AQShdagi Viskonsin universiteti iqtisod magistri va Singapurdagi Nanyangan universiteti matematika bakalavri Behzod Hoshimov xayoliy orol misolida iqtisodiyotimizning o‘ziga xosliklari va ulardan uzoqlashish yo‘llari haqida so‘z yuritadi.
Dunyo xaritasida aholisi sayyoramizning boshqa odamlari kabi yaxshi yashashni xohlaydigan bir orol bor. Ammo bu orolda kishilar dunyodagi o‘rtahol odamlardan ham ancha yomon yashashadi. Agar dunyodagi o‘rtacha odam yiliga o‘n ming dollar ishlab topsa, orolda yashovchilar yiliga o‘rtacha bir yarim ming dollardan kamroq pul topishadi.
Buning ustiga, bu orolda hamma narsa juda qimmat turadi. Bir yarim ming dollarga mahalliy kokosni sotib olib, yeb yurish mumkin, xolos. Yana deng, kokosning ham narxi tinmay oshib turadi va mazasi ham ilgarigiday emas.
Orol ahlining muammolari bir talay: ta'lim sifati past, tibbiyot hammaga ham emas, yo‘llar abgor, korrupsiya, qoloq texnologiya. Bundan tashqari, ijtimoiy muammolar ham yetarli: kamsitish, noteng imkoniyatlar, jinsiy kamsitish, boshqalarning fikr va qarashlarini mutlaqo qabul qilmaslik.
Orolliklar o‘z muammolarini yechish yo‘llari haqida o‘ylab qolishdi va zamonaviy iqtisodchilarga murojaat qilishdi. Olimlar bu masalani o‘rganib chiqishdi va afsuski, taskin bermaydigan xulosaga kelishdi. Teleportatsiyasiz Omadsizlik oroli aholisining o‘rtacha daromad darajasiga yetishi imkonsiz narsa, degan xulosaga kelishdi. Iqtisodchilarning fikricha, orolning asosiy muammosi uning jahon texnologiya markazlaridan uzoqda joylashgani: Nyu-Yorkkacha 112 soat, Sidneygacha 174 soat uchish lozim (orol xayoliy).
Iqtisodchilar samolyot va kema kabi yangi texnologiyalar orolni boshqa qit'alar bilan avvalgiga nisbatan yaxshiroq bog‘lasa-da, transport xarajatlari hamon o‘ta yuqori, degan xulosaga kelishdi.
Orolda ishlab chiqarilgan har qanday mahsulot transport xarajatlari sababli qimmatga tushadi. Ammo bu muammoning yarmi xolos. Iqtisodchilar zamonaviy yetkazib berish zanjiri ixtisoslashganini aytishdi: mahsulotlar ko‘plab mamlakatlarni qamrab olgan uzun zanjir doirasida ishlab chiqariladi. Orol o‘ta uzoqdaligi bois bu zanjirga kirish juda qimmatga tushadi.
Ishlab chiqarish va yetkazib berish zanjiriga ulanish uchun mahsulotlar (va odamlar) chegaradan hech qanday to‘siqlarsiz va doimiy ravishda o‘ta olishlari lozim.
Zero zamonaviy dunyoda hattoki qalam ham sayyoramizning turli joylarida ishlab chiqarilgan mahsulotlardan tayyorlanadi. Yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar, masalan ayfonlar ishlab chiqarish uchun 30 ta davlat xomashyosi va bir necha yuz yetkazib beruvchilardan foydalaniladi. Har qanday mahsulot boshqasi uchun oraliq hisoblanadi, orolda transport xarajati barcha mahsulotlar uchun bir xil bo‘lganligi sababli ishlab chiqarilgan istalgan mahsulot befoydaga aylanadi.
«Dangasalik bizga yot, istaymiz yaxshi hayot»
Albatta, agarda mana shu geografik to‘siqlar bo‘lmaganida orolliklar ko‘plab narsalarni ishlab chiqarishi va foydasiga sotishi mumkin edi. Ammo ular juda kam miqyosda jalb etilgan xorij texnologiyasi va xomashyosidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar bilan cheklanishga majbur. Chunki ular nima ishlab chiqarishmasin, jahon bozorida raqobatbardoshligi pastligicha qoladi. Orol qashshoqligining bor tarixi mana shu: ular nima qilishmasin, ishlari yurishmaydi.
Oroldagi hayot orolliklar xorijga hech narsa sota olishmagani uchungina og‘ir emas. Chetdan mahsulot keltirish ham qimmatga tushadi, shuning uchun aksariyat iste'mol mollari shu yerda ishlab chiqariladi. Albatta, mahalliy mahsulotlar yuqori sifatga ega emas (zamonaviy texnologiyalar va nou-xau yo‘q) va qit'alarda ishlab chiqarilgan ana shunday mahsulotlarga nisbatan qimmat (transport xarajatlari sababli). Shuning uchun orolda hayot darajasi juda past; mahsulotlar qimmat va sifatsiz, aholi esa kam daromad topadi.
Endi bizning voqelik haqida
Aholisi geografik joylashuvi tufayli hayot darajasini yaxshilay olmaydigan orol haqida eshitish qayg‘uli. Ularning judayam omadi kelmagan. Ammo keling, o‘z davlatimiz haqida gaplashaylik. O‘tgan haftada mamlakatlarning biznes yuritish qulayligi ko‘rsatkichlari bo‘yicha Doing Business yillik reytingi chiqdi. «Gazeta.uz» O‘zbekiston o‘tgan yilgi ko‘rsatkichga nisbatan ikki pog‘onaga pastlab, 76-o‘ringa joylashgani haqida yozdi.
Eng e'tiborlisi, xalqaro savdo ko‘rsatkichlari bo‘yicha reytingda biz 165-o‘rindamiz. Taqqoslash uchun: ko‘rsatkichimiz Serra-Leonenikidan sal yaxshi va Somalinikidan sal yomon. Ha, biz 1991 yildan buyon qurolli nizo to‘xtamayotgan Somalidan ko‘ra yomonroq savdo qilamiz.
Qayd etish joiz, bu reyting faqatgina xalqaro savdoning rasmiy normativ-huquqiy sharoitlarini baholaydi. Reyting korrupsiya, «kulrang» (mavhum) bozor va boshqa norasmiy to‘siqlar bilan bog‘liq mashaqqatlarni o‘z ichiga olmagan. Ya'ni reytingda tovarlar eksporti va importi logistikasi uchun faqat ushbu mamlakat normativ hujjatlarida rasman belgilangan vaqt va moliyaviy xarajatlar hisobga olingan.
Tabiiy savol tug‘iladi: qanaqasiga byurokratiya sababli bizda savdo yuritish Somalidagiga nisbatan qiyin bo‘lishi mumkin?
Quyida u yoki bu jarayon uchun qancha vaqt sarflanishini ko‘rsatuvchi jadval berilgan:
Mazkur jadvaldagi ma'lumotlar biz nima uchun reytingda ana shu o‘ringa loyiq ko‘rilganimizni ko‘rsatib beradi. O‘zbekistonda eksport qilishda chegara va bojxona nazorati talablariga rioya qilish uchun 112 soat sarflansa, Qirg‘izistonda 5, Polshada esa 0 soat sarflanadi. Import uchun hujjat rasmiylashtirish vaqti va narxi borasida ham vaziyat ana shunday.
«Biz ataylab shunday qilgan edik»
«Bizning reytingimiz yomon bo‘lishi mumkin, ammo aslida biz iqtisodiyotimizni himoya qilamiz, bizning davlatimiz bilan savdo qilishda to‘siqlarni imkoni boricha murakkablashtirishni o‘ylab topganmiz», deb e'tiroz bildirishingiz mumkin.
Agarda buni to‘g‘ri deb hisoblasangiz, masalan, mamlakat va tashqi dunyo o‘rtasidagi transport kommunikatsiyasini to‘lig‘icha uzib qo‘yib ham xuddi ana shu natijaga erishish mumkin. Umuman olganda hech narsa o‘zgarmaydi: tashqi olam bilan aloqa bo‘lmasa, ko‘plab bojxonachilarsiz ham hozirgi to‘siqlarning o‘zi kifoya qiladi.
Savdoga ma'muriy to‘siq qo‘yishni yoqlaydigan odam bozorga olib boradigan yo‘lni buzib tashlagan odam bilan barobardir.
Mamlakat Omadsizlik oroliga aylanishi va rivojlanishdan to‘xtab qolishi uchun u ummon o‘rtasida bo‘lishi shart emas, oddiygina ishlarni amalga oshirish yetarlidir.
Birinchidan, jarayonlar uzoq va qimmat bo‘lishi uchun savdo borasidagi byurokratiyani imkon boricha qiyinlashtirish (yuqoridagi ikkinchi jadvalga qarang).
Ikkinchidan, eksport bo‘ladimi, import bo‘ladimi, yuqori bojxona tariflarini o‘rnatish. Import va eksport uchun soliq (tarif) simmetrik bo‘ladi: agar eksportga soliq solinsa, import kamayadi, agar import uchun boj olinsa, eksport kamayadi.
Uchinchidan, mamlakatdagi asosiy transport vositalarini monopoliyalashtirish va ularning xizmat narxini qimmat qilish. Monopoliyada tashish narxi yuqori bo‘ladi, uning darajasi monopoliyaning qay darajada kuchli ekanligiga bog‘liq.
Bundan esa, albatta, mamlakat aholisi jabr ko‘radi. Xayoliy Omadsizlik orolida temiryo‘l yoki aviaparvozlar uchun monopoliya yo‘q, u yerda transport geografik joylashuv sababli qimmat. Bu mamlakatda transport monopoliya sababli qimmat bo‘lganichalik ayanchli emas. Ammo iqtisodiy nuqtai nazardan transportning geografik jihatdan yoki monopoliya bois qimmatligi hech qanday ahamiyatga ega emas. Bir narsa aniq: transport qanchalik qimmat bo‘lsa, mamlakat mahsulotining raqobatbardoshligi shunchalik past bo‘ladi. Shunga mos ravishda, aholi turmush darajasini yaxshilash imkoniyati ham kam bo‘ladi.
Yuqoriga parvoz
Agarda odamlarimiz hayoti jahon miqyosidagi o‘rtacha darajaga yetishini, iqtisodiyot hamda uning raqobatbardoshligi o‘sishini istasak, dunyodan ajralib olmasligimiz kerak. Hozirda bizga uchib kelish qimmat, bojxonadan o‘tish uzoq va qimmatga tushadi va savdo qilish o‘ta murakkab.
Jahon kapital va mehnat bozoriga chiqmasdan turib texnologiyalarni o‘zlashtirish va raqobat qilish, oxir-oqibat insonlar turmush darajasini oshirish mumkin emas – xayoliy Omadsizlik orolidagi hayot xuddi shunaqa.
Biz iqtisodiy rivojlanish darajasi bo‘yicha jahonni quvib yetishimiz lozim. Buning uchun esa bor-yo‘g‘i yon-atrofimizga chuqur qazishni to‘xtatsak bo‘ldi. Biz shusiz ham jahon ummoniga hattoki qo‘shnilari ham chiqa olmaydigan deyarli yagona davlatmiz; bizda shusiz ham transport xarajatlari juda qimmat va yangi to‘siqlar yaratishga hojat yo‘q.
Savdoga to‘siq qo‘yish – qit'a bilan bog‘lab turuvchi yagona ko‘prikni buzish degani: bu barcha uchun, ayniqsa «orolliklar» uchun juda yomon.
Behzod Hoshimov,
iqtisodchi, «Buyuk kelajak» ekspert kengashi a'zosi.