Joriy yilda qishloq xo‘jaligida o‘tkazilgan islohotlarning samarasi o‘laroq, boqimanda qarzdorlik, debitor-kreditor qarzdorlik hajmi pasaygan. Bosh vazir o‘rinbosari, Moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov o‘tgan 2 yilda iqtisodiyotda olib borilayotgan islohotlar natijalari xususida so‘z yuritar ekan, ularning ijobiy natijasi joriy va kelgusi yil yakunida ko‘zga tashlana boshlashini bildirdi. Bu haqda KUN.UZ muxbiri xabar qilmoqda.
“Joriy yilda amalga oshirilgan iqtisodiy islohotlar haqida gapiradigan bo‘lsak, ularni qisqacha yodga olish maqsadga muvofiq bo‘lar edi. O‘tgan yil sentabrda valyuta liberalizatsiyasiga erishildi. Bu yildan qishloq xo‘jaligida islohotlar boshlanib, paxta va g‘alla xarid narxlari sezilarli yuqori darajada oshirildi. Non narxi erkinlashtirildi. Qolaversa, noyabrning 15-sanasidan boshlab, energiya resurslarining narxlari oshirilyapti.
Shulardan kelib chiqib, islohotlar natijalarining ayrimlari bu yil yakunida, ba'zilari kelgusi yili o‘z samarasini ko‘rsatadi.
Misol uchun, qishloq xo‘jaligida narx-navo siyosatining ijobiy tomonga keskin o‘zgarishi haqida gapiradigan bo‘lsak, avvalambor, bu iqtisodiyotda hisob-kitoblar intizomining yaxshilanishiga olib keldi, korxonalarning boqimanda qarzdorligini kamayishiga asos bo‘ldi. Debitor-kreditor qarzdorlik ko‘rsatkichlari pasaydi. Bu umuman mahalliy va davlat byudjyeti ijrosini ijobiy ta'minlash imkonini berdi”, deb hisoblamoqda Moliya vaziri.