O‘zbek “Malibu”sining yangilangan modeli sinovdan o‘tkazildi

Fan-texnika 20:35 / 27.10.2018 118575

“GM Uzbekistan” AJ Toshkent viloyati Piskent tumanida joylashgan 8 kilometr uzunlikdagi avtodromda “Malibu” avtomobilining yangi o‘zlashtirilgan turbodvigatelli modelini namoyish qildi va test-drayvdan o‘tkazdi.

Video: TasIX

Video: Facebook

Video: You Tube

“Malibu”ning yangi avloddagi modeli quvvati 253 ot kuchiga teng va bu ko‘rsatkich uning 2,5 litr hajmli dvigatelga ega (186 ot kuchi) rusumdoshi bilan taqqoslaganda 67 ot kuchiga ko‘proq, joyidan 100 km/soat tezlikka erishishi esa 1,7 soniyaga tezroqdir. Turbodvigatelli model aralash siklda 100 km masofaga 8,5 litr, shahar siklida esa 10 litr yoqilg‘i sarflaydi. Avtomobil uchun AI-95 rusumidagi yoqilg‘i tavsiya qilinadi.

Mahalliy bozor uchun mo‘ljallangan yangi “Malibu Turbo” joriy yilning 15 sentabridan keng shartnomalash uchun taqdim etildi. Turbodvigatelli modelning narxi 302 million 62 ming 301 so‘mni tashkil qiladi. “GM Uzbekistan” kompaniyasi rasmiylariga ko‘ra shu kungacha 281 mijoz avtomobilni xarid qilish uchun to‘lovlarni amalga oshirgan.

Yangi modelni mijozlarga 45 ish kunida yetkazib berish rejalashtirilgan. Sentyabr oyi oxirida “GM Uzbekistan” tomonidan aynan “Malibu Turbo” va “Cobalt” (4-pozitsiya.) rusumidagi avtomobillarning yetkazib berish muddati qisqartirilgandi.

“GM Uzbekistan” vakillari turbodvigateli va qolgan boshqa ehtiyot qismlari Koreya Respublikasidan keltiriladigan “Malibu”ning mazkur modelini “Hyundai Solaris” va “Kia Rio” rusumidagi avtomobillar bilan raqobatbardosh ulov sifatida baholashmoqda.

Prognozlarga ko‘ra, 2021 yilga borib dunyo bo‘yicha sotiladigan barcha avtomobillarning 48 foizi turbodvigatel bilan ta'minlanadi. “Malibu Turbo” avtomobili o‘zbek avtomobilsozligida “lyuks” toifasidagi yangi yuqori texnologik sedanlar davriga start beradi.

Eslatib o‘tamiz, “Malibu” rusumidagi avtomobillar O‘zbekistonda 2012 yil bahoridan, yangilangan tashqi ko‘rinishdagi to‘qqizinchi avlod “Malibu”si esa 2017 yildan ishlab chiqarila boshlangan. “GM Uzbekistan” avvalroq yangi modellar qatoriga “Tracker” rusumli avtomobilini ham qo‘shgan va sinov tarzida ishlab chiqarishni boshlagandi.

Ko‘proq yangiliklar: