Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekistonga ikki yil doimiy maslahat beradi - Jamshid Qo‘chqorov 

Iqtisodiyot 16:25 / 09.11.2018 9425

Xalqaro valyuta jamg‘armasi 2019-2020 yillarda O‘zbekistonga islohotlarni amalga oshirish bo‘yicha doimiy maslahatlar beradi. Soliq kodeksiga esa, mamlakatdagi soliqlarning har biri turini izohlab beruvchi matnlar kiritiladi. O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari – moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov KUN.UZ muxbirining savoliga javob berar ekan, shu haqda ma'lum qildi. 

“Joriy iqtisodiy vaziyat va 2019 yilgi asosiy iqtisodiy vazifalar” mavzusida tashkil etilgan ko‘rsatuvda ishtirok etgan KUN.UZ muxbiri spikerlarga bir necha savol bilan murojaat qildi. Ularga Bosh vazir o‘rinbosari – moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov quyidagicha javob berdi. 

Savol: O‘zbekistonga xorijiy investitsiyalarni jalb etishni faollashtirish xususida gap borganda, xususiy mulkni qanchalik himoya qilinishiga e'tibor qaratiladi. Biroq, ayrim hollarda, xususiy mulk, jumladan tadbirkorlarga qarashli mol-mulkni sudsiz, alohida bir topshiriqlar bilan buzish holatlari yoki ularni davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish holatlari uchrab turibdi. Savol shundan iboratki, O‘zbekistonda xususiy mulkni yetarli darajada qanday himoya qilish mumkin?

Jamshid Qo‘chqorov: Sarmoyadorlarning mol-mulkini himoya qilish borasida qator hujjatlar qabul qilingan. Haqiqatan ham bu masalada kamchiliklar bor edi. Ya'ni, ular o‘sha joyda qurilish ishlarini olib borish bo‘yicha mol-mulklarni davlat va jamoat ehtiyojlariga olish holatlari kuzatilayotgan edi. Men bu masalaning iqtisodiy jihatini aytib o‘taman. Mana yaqinda maxsus qaror imzolandi. Endilikda, biror bir xususiy yoki shaxsiy mulkka har qanday ko‘rinishda zarar yetkaziladigan bo‘lsa, yoxud davlat va jamoat ehtiyojlariga olinadigan bo‘lsa, dastavval yetkazilgan zararni to‘lab berishimiz kerak. 

Umuman, xususiy mulkni himoya qilish masalasi doim dolzarb bo‘lib kelgan. Ko‘plab davlatlarda ham bu dolzarb masala. Respublika rahbariyatining esa, bu boradagi – pozitsiyasi qat'iy: huquqiy mulkdorni himoya qilish, uning manfaatlarini qo‘llab-quvvatlashdir. 

Savol: Soliq islohotlari davom ettiriladimi? Qo‘shimcha qiymat solig‘i 20 foiz sifatida belgilangan. Kelgusida bu miqdor kamaytiriladimi? 

Jamshid Qo‘chqorov: Qo‘shimcha qiymat soliq miqdorini keyingi yilgacha 20 foiz miqdorida saqlab qoldik. BU soliqni o‘zgartirish bo‘yicha muhokamalar qilinayotgani yo‘q. Endi umuman soliq islohotlari haqida qisqacha fikrlarimni bildirmoqchiman. 

Boshlanayotgan soliq islohotlari 2-3 yilga mo‘ljallangan jarayon. Soliq tizimimiz umuman boshqacha, tubdan boshqacha bo‘lishi kerak. Soliq tizimi odamlarning yoki korxonalarning  pulini majburan terib oladigan emas, balki ularga xizmat qiladigan tashkilotga aylanishi kerak. Ta'bir joiz bo‘lsa, u yerda barcha xodimlarni butunlay almashtirib qo‘ygandek taassurot uyg‘otishi kerak. 

Bu jarayonning uzoqligi shundan iboratki, har bir soliq turi bo‘yicha Soliq kodeksida qismlar bo‘ladi. Keyingi yildan Xalqaro valyuta jamg‘armasi ikki yil mobaynida O‘zbekistonga doimiy konsultatsiya beradi. Jahon banki ham bu borada O‘zbekistonga katta yordam bermoqda. Umuman olganda, men fursatdan foydalanib, Soliq konsepsiyasini ishlab chiqishda yaqindan yordam berayotgan Xalqaro valyuta jamg‘armasi hamda Jahon banki mutaxassislariga minnatdorchilik bildiraman. 

Bir so‘z bilan aytganda, bu borada Prezident tomonidan soliqqa tortish borasida hal qiluvchi qaror qabul qilindi, ya'ni nomaqbul bo‘lganlari bekor qilindi, ayrim stavkalar pasaytirildi. Endi ularning har birining metodikasi, metodologiyasi bo‘lishi kerak. Shu boisdan ham bu islohot kamida 3 yilga mo‘ljallangan og‘ir mehnatni anglatadi. 

Ko‘proq yangiliklar: