Kuni kecha AQSh davlat kotibi Maykl Pompeo Minsk kelishuvlari to‘liq bajarilmaguniga qadar AQSh ma'muriyati Rossiyaga nisbatan sanksiyalarni kuchaytirish yo‘lidan borishini ma'lum qildi. Ushbu sanksiyalarning Markaziy Osiyo davlatlariga, xususan, O‘zbekistonga qanday ta'siri bo‘ladi? Bu sanksiyalardan O‘zbekiston iqtisodiyotiga zarar yetishi ehtimoli qay darajada? «KUN.UZ» muxbiri Moskvadagi Karnegi markazi kolumnisti, siyosatshunos Rafael Sattorov bilan ushbu mavzuda suhbatlashdi.
— Rossiyaga nisbatan kiritilgan sanksiyalar qanchalik jiddiy va ularning Rossiya iqtisodiyotiga ta'siri qay darajada bo‘ladi?
— Iqtisodiy va texnologik rivojlangan davlatlarning o‘zidan ortda turgan davlatga qarshi sanksiyalar kiritishi hamisha xavfli chorlov ekanligini tushunish darkor. Tarixda sanksiyalar ostidagi davlat bemalol rivojlanib, gullab-yashnagan holat bo‘lmagan. To‘g‘ri, Shimoliy Koreya va Eron kabi davlatlar kutilganidek inqirozga tushib qolmadi va sanksiyalar ulardagi rejimning qulashiga olib kelmadi. Bu rejimlar mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotidagi alohida sohalarni barqaror ushlab kelmoqda, ammo bu mazkur davlatlar gullab-yashnayotganini bildirmaydi hamda AQSh va uning ittifoqchilari tomonidan kiritilgan keskin cheklovlarga qaramasdan, ular xotirjam rivojlanishda davom etishiga hech kim kafolat bermaydi. Hattoki o‘z davrida jahonning ikkinchi o‘rindagi iqtisodiyoti bo‘lgan Sovet ittifoqi ham «Janob Reygan, barcha sanksiyalaringizga tupuramiz!» qabilidagi targ‘ibot ishlariga qaramasdan, kiritilgan sanksiyalarning salbiy ta'siridan qochib qutula olmagan. Shu bois, agar kimdir sanksiyalar xavfsiz desa, u yumshoq qilib aytganda, noto‘g‘ri fikrlaydigan va tarixni uncha yaxshi bilmaydigan odam bo‘ladi.
Rossiyaga qarshi kiritilgan sanksiyalar uning iqtisodiy o‘sishiga salbiy ta'sir ko‘rsatadi, zero cheklovlar davlat qarzi bilan bog‘liq operatsiyalarga nisbatan joriy etilib, Rossiya iqtisodiyotining asosiy bo‘g‘ini bo‘lgan energetika sohasiga zarba beradi. Buning ustiga, demokratlar ham, respublikachilar ham bu borada yakdil harakat qilmoqda. Shu yilning avgust oyida «NATOni kuchaytirish, xalqaro kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish va Rossiya Federatsiyasiga nisbatan qo‘shimcha sanksiyalar joriy etish» to‘g‘risidagi qonun loyihasi kiritilganida, bu qonun loyihasining tashabbuskorlari Robert Menendes (Nyu-Jyersi shtatidan, demokrat), Lindsi Grem (Janubiy Karolina shtatidan, respublikachi), marhum Jon Makkeyn (Arizona shtatidan, respublikachi, 2018 yil 25 avgustda vafot etgan), Kori Gardner (Kolorado shtatidan, respublikachi), Ben Kardin (Merilend shtatidan, demokrat), Jin Shaxin (Nyu-Hempshir shtatidan, demokrat) kabi Amerika siyosatining «nahanglari» bo‘lishgan. Qonun loyihasi hozircha qabul qilinmadi, aslida u oraliq saylovlar boshlanguniga qadar qabul qilinishi taxmin qilingandi. Saylovlar o‘tdi va ma'lumotlarga qaraganda, AQSh Kongressi Rossiyaga nisbatan keskin cheklovlarni o‘z ichiga olgan mazkur qonun loyihasini yil oxirigacha qabul qilishga ulgurmaydi. Ammo shuni unutmaslik kerakki, Kongressda aksariyat o‘ringa ega bo‘lgan, Putinga nisbatan o‘ta salbiy nuqtai nazarda bo‘lgan demokratlar rojdestvo ta'tilidan so‘ng qonun loyihasini qabul qilishlari mumkin, bu esa Rossiya iqtisodiyotiga nisbatan darhaqiqat ulkan chorlov bo‘ladi.
— O‘zbekiston iqtisodiyoti Rossiya iqtisodiyoti bilan qanchalik bog‘langan va bu davlat iqtisodiyotidagi o‘zgarishlarning O‘zbekiston iqtisodiyotiga ta'siri qanday?
— Bizni Rossiya bilan juda ko‘p narsalar bog‘lab turadi. Birinchidan, Rossiya hozirda Markaziy Osiyoda O‘zbekistonga investitsiya kiritish bo‘yicha birinchi o‘rinda turadi. O‘zbekistonda Rossiyaning «Gazprom» va «Lukoyl» kabi kompaniyalari faoliyat olib bormoqda. Bundan tashqari, Usmonov va Mahmudov kabi Rossiya oligarxlariga tegishli kompaniyalar O‘zbekistonga faol kirib kelmoqda. Rossiya O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va avtomobillari uchun asosiy bo‘lmasa-da, eng katta bozor hisoblanadi. Bundan tashqari, u yerda mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy barqarorligiga hissa qo‘shib kelayotgan vatandoshlarimiz ishlaydi. Bugungi kunda mamlakatimizda Rossiyada ishlayotgan barcha mehnat migrantlari uchun ish o‘rni yaratish oson emas. Buning uchun biz Yaponiya iqtisodiy mo‘'jizasiga qorilgan o‘ziga xos «nemis mo‘'jizasi»ni yaratishimiz kerak bo‘ladi.
— Bugungi kunda Rossiya-O‘zbekiston hamda AQSh-O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘zaro savdo ko‘rsatkichlari qanday holatda?
— 2014 yil boshida Ukraina bilan bog‘liq inqiroz endigina kuchayayotgan pallada rossiyalik aksariyat tahlilchilar AQSh bilan emas, balki YeI bilan iqtisodiy munosabatlarning buzilishi Rossiya uchun eng katta xatar ekanligini aytishgandi. 2018 yilning birinchi yarim yilligida Rossiya va AQSh o‘rtasidagi savdo aylanmasi 2017 yilning shu davriga nisbatan 10,59 foizga oshgan va 12 mlrd 74 mln 54 ming 721 dollarni tashkil etgan. Yevropa ittifoqi bilan esa 2018 yil yanvar-iyun oylarida 144 mlrd dollarni tashkil etgan va 21,5 foizga o‘sgan.
O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi savdo hajmi 2017 yilda 3,7 mlrd dollarni tashkil etgan. Shu yilning yanvar-iyulida bu ko‘rsatkich 32 foizga oshgan. Putinning yordamchisi Ushakovning so‘zlariga ko‘ra, Moskva bu raqamni 5 mlrd dollargacha yetkazmoqchi.
O‘zbekistonning AQSh bilan savdo aylanmasida ham ijobiy o‘sish qayd etilmoqda. 2018 yilda bu ko‘rsatkich qariyb 300 mln dollarga yetdi, butun 2017 yil davomida bu raqam 210,2 mln dollarni tashkil etgandi. Albatta, hozircha AQSh bilan savdo aylanmasi Rossiya yoki Janubiy Koreya darajasida emas, shuning uchun Rossiya iqtisodiyotining pasayishi O‘zbekiston manfaatlariga xizmat qilmaydi.
— Rossiyaning ko‘plab kompaniyalariga nisbatan sanksiyalar kiritilgan. Ular bilan aloqa qiladigan boshqa davlatlar kompaniyalariga nisbatan ham sanksiyalar qo‘llanilishi xavfi mavjud. Ana shunday Rossiya kompaniyalari orasida O‘zbekiston bilan ham aloqalar o‘rnatgan kompaniyalar bormi?
