Xiaomi rasman Mi MIX 3 smartfonini taqdim etdi, uning ekrani deyarli barcha old panelni egallaydi. Selfi-kamera va dinamikdan foydalanish uchun qurilmaning orqa qismini surish kerak bo‘ladi.
Mi MIX 3 Android 9’da maxsus MIUI 10 qoplamasi bilan ishlaydi. Smartfon 2340x1080 piksel kenglikka ega 6,39 dyuymlik AMOLED-ekran, 3850 mA·s.lik akkumulyator, 6, 8 yoki 10 gigabayt operativ xotira, shuningdek, 128 yoki 256 gigabaytli o‘rnatilgan xotira bilan jihozlangan.
Qurilma Qualcomm Snapdragon 845 protsessorida ishlaydi va beshinchi avloddagi (5G) uyali aloqa tarmoqlari bilan mos keladi. Bundan tashqari, smartfonda barmoq izlari skaneri, NFC-modul va Bluetooth 5.0 mavjud.
Smartfon shuningdek, Quick Charge 4+ tez quvvatlantirish hamda 10-vattli Qi simsiz quvvatlantirish funksiyasiga ega. U har bir smartfon bilan birga bo‘ladi.
Smartfonning asosiy jihatlaridan biri har biri 12 megapikselli ikkita kameradir. Unda sun'iy idrok yordamida tasvir kalibrovkasi, yangi tungi suratga olish rejimi, shovqinni yo‘qotish, yorug‘lik darajasini o‘lchash, tasvirni barqarorlashtirish paydo bo‘ldi. Ikkita kamera, shuningdek, videoni 4K’da va soniyasiga 960 kadrda yozib olishni qo‘llab-quvvatlaydi hamda sun'iy idrok tomonidan avtomatik ravishda musiqa qo‘shish imkoniga ega.
Xiaomi’ning bildirishicha, Mi MIX 3 hozircha kam yorug‘likda suratga olish uchun kompaniyaning eng yaxshi smartfonidir. Kam yorug‘lik sharoitida Sony IMX576 sensori Super Pixel texnologiyasidan foydalanadi va ma'lumotlarni to‘rtta qo‘shni pikseldan bir katta pikselga birlashtiradi.
Xiaomi Mi MIX 3’ning old kamerasini ochiluvchi slayderda yashirdi, buning natijasida displey smartfon old paneli maydonining 93,4 foizini egalladi. Taqqoslash uchun, xuddi shunday dizayndagi Oppo Find X slayderida bu ko‘rsatkich 87%ni, iPhone XS Max’da esa - 84,4%ni tashkil qiladi.
Smartfon qo‘lda ochiladi, lekin slayderga neodim magnitlar qo‘shilgan. Qurilma bukilgan holatda bo‘lsa, uni ochish uchun kuch kerak bo‘ladi.
Laboratoriya testlari vaqtida harakatlanuvchi mexanizmning hayot sikli 300 ming martani tashkil etdi. Slayderning ochilishi boshqa funksiyalarni faollashtirish uchun ishlatilishi mumkin: masalan, qo‘ng‘iroqqa tez javob berish yoki ba'zi funksiyalarni ishga tushirish. Slayderni ishlatishda tovush effektlari nazarda tutilgan, foydalanuvchilar ularni o‘z xohishiga ko‘ra tanlay oladi.
Mi MIX 3'da Xiaomi birinchi marta sun'iy idrok uchun tugma qo‘shdi. Ekranning chap tomonidagi klavishni ushlab turib, foydalanuvchi Xiao Ai ovozli yordamchini yoqishi, bir marta yoki ikki marta bosish bilan esa, o‘z xohishiga ko‘ra sozlashi mumkin. Yordamchi faqatgina Xitoy bozorida ishlaydi.
Smartfon uchta rangda taqdim etiladi: nefritli yashil, yoqutli ko‘k va «qora oniks». 6 Gbayt operativ xotira va 128 GB o‘rnatilgan xotiraga ega bo‘lgan versiya 475 dollar, 8 GB operativ xotiralisi - 520 dollar, 8 GB operativ xotira va 256 GB o‘rnatilgan xotira bilan - 575 dollar, 10 GB operativ xotira va 256 GB o‘rnatilgan xotiraga ega bo‘lgani 720 dollar turadi. Xitoyda smartfonlar savdosi 1 noyabrdan boshlanadi, boshqa mamlakatlarda ularning paydo bo‘lishi keyinchalik e'lon qilinadi.