O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, Xalqaro biznes va texnologiyalar assotsiatsiyasi, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, «GEN Uzbekistan» hamkorligida «Yoshlar ijod saroyi» da Ikkinchi global tadbirkorlik haftaligining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda qator vazirlik, tashkilot idoralar vakillari, yuqori tajribali tadbirkorlar va faol yoshlar qatnashdi. Haftalik tadbirlar doirasida xorijiy mutaxassislar o‘rtasida biznes loyihalarini ishlab chiqish ustidagi mashg‘ulotlar, mahorat darslari, onlayn ochiq muloqotlar bo‘lib o‘tdi.
Ochilish marosimida xususiy biznes hamda davlat organlari vakillari tomonidan yosh tadbirkorlarga O‘zbekistonda tadbirkorlik ekotizimini yo‘lga qo‘yish, yoshlarni tadbirkorlikka keng jalb etish hamda xalqaro biznes bo‘yicha tajriba almashinuvi maydonini yaratish xususida fikr-mulohazalar yuritildi. Xorijlik ilg‘or tadbirkorlar o‘zaro fikr almashish mobaynida o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, yosh tadbirkorlarga kerakli taklif va tavsiyalarni bergan holda o‘z faoliyatlaridagi muvaffaqiyat sirlarini ochishdi.
«Xorijiy mamlakatlarda ekotizimlarni rivojlantirish bo‘yicha tajriba» mavzusiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. «Ekotizim tadbirkorlikning yo‘lboshchisi» mavzusidagi majlisda Xi Liu Xitoy mamlakati iqtisodiyoti rivojlanish yo‘li haqida so‘z yuritdi.
«Haftalik davomida 50 dan ortiq tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. 30 dan ortiq mamlakatlardan dunyo miqyosida yuqori natijalarga erishgan malakali tadbirkorlar, xalqaro biznes maktablarining o‘qituvchilari ishtirokida davra suhbatlari, seminar-treninglar o‘tkazilmoqda. Tadbirlar davlat idoralari va hukumat vakillari bilan muloqot, O‘zbekistonda tadbirkorlik bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar, sohadagi muhim masalalar, davlat boshqaruv organlarining tadbirkorlikni rivojlantirishdagi ahamiyati bilan uzviy bog‘landi. Haftalikda tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagidagi yoshlar, sohada faoliyat yuritayotgan idora va tashkilotlar, 100 dan ortiq xorijiy investorlar hamda yetakchi biznes vakillari tomonidan Buxoro, Qashqadaryo, Samarqand viloyatlarida uchrashuvlar, mahorat darslari tashkil etiladi. Bu galgi haftalikda ishtirokchilar keng qamrab olindi. Unda Xitoy va Isroil delegatsiyasi ham qatnashyapti», — deydi “Yoshlar – kelajagimiz“ jamg‘armasi ijrochi direktori o‘rinbosari Ilyos Rahimov. — «Tadbirkorlik davlat ravnaqi va millat boyligining asosi» shiori ostidagi haftalikda Oliy ta'lim muassasalariga ham tashriflar uyushtirilib, talabalar bilan suhbatlar tashkil etildi. Bu esa mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash bilan birgalikda, yoshlarni o‘z shaxsiy biznesini tashkil etishda rag‘batlantirish uchun xizmat qiladi.
Global tadbirkorlik haftaligi har yili dunyo bo‘ylab 160 ta mamlakatda o‘tkazilib, mahalliy tadbirkorlik ekotizimini yaratish va rivojlantirishga ko‘mak berish bo‘yicha faoliyat olib boradi. Bu galgi haftalik davomida muvaffaqiyatga erishgan tajribali tadbirkorlar bilan yosh tadbirkorlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik munosabatlari shakllantirilib, ularni yangi g‘oyalarga ilhomlantirish va yoshlar orasida biznes yuritish madaniyatini shakllantirishga alohida e'tibor qaratildi. Mamlakatimizda tadbirkorlik ekotizimini, biznesni rivojlantirishda qo‘l keladigan dunyodagi ilg‘or tajriba va zamonaviy vositalar bilan yoshlarni tanishtirish hamda O‘zbekistonda tadbirkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan takliflar ishlab chiqilib, ular amaliyotga tatbiq etildi.
«Global tadbirkorlik haftaligi O‘zbekiston milliy tadbirkorlik ekotizimi yaratish, mamlakatga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, chet el tadbirkorlarini mamlakatimizda yaratilgan ishbilarmonlik muhiti bilan yaqindan tanishtirish, tadbirkorlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik munosabatlarini mustahkamlash uchun muhim katalizatorga aylanib bormoqda», — deydi O‘zbekiston yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash markazi direktori o‘rinbosari Sanjar Hojimatov.
O‘tgan yilda ilk marotaba o‘tkazilgan Global tadbirkorlik haftaligi tadbirlarida 10 mingdan ortiq ishtirokchilar, 150 dan ortiq mahalliy va xorijiy tadbirkorlar ishtirok etgandi. O‘zbekistonda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirish yuzasidan olib borilayotgan islohotlar e'tirof etilib 2018 yilning 15-19 aprel kunlari Turkiyaning Istanbul shahrida o‘tkazilgan Global tadbirkorlik kongressida 170 ta mamlakatlar ichidan O‘zbekiston «Yil kashfiyoti» sifatida e'tirof etildi.
Haftalikda AQSh, Rossiya, Isroil, Gruziya, Estoniya, Ozarboyjon, Qozog‘iston, Tojikiston kabi davlatlar ekspertlari tomonidan maxsus biznes mashg‘ulotlari, taqdimotlar, mahorat darslari, B2B uchrashuvlari tashkil etilmoqda. Biznes uchrashuvlar va kelishuvlar, tadbirkorlik ekotizimini rivojlantirishga qaratilgan yig‘ilishlar orqali innovatsiya va startaplar, moliya va investitsiyalar, ijtimoiy tadbirkorlik, biznes madaniyati bo‘yicha xalqaro tajribalar almashildi.