Soliq siyosati yo‘nalishlari ma'lum qilindi: 2019 yildan 1 mlrd so‘m soliq to‘layotgan kompaniya 850 mln so‘m to‘laydi  

Iqtisodiyot 10:10 / 06.11.2018 38290

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi 2019 yilgi davlat byudjyeti parametrlarini tasdiqladi. Unda kelgusi yilda davlat soliq siyosatining asosiy yo‘nalishlariga ham oydinlik kiritilgan. Xususan, belgilanishicha, soliq islohotlari samarasi o‘laroq, jismoniy va yuridik shaxslar, tadbirkorlik sub'yektlarining daromadi sezilarli oshadi, biznes o‘z faoliyatini legallashtirishi davom etadi, “konvert”da oylik maosh berish amaliyoti barham topishi kutilmoqda. Bu haqda Moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov OAV vakillari bilan uchrashuvda ma'lum qildi.

Dilshod Sultonov

1.  Jismoniy shaxslar daromadini soliqqa tortishni takomillashtirish maqsadida, barcha fuqarolar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining yagona stavkasi 12 foiz miqdorida joriy etilmoqda. Ilgari, aholi daromadlari to‘rt pog‘onali shkala bilan soliqqa tortilar edi. Yangi tadbir, “konvert” asosida ish haqi to‘lashdan voz kechishga, shu bilan birga tadbirkorlik sub'yektlarining xodimlar soni va ish haqi fondini qonuniylashtirishiga rag‘bat uyg‘otadi hamda iqtisodiyotda jamg‘arish ulushini ko‘paytiradi.

2.  Mehnatga haq to‘lash jamg‘armasiga soliq yukini kamaytirishning yana bir tadbiri, bu – yagona ijtimoiy to‘lov stavkalarining 25 foizdan 12 foizgacha kamaytirilishi bo‘ldi. Ta'kidlash o‘rinliki, bu qoida byudjyet tashkilotlari va davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan tashkilotlar uchun tatbiq qilinmaydi. Ushbu taklifdan soliq to‘lovchilar ixtiyorida qoladigan mablag‘lar 2,9 trln so‘mni tashkil qiladi.

3.  Fuqarolarning daromadlaridan Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badalini (8 foiz) to‘lash amaliyoti bekor qilinadi. Misol uchun, maktabgacha ta'lim muassasasi tarbiyachisiga 1 908 ming so‘m ish haqi hisoblansa, soliqlar va to‘lovlar ushlab qolinganidan so‘ng 1520 ming so‘m qo‘liga oladigan bo‘lsa, yanagi yildan boshlab 1680 ming so‘m olishni boshlaydi.

4.  Foyda solig‘i to‘lovchilariga soliq yukini kamaytirish, investitsiyalar miqdorini oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida:

tijorat banklari uchun foyda solig‘i stavkasi 22 foizdan 20gacha;
korxona va tashkilotlar uchun – 14dan 12gacha;
dividend va foiz ko‘rinishidagi daromadlar uchun – 10dan 5gacha kamaytiriladi.

Bu tadbirlar soliq to‘lovchilar ixtiyorida 582 mlrd so‘m qoldirish imkonini beradi.
Misol uchun, 1 mlrd so‘m soliq to‘laydigan korxona keyingi yilda 850 mln so‘m soliq to‘lay boshlaydi, sof foydasi esa 150 mln so‘mga ko‘payadi.

5.  Bundan tashqari, yuridik shaxslarning aylanma mablag‘idan undiriladigan davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalar ham bekor qilinmoqda. Bu ajratma 15 foiz rentabellik bilan ishlaydigan korxona uchun 21,3 foizlik foyda solig‘i bilan tengdir. Demak, foyda solig‘i stavkasi bilan birga umumiy soliq yukining kamayishi qariyb 23,5 foizni tashkil qiladi. Respublika bo‘yicha soliq to‘lovchilarining mana shu tadbir hisobiga ko‘radigan foydasi 5 trln so‘mdan ortiqni tashkil qiladi.

6.  Shuningdek, soliq siyosatini takomillashtirishning soliq to‘lovchilarga salbiy ta'sirini kamaytirish maqsadida, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkasini 5 foizdan 2 foizgacha pasaytirish taklif qilinmoqda. Bu 1,2 trln so‘m soliq to‘lovchilar yonida qolishini anglatadi. 

7.   Yillik aylanmasi 1 mlrd so‘mgacha bo‘lgan mikrofirma va kichik korxonalar uchun yagona soliq to‘lovi stavkasi 5 foizdan 4 foizgacha kamaytirilmoqda. Ya'ni haqiqatan ham kichik korxona bo‘lgan to‘lovchilar uchun bir yillik soliq to‘lov summasi 10 mln so‘mgacha kamayishi mumkin.

8.  Yillik aylanmasi 100 mln.so‘mgacha bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qat'iy belgilangan soliq stavkalari 13-40 foizga kamaytiriladi. Yillik aylanmasi 100 mln so‘mdan yuqori va 1 mlrd so‘mgacha bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlarga qat'iy belgilangan soliq bekor qilinadi. Ular ham aylanma mablag‘idan 4 foizlik stavkada soliq to‘lay boshlashadi.

Ko‘proq yangiliklar: