Soliq siyosatida eng muhim narsa, bu soliq solish jarayonida barqarorlikning mavjudligi, ya'ni uning o‘zgarmasligini ta'minlashdir. 20 foizlik qo‘shimcha qiymat solig‘ini pasaytirish masalasini esa, vaqt ko‘rsatadi. O‘zbekiston Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov “Joriy iqtisodiy vaziyat va 2019 yilgi asosiy iqtisodiy vazifalar” mavzusida tashkil etilgan ko‘rsatuvda KUN.UZ muxbiri savoliga qo‘shimcha qilar ekan, shunday fikrlarni bildirdi.
“Soliq siyosatida eng muhim narsa, barqarorlikdir. Ya'ni, tadbirkorga soliqning o‘zgarmasligi muhim. Soliq to‘lovchi hech qachon soliqni kam demaydi, soliq yig‘uvchi ko‘p demaydi. Shu nuqtai nazardan 20 foizlik qo‘shimcha qiymat solig‘i kamaytiriladimi, degan savolga aytish mumkinki, biz bu jarayonni endi boshlayapmiz. Uning natijalarini ko‘rganimiz yo‘q. Yangi soliq to‘lovchilar paydo bo‘lyapti.
Endilikda, soliqlar qonun bilan belgilanadi, har yili davlat byudjyeti qabul qilinganida yangi soliq stavkasi qo‘shilmaydi. Unisi yoki bunisini o‘zgartirish, ko‘tarish-tushirish bo‘lmaydi. Tadbirkorlik uchun muhim jihatlari shu, menimcha. Vaqti kelib, iqtisodiyotning rivojiga qarab, 20 foiz qo‘shimcha qiymat solig‘i ham qayta ko‘rib chiqilishi mumkin. Buni vaqt ko‘rsatadi. Lekin, hozircha, biz islohotni boshlamasdan turib, qo‘shimcha qiymat solig‘ini pasaytirish masalasida o‘ylash noto‘g‘ri bo‘ladi”, - dedi Mamarizo Nurmuratov.