Xorazm viloyati hokimligida O‘zbekiston investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Sunnatulla Bekenov va Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov Malayziyaning Serba Dinamik kompaniyasi vitse-prezidenti Palendran Palachandran bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida Malayziya kompaniyasining Xazorasp EIZda kaustik soda ishlab chiqarish bo‘yicha qiymati 250 mln dollarlik investitsion loyihasini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Palachandranning bildirishicha, dekabr oyida mazkur loyihani amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv va 2019 yil aprelda investitsion kelishuv imzolanadi. Loyihani amalga oshirish muddati investitsion kelishuv imzolangan kundan boshlab 18 oyni tashkil etadi.
Kompaniyadagilarning xabar berishicha, loyiha qiymati 250 mln dollarni tashkil etadi, 120ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Ishlab chiqarilgan barcha mahsulot eksportga mo‘ljallanadi.
Kaustik sodani ishlab chiqarishdan keyingi sanoat chiqindisi bo‘lgan xlor Shimoliy Afrika mamlakatlariga eksport qilinadi.
Serba Dinamik kompaniyasi neft-gaz va energetika sanoatiga texnologik qurilmalar yetkazib berish va injyenerlik xizmatlari ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi. Kompaniya Indoneziya, Saudiya Arabistoni, BAA, Buyuk Britaniyada faoliyat olib boradi.
Kompaniyaning Malayziya bozoridagi hajmi 1 mlrd dollarga yaqin bo‘lib, xodimlari soni 1,5 mingdan oshadi.