Biznesning yangi va samarali turi – mehmon uylari ochish nimasi bilan foydali?

Iqtisodiyot 11:47 / 14.11.2018 16971

O‘zbekiston go‘zal tabiati, shonli tarixi, noyob obidalari va qadamjolari bilan sayyohlar e'tiborini jalb etib kelgan. Qolaversa, o‘zbek xalqi mehmondo‘st. Vazirlar Mahkamasining 2018 yil avgust oyida qabul qilingan oilaviy mehmonxonalarni tashkil etishga oid qarorida ham ayni shu jihatlar e'tiborga olingan.

Qisqa vaqt ichida mamlakat bo‘ylab bu borada sezilarli ishlar amalga oshirildi. Jumladan, Toshkent shahrida bugungi kunda o‘nlab oilaviy mehmon uylari sayyohlarni qabul qilib kelmoqda.

Biz poytaxtning Vosit Vohidov ko‘chasidagi ana shunday oilaviy mehmon uyida bo‘lib, yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdik.

Youtube'da ko‘rish

Mover'da ko‘rish

Tadbirkor Ikramjanovlar oilasi joriy yil yozida mehmonxona ochish uchun barcha zarur ishlarni amalga oshirishgan, kerakli hujjatlarni tayyorlashgan. Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan oilaviy mehmon uylari tashkil etish taklifini olishadi. Oila ko‘p davlatlarda bo‘lganligi, ularning shart-sharoitlaridan xabardorligi uchunmi, turizm rivojiga xizmat qiladigan bu fikrni bajonidil ma'qullashdi. Shunday qilib, oilaviy mehmonxona emas Oilaviy mehmon uyi ochishga muyassar bo‘lishdi.

«Mehmonxona ochishga qaraganda mehmon uyini ochish osonroq ekan. Bu ishni boshlashga hujjatlar juda kam talab etilar ekan. Ariza bilan chiqqaningizdan so‘ng, uni uch kun ichida ko‘rishib, barcha talablarga javob bersa, rasmiylashtirib berishar ekan. Ishimiz yomon emas, izlanyapmiz, o‘rganyapmiz, mehmonlar kelib turishibdi.

Moddiy foyda ko‘ryapmiz. Istaysizmi yo‘qmi, barchasi baribir mablag‘ga borib taqaladi. Kelganlar bekorga mehmon bo‘lib ketishmaydi. Mehmonxonada pul berib yashab ketishsa, bu yerda ham shu. Farqi shundaki, bu yerga kelganlar mehmon uyi oila a'zolari bilan muloqot qiladi, turmush tarzimiz haqida tushunchaga ega bo‘ladi hamda uyda tayyorlangan taomlardan tanovul qiladi.

Buni hech ham qiyin joyi yo‘q, imkoniyatlar bor, shu sabab hamyurtlarimizga ushbu biznesni tavsiya etamiz. O‘zingni uying, hamma narsani bilasan, odatiy mehmon kelib-ketganday harakat qilasan, ishli bo‘lasan, daromad qilasan, oilangning moddiy ta'minoti yaxshilanadi», – deydi Nice mehmon uyi rahbari Farida Ikramjanova.

Farida Ikramjanova

Hovli ozoda. Xushbuy gullar kishi bahru dilini ochadi. Mehmonlarni qabul qilishga shay qilingan xonalar barcha qulayliklarga ega.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga oilaviy mehmon uylari xizmati ko‘rsatuvchi xususiy tadbirkorlar uchun ularning joylashish mintaqasi va toifasiga qarab, mavjud soliqning alohida stavkasini tayinlash to‘g‘risida uch oy muddatda taklif kiritish belgilandi va bu masala bo‘yicha ham imtiyozlar yaratilishi kutilyapti.

Oilaviy mehmon uyini tashkil etish uchun tegishli turar-joyga ega bo‘lgan shaxs oilaviy mehmon uylarini ro‘yxatga olish yagona reyestriga kirish haqida ariza berishi kerak. Mazkur reyestr Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan yuritiladi.

Qo‘mita hujjatlarni olgan kunidan boshlab ularni uch ish kuni davomida ko‘rib chiqadi hamda natijalar yuzasidan dalolatnoma rasmiylashtiradi. Ushbu dalolatnoma asosida uylar yagona reyestrga kiritiladi va reyestrga kiritilgandan so‘ng tegishli xizmatlarni ko‘rsatish mumkin bo‘ladi. Reyestrga kiritish to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqish va ko‘chirma berish uchun to‘lov undirilmaydi.

Reyestr elektron shaklda yuritiladi va Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi rasmiy veb-saytga joylashtiriladi. Reyestr onlayn tartibida yangilab turiladi.

Ko‘proq yangiliklar: