O‘zbekistonda yillik inflyatsiya darajasi tahlili natijalariga ko‘ra (2018 yilning oktabr oyi, o‘tgan yilning mos oyiga nisbatan), joriy yilning birinchi sakkiz oyi davomidagi inflyatsiya darajasida bosqichma-bosqich pasayish tendensiyasi kuzatilgan.
Sentyabr oyidan e'tiboran yillik inflyatsiya darajasi yana o‘sish tomon siljiy boshladi va oktabr oyi 2017 yilning oktabr oyiga nisbatan 16,3%ni tashkil qildi, deb xabar bermoqda Davlat statistika qo‘mitasi.
Joriy yilning oktabr oyiga kelib, oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining oy davomidagi o‘sish sur'ati ushbu davrdagi nooziq-ovqat mahsulotlar va xizmatlar narxlari darajasidan birmuncha yuqoriroq bo‘ldi. Oziq-ovqat mahsulotlari narxlari 2,3%ga oshgan vaqtda, xizmatlar hamda nooziq-ovqat mahsulotlar narxlari umumiy narxlarning ko‘tarilishida faqatgina 0,5%ga ta'sir etdi.
Yil boshidan mazkur guruhlar kesimidagi narxlarning o‘zgarishi tahliliga ko‘ra yuqoridagi vaziyatning aksini ko‘rish mumkin, ya'ni, narxlarning oshishi borasidagi yetakchilik – xizmatlar sohasiga tegishlidir (10,7%).
2018 yilning har bir oyidagi narxlarning o‘zgarishi ta'siri tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, yanvar oyidagi inflyatsion bosim oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining sezilarli darajada oshishi bilan bevosita bog‘liq.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq oktabr oyida tovarlar va xizmatlar narxi qanchaga ko‘tarilgani ma'lum bo‘lgandi.