— Albatta. Ularning ayrimlarini aytib o‘tishim mumkin. Biz Rossiyaning Amerika sanksiyalari ostiga tushgan Rosoboroneksport, «Kalashnikov», «Uralvagonzavod ilmiy-ishlab chiqarish korporatsiyasi» OAJ, «Radioelektronniye texnologii», «NPO Bazalt», O‘zbekistondagi maktabgacha ta'lim muassasalari tarmog‘i qurilishini va O‘zbekiston konlarida geologik razvedka o‘tkazish loyihasini moliyalashtiradigan Gazprombank kabi davlat kompaniyalari bilan aloqa qilamiz.
— AQShning Rossiyaga qarshi sanksiyalaridan Markaziy Osiyodagi qo‘shni davlatlar zarar ko‘rishi ehtimoli qanchalik jiddiy? Agarda shunday xatar mavjud bo‘lsa, kim eng ko‘p zarar ko‘rishi mumkin?
— Bizda bunday xatar 2014 yildan, ya'ni rubl kursi tushib, rossiyaliklarning xarid qobiliyati pasayganidan buyon mavjud. Buni Ravon (GM Uzbekistan) kabi davlat monopoliyasi o‘z mahsulotlarini sotolmay qolganida yoki Rossiyada mehnat qilayotgan yurtdoshlarimizning pul o‘tkazmalari qanchalik pasayib ketganida ko‘rgandik. Qozog‘istonlik ishlab chiqaruvchilar, ayniqsa go‘sht-sut sanoati ham ana shunday xatar ostida. Boshqacha aytganda, mintaqada Rossiyaga qarshi kiritilgan sanksiyalarning salbiy oqibatlaridan saqlanib qoladigan davlat yo‘q.
— AQSh sanksiyalari O‘zbekiston va umuman, Markaziy Osiyodagi investitsion muhitga ham ta'sir ko‘rsatadimi?
— To‘g‘risini aytsam, investitsion muhitga sanksiyalardan ko‘ra o‘z xatolarimiz salbiy ta'sir ko‘rsatgan va ko‘rsatmoqda. Mulk va investorlar huquqi himoyalanmagani, qarindosh-urug‘chilik, ulush chiqarib berish, yulg‘ichlik, mansabdorlarning o‘zbilarmonligi kabi salbiy illatlar Markaziy Osiyoning investitsion jozibadorligiga soya solmoqda.
— Bir davlatning boshqa davlatlarga nisbatan sanksiyalaridan uchinchi davlatlar zarar ko‘rgan holatlar bo‘lganmi?
— Sanktsiyalar savdo hamkorlari bilan har qanday savdo-sotiqni cheklash uchun kiritiladi. Eronni misol qilib olaylik. Yevropaning aksariyat energetika, konsalting va turistik kompaniyalari Eron bozoriga doim qiziqib kelishgan va 2015 yilda yadroviy kelishuv imzolanganidan so‘ng ularning ko‘pchiligi bu yerga kirishga ham ulgurgandi. Ammo prezident Tramp tomonidan Eronga qarshi kiritilgan sanksiyalar yuzdan ortiq xorij kompaniyalarini Eron bozoridan chiqib ketishga majbur qildi. XXR, Janubiy Koreya, Hindiston, Gretsiya, Tayvan (Tayvanni XXRning qismi emas, alohida davlat sifatida ko‘rilganda), Yaponiya Eron neftining asosiy xaridori ekanligi hisobga olinsa, ularning Eron neftini sotib olishni to‘xtatishlari nafaqat Eron, balki o‘sha davlatlarning iqtisodiyotiga ham kuchli zarba bo‘lib tushadi. G‘arbning Rossiyaga qarshi sanksiyalari ta'sirini Markaziy Osiyo davlatlari ham his qiladi.
— Sanktsiyalarning ehtimoliy ta'siriga tushib qolmaslik uchun qanday choralar ko‘rilishi lozim?
— Ta'sirga tushish xavfi yuqori. Gapni bizda sanksiyalar bo‘yicha ham, lobbizm bo‘yicha ham mutaxassislar yo‘qligidan boshlasak. Bizda bunday mutaxassislar nafaqat tayyorlanmaydi, balki bu sohalar birorta ham o‘quv yurtida o‘rganilmaydi. Bizda sanksiya mexanizmlari va lobbizm bo‘yicha bilimlar mahalliy darajada. Hattoki, MDHning eng kuchli iqtisodiyoti bo‘lgan Rossiyada ham bu sohadagi mutaxassislar 2014 yildan boshlab paydo bo‘lgan. Asosiy muammomiz ham mana shunda, bizda sanktsion siyosat muammolarini o‘rganish yo‘lga qo‘yilmagan.
Gap shundaki, biz Countering America’s Adversaries Through Sanctions Act (CAATSA) – «Amerika dushmanlariga sanksiyalar orqali qarshilik qilish to‘g‘risida»gi qonun nishoniga tushib qolishimiz mumkin. Amerika tomoni Rossiya bilan harbiy-texnik hamkorlik, ayniqsa Rosoboroeksport bilan hamkorlik sababli Xitoyga nisbatan cheklov choralarini kiritgan. Hattoki Rossiya harbiy-texnika mahsulotlarining an'anaviy xaridorlari bo‘lgan Hindiston va Indoneziya ham Amerika qonuni ta'siridan to‘liq chiqib keta olmadi. O‘zbekiston 2015 yilda imzolagan kelishuvga ko‘ra, Moskva O‘zbekiston qurolli kuchlarini modernizatsiya qiladi, sanksiyalarga tushish ehtimoli bo‘lgan Rossiya oligarxlari kompaniyalari mamlakatimiz bilan hamkorlik qilmoqda, bu omillar sababli sobiq sovet davlatlari, jumladan O‘zbekiston AQSh sanksiyalariga ro‘baro‘ kelmasligiga hech kim yuz foiz kafolat bera olmaydi.
Nima qilmoq kerak? Hech bo‘lmaganda, ehtimoliy xatarlarni o‘rganish va tahlil qilish darkor. Lobbistik harakatlarni amalga oshirish, lobbizm hamda sanksiyalar siyosati va mexanizmi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish kerak. Bunday mutaxassislarni tayyorlash qiyin va ko‘p vaqt talab qiladigan ish va buni allaqachon boshlash kerak edi.
Masalan, Ozarboyjon «Janubiy gaz yo‘lagi»ni AQShning Eronga qarshi sanksiyalari ta'siridan chiqarishga erishdi va endilikda sanksiyalar ushbu loyihani chetlab o‘tadi. Bunga qanday erishildi? SOCAR va BP kabi energetika gigantlarining lobbistik urinishlari o‘z samarasini berdi va ular Amerika prezidenti doirasiga uning ittifoqchilarining energetik mustaqilligiga xizmat qiladigan yangi loyihani yo‘qqa chiqarmaslik kerakligini yetkaza olishdi. Donald Trampning mazkur yo‘lak bo‘yicha farmoyishida AQSh bu loyiha Rossiyaning Yevropadagi loyihalariga raqobatchi bo‘lishi mumkinligini tushunishi va u Yevropa davlatlarini Rossiya gazining importi monopoliyasidan xalos qilish bo‘yicha Atlantika jamiyati talablariga javob berishi aytilgan. Lobbizm bo‘yicha rossiya-arman mutaxassisi Areg Galstyanning tan olishicha, arman lobbizmidan ortda bo‘lgan Ozarboyjon bugungi kunda raqibini siqib chiqarmoqda va uni mag‘lub etmoqda. Shu bois, har doim hushyor bo‘lishimiz va zamon talablariga mos bo‘lish uchun siyosiy xatarlarni o‘rganishimiz hamda bilimimizni oshirib borishimiz talab qilinadi.
Dilshod Asqarov suhbatlashdi