Statistik ma'lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda 600 mingdan ortiq tadbirkor faoliyat yuritadi. Juda katta raqam. Tashqaridan qaraganda, shunchalik ko‘p ishbilarmonlari bor yurtda biznes ham gullab-yashnasa kerak, hoynahoy, deb o‘ylashsa ajabmas. Ularni birlashtirib turadigan yagona tashkilot ham bor. Respublika Savdo-sanoat palatasi.
Ushbu palata tadbirkorlar manfaatini himoya qilish, ishbilarmonlik muhitini yangi bosqichga ko‘tarishda qanday ishlarni amalga oshirmoqda? Umuman olganda, Savdo-sanoat palatasi biznes vakillari ishonchini oqlay olmoqdami? Aslida, eshik ortida nima borligi ko‘pchilik uchun qiziq.
Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda va biznes doira vakillari orasida palataga pullik majburiy a'zolik tartibi kuchga kirgani, bu esa tadbirkorlar manfaatiga zid ekani to‘g‘risida turli mulohazalar bildirildi.
A'zolik palataga hamda tadbirkorlar uchun qay jihatdan manfaatli yondashuv?
Respublika Savdo-sanoat palatasi birinchi o‘rinbosari Islom Jasimovning aytishicha, «palataga a'zolik tashkilot uchun juda dolzarb masala hisoblanadi, chunki tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, tashkilot faoliyatini yanada takomillashtirish va yana boshqa qator harakatlar moddiy manbaga borib taqaladi».
«Ishbilarmon soha vakillarining palata a'zoligi uchun amalga oshiradigan to‘lovlari asosiy moliyaviy manbamiz hisoblanadi. Hukumat va boshqa tashkilotlardan yordam olishga haqimiz yo‘q. Xalqaro miqyosda olib qaraganda, boshqa mamlakatlarda tadbirkorlar uyushmalari nodavlat-notijorat tashkilot sifatida o‘z-o‘zini moliyalashtiradi. Biz ham ushbu an'anaga sodiq holda, har taraflama mustaqil bo‘lishga harakat qilyapmiz. Tadbirkorlik sohasi iqtisodiyotni barqarorlashtiruvchi kuch sifatida davlat organlari nazoratidan xoli bo‘lishi kerak», - deydi u.
Joriy yilning 9 iyulida «Savdo-sanoat palatasi to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi va 10 oktabrda kuchga kirdi. Qonunning 17-moddasida «palataga a'zolik kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlari uchun ixtiyoriy, boshqa tadbirkorlik sub'yektlari uchun esa majburiydir», degan bandi mavjud.
Islom Jasimov «hech qaysi tadbirkor a'zolikka majburlamagani»ni aytib, qonun kuchga kirgandan keyin atigi 5 nafar tadbirkor ixtiyoriylik asosida palataga a'zo bo‘lganini aytdi.
Qonun kuchga kirdi. Endi nima bo‘ladi? Tadbirkorlar manfaati qay darajada himoya qilinadi? Ularga palataning qanday foydasi bor, deya ishonchsizlik bildirayotganlar talaygina. Majburiy a'zolik belgilandi. Bu qaysidir ma'noda ishbilarmonlarni qo‘rqitayotgani rost. Palata faoliyati haqida ko‘proq ma'lumotga ega bo‘lish uchun rais o‘rinbosarlari Islom Jasimov va O‘tkir Bo‘tayevga yana qo‘shimcha savollar bilan murojaat qildik.
Statistik raqamlarning dalolat berishicha, Savdo-sanoat palatasiga shu kunga qadar atigi 12 ming nafar tadbirkor a'zo bo‘lgan. Ulardan 2 ming 60 nafardan ortig‘i yirik korxonalar egalari hisoblanadi.
Jasimovga ko‘ra, ayni chog‘da faqat yirik tadbirkorlarni palataga jalb qilish chora-tadbirlarini ko‘rish kerak, chunki ular kichik biznes vakillariga qaraganda iqtisodi va moliyasi ancha baquvvat. Shuning uchun har yilgi badallik to‘lov (EKIHning 100 baravari)ni amalga oshirishga qurbi yetadi. 10 oktabrda kuchga kirgan Qonunga muvofiq atigi 5 nafar yirik korxona ixtiyoriy ravishda palataga a'zo bo‘lgan. Faqat YaTT va kichik biznes sub'yekti vakillari uchungina a'zolik ixtiyoriy bo‘lib, yiliga EKIHning bir baravari miqdorida haq to‘lashlari lozim.
Palata uchun to‘lanadigan pul nima maqsadda sarflanadi?
Savdo-sanoat palatasi nodavlat-notijorat tashkilot bo‘lib, o‘z-o‘zini moliyalashtiradi. Tadbirkorlar va homiylardan kelgan mablag‘lar viloyat, tuman markazlarida tashkil etilgan tadbirkorlikka ko‘maklashish markazlarini (TMK) rivojlantirishga sarflanadi. Shuningdek, xodimlarga oylik maosh berish, tadbirkorlarni xorijda o‘qitish, ularga yuridik xizmatni tashkil qilish va boshqa shu kabilar palata hisobidan amalga oshiriladi.
Tadbirkor: palataga a'zo bo‘lsam, qanday imkoniyatlarga ega bo‘laman?
Haqli savol. Eng avvalo, tadbirkorlarning huquqlari himoya qilinadi, ikki tadbirkor o‘rtasida kelishmovchilik bo‘lganda mediatsiya usulini qo‘llash vakolatiga ega, sudda tadbirkor nomidan qatnashadi, mahsulotini eksport qilmoqchi bo‘lgan tadbirkorlarga xaridor topishda va xalqaro shartnomalarga ko‘maklashadi, bo‘sh yotgan hudud va binolardan foydalanish masalasida amaliy choralar ko‘riladi. Eng quvonarlisi, Savdo-sanoat palatasi xorijlik tadbirkorlar duch kelgan muammolarni hal qilish uchun xalqaro arbitraj sudini tashkil qilish huquqiga ham ega.
Tadbirkor Anvar Yusupov tashkilotga oxirgi marta 2015 yilda murojaat qilgan. Nodavlat ta'lim muassasasi sifatida DTMdan litsenziya olish uchun ariza topshirgan tadbirkor jarayonning belgilangan 1 oydan ham cho‘zilib ketganidan so‘ng, palataga murojaat qilgan.
«Savdo-sanoat palatasidan bu masalani ijobiy hal qilib berishlarini so‘raganimda, bu yerda ham sansalorlikka duch keldim. Yana bir jihat: a'zolik badali summasi juda yuqori. Qonunga ko‘ra, majburiy a'zolik belgilandi. Buni qo‘llab-quvvatlamayman, chunki bu soliqqa o‘xshab majburiy qilinishi kerakmas», deydi u.
Tadbirkor Gulbonu Nabiyeva esa Savdo-sanoat palatasi tadbirkorlarga turli masalalarda ko‘maklashuvchi nodavlat tashkilot sifatida biladi.
«Masalan, palata xorijiy tadbirkorlar bilan hamkorlik qilish, huquqlarimizni himoya qilishga yordam beradi. Shuningdek, palata orqali viza olish, uni rasmiylashtirish masalalari sayyohlik firmasidan ko‘ra tez va arzon narxda amalga oshiriladi. Yana bir afzalligi, tadbirkorlar o‘rtasidagi nizolarni mediatsiya yo‘li bilan hal qilib bermoqda. Ushbu tashkilot davlat organlari va tadbirkorlar o‘rtasidagi munosabatda ko‘prik vazifasini bajarish, tadbirkorlarni o‘qitish bo‘yicha faollik ko‘rsatyapti», deb fikr bildirgan Nabiyeva.
Biroq, ayrim tadbirkorlar 10 oktabrda kuchga kirgan qonun va uning mazmunidan bexabar.
Yana suhbatga qaytamiz. Vakillar bilan bo‘lgan uchrashuvda xorijda savdo-sanoat palatasi faoliyati haqida gapirildi. Masalan, Turkiya, Qozog‘iston, Gretsiya va Germaniyada jismoniy yoki yuridik shaxs tadbirkorlik ro‘yxatidan o‘tgan zahoti savdo-sanoat palatasiga a'zo qilinishi ta'minlanadi. Bu bilan barcha tadbirkorlar birday qonun himoyasiga olinadi. A'zolik to‘liq shaklga o‘tib bo‘lgan.
Bizda esa qisman: majburiy va ixtiyoriy a'zolik turlari qo‘llanilmoqda. Palata rahbariyati chet el tajribasini o‘z faoliyatiga to‘lig‘icha tatbiq qilish niyatida. Bunga qanday erishish mumkin? Eng avvalo, Savdo-sanoat palatasi o‘z faoliyatini keng jamoatchilik, ayniqsa, ishbilarmonlarga yetkazishda aniq reja ishlab chiqishi kerak, ya'ni piar bo‘yicha alohida shtat ishlashi lozim. Tadbirkorlarning katta qismi palata haqida deyarli ma'lumotga ega emas. Ular ushbu tashkilot tarkibi (rahbariyat) o‘zgarganini his qilishlari darkor. Kerak bo‘lsa, biznes doira vakillarini bir joyga yig‘ib, maxsus seminar-trening, taqdimotlarni tashkillashtirish, OAV bilan mustahkam aloqalarni yo‘lga qo‘yish nazarda tutilishi lozim. Aynan axborot qobig‘ining paydo bo‘lishi va faoliyat haqida batafsil ma'lumot tarqatishga ham pul kerak, ya'ni masala aylanib a'zolik hamda uning ortidan tushadigan to‘lovga borib taqalmoqda.
Muhabbat Ma'mirova