Markaziy bank raisi: Investorlar daromadi repatriatsiyasiga doir muammolar to‘liq yechimini topgan

Iqtisodiyot 01:53 / 16.11.2018 5923

O‘zbekistonda ilgari investorlar daromadi repatriatsiyasiga doir muammolar bor edi, lekin bugunga kelib ular to‘liq yechimini topdi. Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov VIII Qozog‘iston moliyachilari kongressida shunday bayonot bildirdi, deya xabar beradi kursiv.kz.

Qozog‘iston Milliy banki raisi Doniyor Akishev Mamarizo Nurmurodovga O‘zbekistondagi investorlarga oid bir necha savol bilan murojaat qildi.

“Agar O‘zbekiston yoki Qirg‘izistonning biror banki Qozog‘istonda ishlamoqchi bo‘lsa, umuman olganda, barcha talablarga rioya qilinganda, qonun darajasida hech qanday cheklovlar yo‘q. Biz moliyaviy bozorlarimizning bunday ikki tomonlama sa'y-harakatini qo‘llab-quvvatlaymiz, - deya gap boshladi QR MB raisi. – Biroq shunday bo‘lsa-da, sizga yanada aniq savollar bermoqchiman. O‘ylashimcha, bu bizning biznes va banklarimiz uchun qiziq. Hozir vaziyat qanday? Masalan, valyutani tartibga solish to‘g‘risidagi qonun qachon qabul qilinadi? Valyutani repatriatsiya qilish qanchalik murakkab?

Akishev joriy majburiyatlar bo‘yicha mamlakatlar o‘rtasida konvertatsiyaga erishilganini yodga solib, kapital operatsiyalar bo‘yicha konvertatsiyalar qachon amalga oshishiga qiziqish bildirdi.

“Bu Qozog‘istonda ishlovchi biznes uchun muhim. O‘zbekiston iqtisodiyotiga investitsiyalar kelajakda qanchalik salohiyatli himoyalanadi? Mamlakatlar o‘rtasidagi kapital harakatlanishi haqida qanchalik erkin so‘zlash mumkin bo‘ladi?” – deya  so‘radi u.

“Darhaqiqat, bizda ilgari investor daromadi repatriatsiyasiga oid muammolar bor edi. Ishonch bilan aytishim mumkinki, hozir investorlar daromadi repatriatsiyasiga doir muammolar to‘liq hal bo‘lgan. Valyuta bozorini endigina amalga oshirayotgan vaqtimizda daromadlar repatriatsiyasi bo‘yicha qondirilmagan talablar talaygina bo‘lgan. Biz yirik investorlar bilan bu masalani muhokama qildik, zero o‘tish jarayonida kurs keskin oshdi va biz ikki oy davomida bu masalani to‘liq hal qildik”, - dedi Nurmurodov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, valyuta bozoridan taxminan 800 million dollar repatriatsiya bilan bog‘liq xorijiy mahsulotlarga bo‘lgan talabni  qondirishga yo‘naltirilgan.

“Valyutani tartibga solish to‘g‘risidagi yangi tahrirdagi qonunga keladigan bo‘lsak, biz hozir qonun loyihasini to‘liq tayyorlab qo‘ydik, xalqaro moliyaviy institutlarga, xususan Xalqaro valyuta fondi, Jahon banki va boshqalarga valyutani tartibga solishda qandaydir cheklovlar va limitizatsiyalar bo‘yicha tavsiya berishlari uchun jo‘natdik”, - dedi O‘zbekiston MB raisi.

U kelgusi yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda bank faoliyati bilan bog‘liq uch qonun qabul qilinishini qo‘shimcha qildi.

“Kapital harakatlanishi masalasi ustida o‘ylayapmiz va ishlayapmiz. Kelasi yilning oxiriga borib biz bu masalani hukumat va parlament qarori uchun olib chiqamiz”, - deya umid bag‘ishladi Nurmurodov.

Ko‘proq yangiliklar: