O‘zbekistonda ishlab chiqarish hajmining oshishiga to‘sqinlik qilayotgan omillar aytildi

Iqtisodiyot 11:21 / 30.10.2018 14005

Markaziy bank 2018 yilning III choragida iqtisodiyot real sektoridagi holat va kutilmalarni o‘rganish natijalarini e'lon qildi.

Xususan, mahsulotlar (ishlar, xizmatlar) ishlab chiqarish hajmining oshishiga to‘sqinlik qilayotgan omillar o‘rganilgan.

Mazkur holat yuzasidan korxona va tashkilotlarning 34 foizi xom-ashyo materiallari narxlarining yuqoriligini, 21 foizi energiya manbalari narxlarining yuqoriligini, 16 foizi soliq yukining yuqoriligi va soliq ma'muriyatchiligining murakkabligini hamda bozordagi nosog‘lom raqobat muhiti va sharoitlarni, 15 foizi esa aylanma mablag‘larning yetarli emasligini ma'lum qilgan.

Tarmoqlar kesimida esa energiya manbalari narxlarining yuqoriligi qurilish materiallari sanoatida respondentlarning 42 foizida, tog‘-kon sanoatida 33 foizida, oziq-ovqat sanoatida 17 foizida, savdo va umumiy ovqatlanish sohasida 29 foizida, xom-ashyo narxlarining yuqoriligi esa neft-gaz sanoatida respondentlarning 67 foizida, yengil sanoatda 48 foizida, kimyo hamda oziq-ovqat sanoatida 36 foizida va qurilish ishlari sohasida 58 foizida ishlab chiqarish hajmining oshishiga to‘sqinlik qilayotgan omil sifatida qayd etilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy bank mamlakatda iqtisodiy faollik oshgani, biroq ayrim salbiy omillar mavjudligi haqida ma'lum qilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: