2018 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston-Qozog‘iston o‘rtasidagi o‘zaro savdo aylanmasi 2018 yil shu davrigacha 2 mlrd dollardan oshdi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 40 foizga ko‘p demakdir. 2020 yilga kelib bu raqamni 5 mlrd dollarga yetkazish borasida barcha choralar ko‘riladi. Qozog‘iston Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Asqar Mamin Chimkentda bo‘lib o‘tgan Ⅰ O‘zbekiston-Qozog‘iston mintaqalararo forumi doirasida shunday bayonot berdi, deb xabar qilmoqda KUN.UZ muxbiri.
«Qozog‘istonda O‘zbekiston yili munosabati bilan ko‘plab tadbirlar o‘tkazildi. Mamlakatlarimiz o‘rtasida savdo aylanmasi ko‘rsatkichlari borasida ijobiy o‘sish kuzatilmoqda. Xususan, bu yil ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo aylanmasi 2 mlrd AQSh dollaridan ortiqni tashkil etdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 40 foiz ko‘pdir. Salohiyat bor va biz ishlashda davom etamiz. 2020 yilga kelib biz bu raqamni 5 mlrd dollarga yetkazishga harakat qilamiz», - Asqar Mamin.
15 noyabr kuni Qozog‘istonning Chimkent shahrida Qozog‘istonda O‘zbekiston yili yakunlanishiga bag‘ishlangan yirik anjuman bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston bosh vazirininng birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov rahbarligidagi ikki yuzdan ortiq kishidan tashkil topgan delegatsiya ishtirok etdi. Qolaversa, forum ishini yoritish maqsadida O‘zbekistonning davlat va nodavlat OAV vakillari ham taklif etildi.