O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “Tovar bozorlarida savdoni yanada erkinlashtirish va raqobatni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
Prezident farmoniga ko‘ra, savdo mexanizmlarini yanada takomillashtirish, tovar bozorlarida sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirish, shuningdek, tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatining samaradorligini oshirish va xarajatlarni kamaytirish, ular tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning raqobatbardoshligini ta'minlash uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida 2018 yil 1 noyabrdan boshlab:
- tovar-xomashyo birjalariga birjada sotiladigan mahsulotlarni saqlash va logistika qiladigan sho‘'ba xo‘jalik birlashmalari tuzish, shuningdek, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy etish huquqini berish;
- import bo‘yicha olib kelingan yuqori likvidli mahsulot turlari, egalarining xohishiga ko‘ra, ichki bozorda, shu jumladan, birja savdolarida cheklovlarsiz sotish;
- birja savdolarida yuqori likvidli mahsulotlar, xomashyo va materiallarning turlarini sotuvchi xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar savdolarni, qat'iy belgilangan muddatlarda va elektron birja tizimda aniq belgilangan navbatda mahsulotning to‘lov muddatidan kelib chiqqan holda amalga oshirishi belgilanmoqda;
2018 yil 1 noyabrdan boshlab naqd pul tushumini topshirish va undan foydalanishning quyidagilarni:
- eng kam oylik ish haqining 20 baravaridan ortiq miqdorda kunlik o‘rtacha naqd pul tushumi bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar naqd pulni bank kassalariga inkassatsiya xizmatlari orqali yoki mustaqil ravishda topshirish imkoniyati;
- yuqorida ko‘rsatilgan kunlik naqd pul miqdoridan kam hajmga ega bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar naqd pulni bank kassalariga inkassatsiya xizmatlari orqali o‘zlari belgilagan davrlarda yoki mustaqil ravishda topshirishi imkoniyati;
- qonunda belgilangan tartibda muqobil inkassatsiya xizmatlari ko‘rsatuvchi tashkilotlar tashkil etish yo‘li bilan naqd pul tushumini faqat O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining inkassatsiya xizmati orqali topshirishni bekor qilish;
- yuridik shaxslar, shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan naqd pulsiz hisob-kitoblar (schyot-faktura) korporativ bank kartochkalaridan foydalanish orqali oldi-sotdi shartnomalarini tuzmasdan amalga oshirilishini nazarda tutuvchi tartibini joriy etish haqidagi takliflarga rozilik berilmoqda.