2018 yilda davlat byudjyeti xarajatlari o‘tgan yilga nisbatan 60 foizga oshdi

Iqtisodiyot 12:21 / 05.11.2018 8545

Davlat byudjyeti daromadlarini ko‘paytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tadbirlarning samarasi o‘laroq, byudjyet xarajatlarini 2017 yilga nisbatan 60 foizga yoki 29,2 trln so‘mga oshirish imkoni bo‘ldi. Moliya vaziri o‘rinbosari, G‘aznachilik boshqarmasi boshlig‘i Dilshod Sultonov OAV vakillari bilan uchrashuvda shu haqda ma'lum qildi, deb xabar qilmoqda KUN.UZ muxbiri. 

Dilshod Sultonov

Buning natijasida “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Yoshlar kelajagimiz” kabi yirik dasturlarni boshlash uchun zamin yaratilib, ularga 2018 yilda 2 trln so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltirildi. Bundan tashqari:

-  arzon uy-joylar qurilishini moliyalashtirishga 3,6 trln so‘m;
-  yosh tadbirkorlarga imtiyozli kredit berish maqsadida “Mikrokredit” va “Xalq banki” ustav kapitallariga qo‘shimcha 350 mlrd so‘m;
-  aholini ish bilan ta'minlash tadbirlariga 350 mlrd so‘m;
-  markazlashgan investitsiya xarajatlariga qariyb 1 trln so‘m;
-  aholini toza ichimlik suvi bilan ta'minlashga 500 mlrd so‘mga yaqin;
-  maktabgacha ta'lim muassasalarini qurish ishlariga 700 mlrd so‘m;
-  Xotin-qizlar va oila jamg‘armalari, Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash orqali aholini, ayniqsa xotin-qizlarni qo‘shimcha ijtimoiy qo‘llab quvvatlash tadbirlariga 450 mlrd so‘m;
-  O‘zbekiston mudofaa qobiliyatini oshirishga qo‘shimcha 4,5 trln so‘m yo‘naltirilmoqda.

Mahalliy hokimliklarning vakolatini kengaytirish va rejadan oshirib bajargan daromadlarni ularning o‘z ixtiyorida qoldirish mexanizmini joriy etish natijasida 2018 yil yakunlari bilan mahalliy byudjyetlar ixtiyorida 5,5 trln so‘mdan ziyod yoki o‘tgan yilga nisbatan qariyb 6 barobardan ko‘proq mablag‘ qolishi kutilmoqda.

Qo‘shimcha manbalar hisobidan mahalliy hokimliklar hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlariga, shu jumladan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlariga, maktabgacha ta'lim muassasalarini qurish va ta'mirlashga, hokimliklar qoshida tashkil etilgan ishchi o‘rinlarini yaratish jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirishga mablag‘ yo‘naltirish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

Ko‘proq yangiliklar: