Qashqadaryoda YeVRO 5 standartiga muvofiq sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqaruvchi zamonaviy zavod quriladi

Iqtisodiyot 19:25 / 01.11.2018 11197

29-31 oktabr kunlari Toshkentda O‘zbekiston neft va gaz sanoatida GTL loyihasi bo‘yicha kreditorlar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirok etish uchun Janubiy Koreya eksport-import banki, Koreya savdo va sug‘urta korporatsiyasi, “Gazprom” aksiyadorlik jamiyati, “Roseksimbank” aksiyadorlik jamiyati hamda Eksport kreditlari va investitsiyalarni sug‘urtalash bo‘yicha Rossiya agentligi vakillaridan iborat kreditorlar delegatsiyasi Toshkentga tashrif buyurdi. 

“O‘zbekneftgaz” AJ matbuot xizmatining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, “Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasining tozalangan metan asosida sintetik suyuq yoqilg‘ini ishlab chiqarish” (UzGTL) loyihasi doirasida O‘zbekistonning Qashqadaryo viloyatida eng zamonaviy standarlarga javob beruvchi zavod quriladi. GTL yoki “gazdan suyuqlik” texnologiyasiga asoslangan bu kabi yuqori texnologiyali ishlab chiqarish dunyo bo‘ylab sanoqli mamlakatlar – Janubiy Afrika Respublikasi, Malayziya va Qatarda amalga oshiriladi. 

Zavod yiliga 1,5 million tonnadan ortiq YeVRO 5 standartiga muvofiq keluvchi yuqori sifatli sintetik suyuq yoqilg‘ini ishlab chiqarishi kutilmoqda. 

“O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek Sayidov kreditorlarga minnatdorchilik bildirdi. 
“Avvalo mazkur loyihani moliyalashtirishga qiziqish bildirgan kreditorlarimiz hamda barcha maslahatchilarimizga o‘z minnatdorchiligimni izhor etaman.   GTL loyihasi O‘zbekiston uchun strategik loyihadir. Uning amalga oshirilishi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik yo‘lida yana bir qadam bo‘lib xizmat qiladi. Bugungi kunda O‘zbekiston o‘z oldiga iqtisodiy o‘sishga doir yangi maqsadlarni qo‘ymoqda va bunda yoqilg‘i-energetika resurslariga, ayniqsa, GTL mahsulotlariga bo‘lgan talab tez sur'atlarda o‘sib bormoqda. Bu omil va jahon neft narxlarining o‘sish tomon sur'atlari GTL loyihasining jozibadorligini yanada oshirmoqda”, - deya ta'kidladi Ulug‘bek Sayidov. 

Sayidov koreyalik hamkorlarni turli masalalarni muvofiqlashtirish va hal qilishda professional yondashuvlarini alohida qayd etdi, loyihani o‘z vaqtida amalga oshirish muhimligini anglab, moliyalashtirish jarayonini tezlashtirishga shay rossiyalik sheriklarning hissasini alohida e'tirof etdi hamda mazkur loyihani moliyalashtirishga birinchi marta kirishayotgan xitoylik hamkorlarga ham tashakkur bildirdi. 

“Davlatimiz hukumati GTL loyihasining yakuniy moliyalashtirish tuzilmasini ma'qulladi va joriy yilning noyabr oyi oxiriga qadar barcha moliyalashtirish masalalarini muvofiqlashtirishni yakunlash va kreditlarni jalb qilishni boshlash vazifasini qo‘ydi. Umid qilamanki, mazkur uchrashuv ishtirokchilarga bu vazifani bajarish imkonini beradi”, - dedi “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruv raisi birinchi o‘rinbosari. 

Ta'kidlash joizki, yig‘ilish doirasida 1 noyabr kuni kreditorlar delegatsiyasi a'zolari Qashqadaryo viloyatidagi UzGTL qurilish maydonida joylashgan obektlarida bo‘ldi va yangi zavod qurilishi jarayoni bilan tanishdi. 

“Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasining tozalangan metan asosida sintetik suyuq yoqilg‘ini ishlab chiqarish” (UzGTL) loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 29 dekabr kunidagi 2706-sonli qaroriga muvofiq amalga oshirilmoqda. 

Loyihani amalga oshirish tabiiy gazni chuqur qayta ishlash quvvatini kengaytirish, uglevodorod importini qisqartirish, yuqori sifatli va ekologik toza yoqilg‘iga ichki ehtiyojni qoplash hamda bozorni mahalliy xomashyodan ishlab chiqarilgan strategik mahsulotlar bilan ta'minlash imkonini beradi. 

Yangi yuqori texnologiyali ishlab chiqarish O‘zbekiston neft va gaz sanoatiga uglevodorodlarni chuqur qayta ishlashning yangi bosqichiga o‘tish uchun muhim qadamdir. 

Hisob-kitoblarga ko‘ra, loyihani amalga oshirish neft mahsulotlarining yiliga 1,5 million tonnagacha importi o‘rnini bosish imkonini beradi.

Ko‘proq yangiliklar: