Narxlar o‘sishining asosiy sababi nimada?

Iqtisodiyot 11:43 / 30.10.2018 25590

Markaziy bank 2018 yilning III choragida iqtisodiyot real sektoridagi holat va kutilmalarni o‘rganish natijalarini e'lon qildi.

Korxona va tashkilotlarda mahsulotlar (ish, xizmatlar) narxlarining o‘zgarishi o‘rganilganda, o‘z mahsulotlari narxlarini oshirgan korxona va tashkilotlar ulushining II chorakdagi 38 foizdan 54 foizgacha ko‘payganligi aniqlandi.

Ushbu korxona va tashkilotlarning 80 foizida narxlar 12 foizgacha bo‘lgan miqdorda oshirilgan bo‘lib, shundan 25 foizida narxlarning oshishi 1-4 foiz oralig‘ida, 29 foizida 5-8 foiz oralig‘ida hamda 26 foizida 9-12 foiz oralig‘ida shakllangan.

Tarmoqlar kesimida qaralganda, korxona va tashkilotlarning donni qayta ishlash sanoatida 78 foizida, oziq-ovqat sanoatida 71 foizida, qurilish materiallari sanoatida 59 foizida, yengil sanoatda 48 foizida, kimyo sanoatida 42 foizida hamda qurilish ishlari sohasida 69 foizida, savdo va umumiy ovqatlanish sohasida 60 foizida, transport sohasida 48 foizida, tibbiy xizmat sohasida 31 foizida mahsulotlar (ish, xizmatlar) narxlari avvalgi chorakka nisbatan oshgan.

Bunda, respondentlarning 58 foizi narxlar o‘sishining asosiy sababi sifatida mahsulotlar (ish, xizmatlar) tannarxining oshganligini qayd etgan.

Xususan, so‘rovda qatnashgan korxona va tashkilotlarning 78 foizi tannarx oshishini xom-ashyo narxlarining o‘sishi, 44 foizi elektr energiyasi, tabiiy gaz va boshqa yoqilg‘i mahsulotlari narxlarining oshishi hamda 38 foizi ish haqi xarajatlarining oshishi bilan izohlagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda ishlab chiqarish hajmining oshishiga to‘sqinlik qilayotgan omillar aytilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: