XVJ: O‘zbekistonning hozirgi soliq tizimi ish o‘rni tashkil etgan kompaniyalarni “jazolaydi”

Iqtisodiyot 22:12 / 08.11.2018 31096

O‘zbekistonda soliq islohotlarining o‘tkazilishi juda ahamiyatlidir va asosiy islohotlardan biri hisoblanadi. Chunki, hozirgi soliq tizimi yangi ish o‘rni barpo etuvchi kompaniyalarni “jazolash” mohiyatiga ega. Xalqaro valyuta jamg‘armasining Yaqin sharq va Markaziy Osiyo departamenti direktori maslahatchisi Albert Eger O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar xususida fikr bildirar ekan, shunday bayonot berdi. 

U Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekiston hukumati qisqa fursatda juda katta islohotlarni amalga oshirganidan hayratda ekanini yashirmadi. Eger O‘zbekistonda katta islohotlar amalga oshirilayotganini qayd etar ekan, ulardan 3ta asosiy islohotni qayd etib o‘tish mumkinligini bildirdi:

-  Valyuta liberalizatsiyasi. Nihoyat mamlakatning milliy valyutasining xorijiy valyutalarga erkin konvertatsiyasi ta'minlandi. Bu islohot juda murakkab vazifa bo‘lib, ayrim davlatlar katta qiyinchiliklarni boshdan kechiradi. O‘zbekiston hukumati bu islohotni katta muvaffaqiyat bilan o‘tkazdiki, bugungi kunga kelib, ko‘pchilik 2017 yil sentabridan avval so‘mning davlat va qora bozor kursi o‘rtasida katta tafovut bo‘lganini yoddan chiqarib bo‘lgan, deyish mumkin.

-  Soliq islohoti ikkinchi muhim islohotdir. Soliq islohoti mamlakat uchun juda muhimdir. Ayniqsa, hozirgi soliq tizimi ish o‘rni barpo qilgan kompaniyalarni “jazolashi” nuqtai nazaridan olib qaraganda ahamiyatlidir. Qolaversa, soliq tizimida ham juda ko‘p soliq turlari bor edi. Shu sababli, bu islohot ahamiyati borasida savol tug‘ilishi mumkin emas. Biroq kelajakda katta sa'y-harakatlar amalga oshirilishi talab etiladi. 

-  Uchinchi muhim islohot – bu statistika ma'lumotlarining shaffofligini ta'minlash bilan bog‘liq bo‘ldi. Yodingizda bo‘lsa, atigi bir yil avval, statistika ma'lumotlari maxfiy edi. Ayrim ma'lumotlar esa, tushunish qiyin bo‘lgan sur'atda e'lon qilinar edi. Bugungi kunda, bu borada boshqacha vaziyat ko‘zga tashlanadi. Istagan kishi Statistika qo‘mitasining saytiga kirib, har qanday iqtisodiy va moliyaviy ma'lumotlar bilan tanisha oladi, yuklab olishi mumkin. 

Shunga qaramay, xalqaro ekspert, statistik ma'lumotlar borasida kelgusida katta ishlar qilinishi zarurligi, yanada takomillashi kerakligini ta'kidladi. 

Ko‘proq yangiliklar: