarida yetishtirilgan meva-sabzavot mahsulotlarini quritish sohasini yanada rivojlantirish, quritilgan mahsulotlar turlarini kengaytirish, jahon bozorlarida raqobatbardosh bo‘lgan mahsulotlar hajmini ko‘paytirish va eksportini yo‘lga qo‘yish maqsadida qabul qilindi.

Ko‘proq yangiliklar: