Joriy yilning 12 noyabr kuni Toshkent shahrida «Trastbank» xususiy aksiyadorlik banki va Islom taraqqiyot banki guruhining (ITB) a’zosi bo‘lgan Xalqaro Islom savdo-moliya korporatsiyasi (ITFC) rahbarlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda umumiy qiymati 4 mln. AQSh dollari miqdorida «Savdoni moliyalashtirish liniyasi»ni ajratish bo‘yicha Bitim imzolandi. Bu haqda KUN.UZ’ga Bank Axborot xizmati xabar bermoqda.
Mazkur bitim, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 12 sentabrdagi «Respublika bank tizimini yanada rivojlantirish va barqarorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi hamda 2017 yil 17 dekabrdagi «Xalqaro va xorijiy moliya institutlari bilan hamkorlikning samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorlarida belgilangan mamlakatni jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirishda xalqaro va xorijiy moliya institutlari bilan o‘zaro hamkorlik aloqalarini izchil mustahkamlash borasidagi muhim yo‘nalish bo‘ldi.
Xalqaro Islom savdo-moliya korporatsiyasi (ITFC) tomonidan ajratilgan ushbu liniyaning maqsadi 1 yilgacha bo‘lgan muddatga amal qiladigan savdo operatsiyalarini qo‘llab-quvvatlashdan iborat.
«Bugun imzolangan Bitim kichik biznes korxonalari manfaatlariga muvofiq, savdoni moliyalashtirishdagi yangi yechimlarni izlash jarayonida ikki tashkilot o‘rtasida manfaatli hamkorlik uchun keng imkoniyatlar yaratadi hamda kichik biznesning ichki bozorda samarali va faol rolini oshirishga yordam berib, ularni yirik korxonalar qatoriga qo‘shilishiga, respublikada investitsion loyihalarni amalga oshirishdagi sa’y-harakatlarning qo‘llab-quvvatlanishiga imkon yaratadi», — dedi «Trastbank» xususiy aksiyadorlik banki boshqaruvi raisi Sardor Normuhamedov.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 9 iyulida «Trastbank» xususiy aksiyadorlik banki va Xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha Islom korporatsiyasi (XSRIK) o‘rtasida moliyalashtirish liniyasini ajratish to‘g‘risidagi Bitimi imzolangan.