O‘zbekiston Respublikasi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat ta'minoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi tomonidan 5 noyabrdan boshlab qishloq xo‘jaligini rivojlantirishda ilg‘or tajriba va innovatsiyalarni, zamonaviy agrotexnik tadbirlarni qo‘llash, meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish, saqlash, qayta ishlash va eksport qilish masalalari bo‘yicha o‘quv-seminarlar tashkil qilinadi.
O‘quv-seminarlar Osiyo taraqqiyot banki ishtirokidagi «Meva-sabzavotchilik tarmog‘ida qo‘shilgan qiymat yaratish zanjirini rivojlantirish» loyihasi doirasida nufuzli ishlab chiqaruvchi, qayta ishlovchi hamda eksport bilan shug‘ullanuvchi xalqaro va mahalliy ekspertlar ishtirokida respublikamizning barcha hududlarida o‘tkaziladi.
Amaliy muloqotda urug‘li va danakli pakana va yarim pakana mevali daraxtlarni parvarishlash agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish, murakkab meliorativ holat bo‘lgan hududlarda yangi bog‘larni barpo qilish, meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash texnologiya va usullari e'tirof etiladi.
Meva-sabzavot mahsulotlari eksportining asosiy va layoqatli bozorlari haqida ma'lumot berilib, eksport jarayonida ularning tashqi ko‘rinishi, sifati va qadog‘iga bo‘lgan talablar, maqbul logistikani tashkil qilish o‘rgatiladi.
O‘quv-seminarda xalqaro moliya tashkilotlari ishtirokida amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida imtiyozli kredit mablag‘larini ajratish tartibi va shartlari to‘g‘risida ham ma'lumotga ega bo‘lasiz.
Qo‘shimcha ma'lumotlar:
Telefon raqamlari: (71) 241-33-30
(71) 241-26-63
Sayt: www.uzaifsa.uz