Samsung kompaniyasining ishlab chiqaruvchilarga mo‘ljallangan taqdimotida ikkiga buklanuvchi smartfon bilan birga yirik ekranli qurilmalarda foydalanishga mo‘ljallangan One UI interfeysi ham namoyish etildi.
Yangi interfeys ikki qismga ajratilgan: Viewing Area - “tomosha qilish sohasi” - displeyning yuqori qismida (barcha muhim ma'lumotlar unda aks etadi) va Interaction Area – “o‘zaro ta'sir doirasi” displeyning pastki qismida.
Shuningdek Samsung belgilar va yoqish-o‘chirish tugmalarning tashqi ko‘rinishini o‘zgartirdi hamda ko‘p elementlar burchaklarini smartfondan bir qo‘lda foydalanib, bosish uchun yanada qulay qildi.
Kompaniyada ma'lum qilinishicha, One UI interfeysi foydalanuvchiga diqqatni jamlash imkonini taqdim etib, chalg‘ituvchi omillardan xalos qilish maqsadida ishlab chiqilgan.
One UI interfeysini qo‘llab-quvvatlovchi Android 9 Pie beta-versiyasidan shu oy oxiriga yaqin AQSh, Germaniya va Janubiy Koreyada, keyinroq – Yevropa va Osiyoning boshqa mamlakatlarida foydalanish mumkin. Galaxy S9, S9 Plus va Note9 uchun One UI relizi 2019 yilning yanvariga mo‘ljallangan.