2000 yil arafasi. Yangi eraga ilk qadamlar qo‘yilayotgan payt. Dunyoda iqtisodiyoti eng baquvvat davlatlarning o‘nligiga yangi o‘yinchi – Xitoy ham qo‘shildi. Hatto shu holat ham buyuk davlatlar tomonidan Chin yurtiga jiddiy qarashga asos bo‘lmadi. Ammo keyingi 10-15 yilda hammasi o‘zgarib ketdi. Xitoy o‘nlik a'zolarini birin-ketin ortda qoldirib, ikkinchi o‘ringa mustahkam o‘rnashib oldi va endi faqat AQShdan ortda qolmoqda. Ko‘pchilik mutaxassislarning fikricha, birinchilik ham ko‘p kuttirmaydi.
Xitoy buyuk tarixga ega. Ehromlari bilan mashhur Misrning gullab yashnagan paytida ham Xitoy bor edi, Rim, turk imperiyalari davrida ham, sovetlar ittifoqi qudratga kirganda ham Xitoy bo‘lgan. Ammo ko‘hna tarix bilan milliarddan ortiq aholini boqib bo‘lmaydi. O‘tgan asrning yarmiga kelib dunyo iqtisodiyoti tiklanayotgan paytda Xitoy avval Yapon imperiyasi zulmidan ezildi, keyin tuzumlar almashib, do‘st ko‘ringan ittifoq bilan yovlashib ko‘rdi. Kommunizm quloch yozishi, siyosatda katta o‘zgarishlarga qaramay iqtisod o‘ta nochor edi. Yangi tuzum «katta sakrash» siyosatini olib borayotgan, osmondagi yulduzlarni ko‘zlayotgan 1959-1961 yillarning o‘zida hosildorlik 30 foizga pasaydi, ochlikdan halok bo‘lganlar soni turli ma'lumotlarga ko‘ra 20-35 million kishidan ortdi.
Shunga qaramay mamlakat boshqaruvida bo‘lgan Mao Tszedunning hokimiyatiga putur yetmadi, aksincha u keyinchalik, hatto hozirgi kunga kelib ham zamonaviy Xitoyning asoschisi, aqlli dohiy sifatida ulug‘lanishda davom etdi. Bugungi kunda Xitoy rahbariyati Maoning siyosatini 70 foiz to‘g‘ri, 30 foiz o‘sha davrdagi vaziyatdan kelib chiqqan xatolar deya hisoblaydi va uning shaxsiyatiga nisbatan qoralashlarning oldini oladi.
Xullas, Xitoy uzoq yillarni faqat ochlikni yengishgagina sarfladi va ulkan aholisiga qaramay hech kim bu davlatni o‘ziga jiddiy raqib sifatida ko‘rmadi. Ammo so‘nggi 40 yilda barchasi o‘zgarib ketdi – umumiqtisodiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha Xitoy Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya va ikkinchilikning mutlaq egasi sifatida qaraladigan Yaponiyani ham ortda qoldirib ketdi. Nafaqat davlat boyidi, balki 700 million odam qashshoqlikdan qutqarildi. Xitoy 1990-yillardagi Osiyodagi inqiroz, 2007 yildagi jahon moliyaviy inqirozidan ham aytarli zararlarsiz chiqdi va deyarli 20 yil davomida 7-12 foizlik o‘sishni qayd etib bordi. Hech bir yirik davlat qisqa muddatda bunday ko‘rsatkichlarga erisha olmagan.
Xo‘sh, bu mo‘'jizaning siri nimada?
1. Xitoyliklar
Uzoq yillar Xitoy ulkan aholi resurslari ortidan arzon ishchi kuchi manbai bo‘lib keldi. Haligacha ko‘pchilikning fikricha xitoylik hech bo‘lmasa o‘rta ma'lumotga ega bo‘lmagan, arzimagan pulga qanoat qilib ishlayveradigan, o‘zi tashabbus ko‘rsatmay buyurilgan ishni quloq qoqmay bajaradigan ishchi hisoblanadi. Lekin bugungi kunda aslo unday emas. Hozir xitoylik ishchining bahosi juda ko‘pchilik davlatlardagi ishchilardan yuqori. U zamonaviy texnologiyalarni yaxshi tushunadi, har qanday ishni tez o‘rganadi, injiq emas va eng muhimi nihoyatda mehnatkash. Ko‘pchilik xitoyliklar tongda soat 5:00da uyg‘onib, yarim tunga qadar ishlashni odatiy hol sifatida qarashadi.
2. Partiya va xalq hamjihat
Xitoyda kommunistik partiya hukmron. Bu yerda mantiq buzilgandek – axir kommunizm g‘oyasi zamonaviy dunyoda yashab qolishga qodir emas, bozor iqtisodiyoti tamoyillariga zid mafkura tuyiladi. Ammo Xitoyda buning ham uddasidan chiqishgan. Kompartiya har qanday sohani nazorat qilgani holda erkin bozor tizimiga keng yo‘l ochib bergan. Bu holat «Xitoydagi o‘ziga xos sotsializm» deb ataladi va dunyoning biror davlatida uchramaydi. Sababi o‘z vaqtida sotsializm o‘chog‘i bo‘lgan ittifoq, Kuba kabi davlatlar siyosiy tizimni o‘zgartirmagan holda iqtisodiyotni yangi yo‘sinda rivojlantirishga harakat qilishgan. Ammo iqtisod ham, siyosat ham barbod bo‘lgan.
Hozirgi kunda Xitoy rahbariyatining bir xil yo‘nalishda davom etishi, ortiqcha va tushunarsiz saylovlarsiz hukumat almashinuvi xorijiy investorlarni cho‘chitmaydi, aksincha ularni jalb qiladi. Chunki har qanday investor o‘z mablag‘i taqdirini o‘ylaydi. Xitoydagi siyosiy barqarorlik uning saqlanishini kafolatlaydi.
3. Korrupsiyaga qarshi murosasizlik
Rivojlangani sari Xitoy nihoyatda jiddiy muammo bilan kurashishiga duch keldi. Albatta, korrupsiya Xitoyda hamisha bo‘lgan, bor va katta ehtimol bilan bundan keyin ham bo‘ladi. Ammo boylik miqdori ortgani sari uning ko‘lami keskin ortib ketdi. Kechagi xalq xizmatiga bosh eggan kattayu-kichik rahbarlar tuppa-tuzuk poraxo‘rga aylana borishdi. Xitoy hukumati bunga qarshi oddiy va samarali chorani qo‘lladi – odatda otuv shaklidagi shafqatsiz jazo. O‘n minglab yuqori darajadagi amaldorlarning boshiga o‘q joylangan, yuz minglabi umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan bo‘lsa-da, bu uslubdan voz kechilmadi. Hozir ham Xitoy qatlni eng ko‘p amalga oshiruvchi davlatlardan biri hisoblanadi.
4. Bozor evaziga texnologiya
Xitoyning 1,5 milliarddan ortiq aholisi har qanday ishlab chiqaruvchi-yu xizmat ko‘rsatuvchini ohanraboday tortmay qolmaydi. Ammo chek-chegarasi yo‘q bu bozor imkoniyatlaridan foydalanishning qat'iy shartlari bor. Yirik korporatsiyalar Xitoy bozoriga kirish uchun ishlab chiqarishning hech bo‘lmasa bir qismini shu davlatga ko‘chirishi va o‘z texnologik sirlari bilan bo‘lishishlari shart. Aks holda eshiklar yopiladi. Dastlab majburlikdan bu shartlarga rozi bo‘lganlar hozir o‘z ixtiyorlari bilan ishlab chiqarishlarini ko‘chirmoqdalar. Masalan, Apple korporatsiyasi ishlab chiqarishni deyarli to‘liq Xitoyga ko‘chirgan, asosiy texnologiyalari ham shu davlatda qo‘llaniladi. Hozirda Xitoyda 70dan ortiq yirik iqtisodiy-texnologik hududlar faoliyat yuritadi.
Bu holatni quyidagi misol bilan tushuntirish mumkin. Apple faoliyati bilan tanishayotgan AQSh prezidenti Barak Obama hamda kompaniya rahbari Stiv Jobs o‘rtasida shunday suhbat bo‘lib o‘tgan (mazmunan yozilmoqda):
– Nega ishlab chiqarishni AQShga qaytarmaysizlar? Axir biz ham Xitoy hukumati taklif qilayotgan imtiyozlarni berishga tayyormiz-ku.
– Janob prezident, gap faqat arzon ishchi kuchida emas. Mahsulotlarimizning ko‘plab qismlarini biz Xitoyning o‘zidan xarid qilamiz. Ularni tashib keltirish qimmatga tushadi. Xitoyda butun bir shaharlar biz kabi kompaniyalarning ishlab chiqarishiga moslashgan. Masalan Shenchjen shahridagi Foxconn zavodida milliondan ortiq xitoylik ishchilar ishlashadi va ularning chorak qismi faqat iPhone yig‘ish bilan shug‘ullanadi. Ular sutkasiga 12-14 soat ishlashga tayyorlar.
Bu hali hammasi emas. Ishlab chiqarish hajmi keskin oshgan paytlarda biz ikki-uch hafta ichida 2-3 ming nafar muhandis, 10-15 ming nafar ishchini ishga qabul qilishimiz zarur, yo‘qsa buyurtmalarga ulgurmaymiz. Xitoyda bu muammo tug‘dirmaydi. Ammo hozircha AQShning biror shahri ishchi yetkazish hajmi bo‘yicha bunday salohiyatga ega emas.
5. Arzon yuan
Ko‘pchilik davlatlarda milliy valyuta qadri uchun kurashilsa, Xitoy o‘z yuani qadri oshib ketmasligi uchun barcha choralarni ko‘radi. Chunki aynan mana shu uslub eksportni qo‘llab-quvvatlashda katta rol o‘ynaydi. O‘zaro savdo qiluvchi davlatlar Xitoyning bu chorasidan shikoyat qilishsa-da, bu siyosat o‘zgartirilmaydi.
6. Made in China
Xitoy xomashyo xarid qilib, tayyor mahsulot ishlab chiqarishga eng kuchli ixtisoslashgan davlat.
Shu o‘rinda bir latifa yodga tushadi:
– Dunyoda eng ko‘p yoziladigan uch so‘zli jumlani ayt-chi?
– «Men seni sevaman».
– Adashding. Made in China!
Hozir Xitoy ishlab chiqarmayotgan biror mahsulot yo‘q. Hatto o‘zida ishlab chiqarilgan fazoviy raketani uchirishga ham ulgurdi. Hanuzgacha ko‘pchilik Xitoy mahsulotini sifatsiz deb qaraydi. Bu mutlaqo noto‘g‘ri. Chin davlati ishlab chiqaruvchilari har qanday cho‘ntakka mos mahsulot ishlab chiqaradilar. Rivojlanayotgan davlatlar esa eng arzonini olib kirib sotishga harakat qiladilar va tabiiyki shunday fikr shakllanadi. Sifatli mahsulotlar ham juda ko‘p, faqat ko‘proq to‘lash kerak.
Kechagina qo‘l mehnati bilan ochlikdan qutulgan, boshqa davlatlarning texnologiyalari yordamida ishlab chiqarishini yo‘lga qo‘ygan Xitoyning o‘zi bugun butun dunyoga yuqori texnologiyalar sotmoqda.
7. Iste'molchilar ummoni
Ochlik va qashshoqlikni unutgan yuzlab million xitoyliklar bugun katta iste'molchilarga aylanishgan. Hozir Xitoy qimmatbaho mahsulotlarning eng yirik bozori nomini AQSh bilan talashmoqda. Ichki bozorning yildan-yilga kengayib borishi ham Xitoy iqtisodiyotining rivojlanishiga ko‘mak bo‘lmoqda.
Qiziq fakt: 2017 yil yakunidagi ma'lumotlarga ko‘ra Xitoyda boyligi 1,5 million dollardan ortgan 1,5 million nafardan ortiq millioner va 1000 nafarga yaqin milliarder mavjud. Ularning umumiy boyligi 25 trillion AQSh dollaridan oshiq.
Xitoy iqtisodiyotining so‘nggi yillarda o‘sib borishi va boshqa davlatlarni ortda qoldirishi quyidagi videolavhada aniq va tushunarli tasvirlangan:
Abror Zohidov