O‘zbekistonda 800 ming kishi 1-toifa bo‘yicha maosh oladi, bu 456 ming so‘m demakdir. 2019 yil 1 yanvardan O‘zbekistonda dastlabki 3 toifa bo‘yicha byudjyet tashkilotlaridan oylik maosh oluvchilarning ish haqlari 5-15 foizga oshiriladi. Moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov OAV vakillari bilan muloqotda shu haqda so‘z yuritdi.
“2019 yil 1 yanvaridan byudjyet tashkilotlarida 1-toifa bo‘yicha (456 ming so‘m) maosh oluvchilarning ish haqi 15 foizga, 2-toifaga kiruvchilar (502 ming so‘m) ish haqi 10 foiz, 3-toifa bo‘yicha (552 ming so‘m) maosh oluvchilarning oylik maoshlari 5 foizga oshiriladi. Byudjyet tashkilotlarida shu 3ta toifada maosh oluvchilar soni 370 ming kishini tashkil etadi”, - dedi vazir o‘rinbosari.
Biroq, uning taassuf bildirishicha, O‘zbekiston iqtisodiyotida 1-toifa maosh oluvchilar soni 800 mingga yaqin. Ular orasida farroshlardan tortib, yirik restoranlarning bosh oshpazlari, mashhur do‘konlarning sotuvchilari, qo‘shma korxonalar direktorlari ham bor. “Qolganini konvertda beradimi, qanaqa qilib to‘lashi o‘zlariga ayon”, - dedi Sultonov.
“To‘g‘ri, tan olamiz, ish haqi yuklamasi juda yuqori bo‘lgan. Soliqlar baland bo‘lgan. Zo‘r oshpaz, chet elga borsa 3 ming dollar ish haqi oladi, bu yerda 500 ming so‘m yoziladi. Shuning uchun, yangi yildan biznes ish haqlarini oshirishi kerak. Ular ish haqi bilan jarayonni legallashtirishini kutamiz”, - dedi Moliya vaziri o‘rinbosari.