O‘zbekistonda polimer banknotlarga ehtiyoj bormi?

Iqtisodiyot 12:33 / 26.10.2018 16777

Polimer banknotlar rivojlangan davlatlarda keng foydalanib kelinayotgan vosita hisoblanadi. Polimer valyuta, biz kundalik ishlatadigan qog‘oz pullardan farqli ravishda mustahkam, suv, yong‘in va boshqa tashqi xavflardan himoyalangan bo‘ladi. 

Xuddi plastik kartaga o‘xshash, yangi pul ko‘rinishini yaratishga harakat 1968 yilda boshlangandi. Reserve Bank of Australia, Commonwealth Scientific&Industrial Research Organization hamda Melburn universiteti hamkorligida ilk marotaba ushbu loyiha ustida ish boshlandi. Uzoq  izlanishlardan so‘ng, 1988 yilda u muomalaga kiritildi. Oradan 8 yil o‘tib esa bank to‘liq ushbu tizimga o‘tgan. Shunday qilib, Reserve Bank of Australia tomonidan ilk marotaba 10 Avstraliya dollari polimerlashtirildi. 

Hozirgi kunda plastik polimer banknotalar ko‘plab rivojlangan mamlakatlarda ommalashgan. Uning bir qancha afzalliklari mavjud:

• Xavfsizlik yuqori darajada va qalbakilashtirishning imkoni yo‘q;
• Atrof-muhitga zararli ta'siri kamroq, chunki ishlatilish muddati uzoqroq bo‘ladi, o‘zida bakteriyalarni kam saqlaydi;
• Suv o‘tkazmaydi;
• Tashqi ta'sirlarga (kir, namlik) chidamli bo‘lgani uchun doim toza holatda turadi;
• Qayta ishlash mumkin;
• O‘ta issiqqa va sovuqqa ham chidamli.

Tanganing ikkinchi tomoniga ham e'tibor berish foydadan xoli bo‘lmaydi:

• Uni ishlab chiqarishga odatdagidan ko‘proq mablag‘ sarflanadi;
• Buklanishi, boshqa shakllarga kirishi qiyin;
• Qayta ishlatilishi mumkin, lekin barcha davlatlarda ham buni amalga oshirish uchun maxsus texnologiya mavjud emas. Bu ortiqcha sarf-xarajatni keltirib chiqaradi;
• U yoqib yuborilsa, havoni ifloslantiradi;
• Isitish manbalari oldida tursa erib ketadi;
• Ko‘p ishlatilishi natijasida rangi o‘chib ketish ehtimoli mavjud.

Shu kungacha 23ta davlatda ham plastik banknotlardan, ham an'anaviy pullardan foydalanilish amaliyoti kuzatiladi. Atigi 4ta mamlakat (Ruminiya, Kanada, Isroil, Vetnam)da barcha pullar polimer shaklga o‘tkazilgan. Kanada bu tizimga o‘tib bo‘ldi. Buyuk Britaniya esa 2020 yilgacha polimer banknotlarni muomalaga kiritishni rejalashtirgan. 

Polimer tadqiqotchisi Steyn Straus innovatsion xavfsiz banknotlarning afzalliklari haqida quyidagicha fikr bildirgan: «Qog‘oz pulni ishlab chiqarish uchun nafaqat sun'iy, balki  tabiiy xomashyo ham zarur bo‘ladi. Misol uchun, AQSh dollarining 75 foizi paxtadan tayyorlanadi. Bu jarayonda, shuningdek, suv va kimyoviy unsurlardan foydalaniladi».

Polimer banknotlarni uzoqroq vaqt saqlash imkoniyati bo‘lgani uchun ishlab chiqarish hajmi, o‘z navbatida, xarajatni kamayishiga erishish mumkin. Statistik ma'lumotlarga tayanadigan bo‘lsak, dunyoning 3 foizi aholisi polimer pullardan foydalanmoqda. 

Bizda-chi? O‘zbekistonda polimer pullarga ehtiyoj bormi? Ishlab chiqarish qanchalik foyda keltiradi? Yoki aksincha? Shu va boshqa qo‘shimcha savollar bilan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, xalqaro savdo va investitsiya kafedrasi o‘qituvchisi Muhammadali Eshonqulovga yuzlandik.

«Ma'lumki, polimer pullarni ishlab chiqarishdan asosiy maqsad uni qalbakilashtirishdan himoya qilishdir. Yurtimizda milliy so‘mni qalbakilashtirish holatlari ko‘p uchramaydi. Asosiy sabab valyutamizning qadri ayrim xorij davlatlarinikidek baland emasligida. Shuning uchun ayni vaqtda so‘mni polimerlashtirish va uni muomalaga kiritishga unchalik katta zarurat yo‘q. 

Ekologik xavfsizlik nuqtai nazaridan olinadigan bo‘lsa, ushbu turdagi pulni muomalaga kiritish lozim. Eng katta afzalligi – qayta ishlash imkoniyati mavjud. Shuningdek, ortiqcha sarf-xarajatni ham oldini olish mumkin. Bu qanday amalga oshadi? Masalan, o‘rta hisobda qog‘oz pullar har 3-4 yilda (valyutalarning qiymatiga qarab bu muddat o‘zgaradi) muomaladan chiqarib tashlanadi va o‘rniga yangisi ishlab chiqariladi. Polimer pullarga esa 7 yilgacha umuman zarar yetmaydi. Foydali tomoni shundaki, uni ishlab chiqarish uchun bizda yetarli xomashyo mavjud. Tabiiy materialdan (paxta) ishlab chiqarilgan qog‘oz puldan ko‘ra, qayta ishlash imkoniyati mavjud bo‘lgan polimer variant ma'qul yo‘l bo‘ladi.

Milliy valyutani polimerlashtirish bosqichma-bosqich amalga oshirilishi kerak. Bunda pastroq qiymatli bo‘lgan 500, 1000, 5000 so‘mlik kupyuralarni tanga shaklida (ularni qalbakilashtirish ehtimoli u qadar baland emas), balandroq qiymatdagi (10000, 50000) pulni esa polimerlashtirish kerak. Sababi uning qadri balandroq va qalbakilashtirish ko‘rsatkichi ham yuqori bo‘ladi. Yana bir taklif: aholining xarid qobiliyatini yanada oshirish, pul siyosatini bir me'yorda saqlab turish uchun bu sohani elektronlashtirish ko‘proq samara beradi. Hozirda deyarli barcha to‘lovlar bank plastik kartalari orqali oson va samarali amalga oshirilmoqda. Shu tendensiyani davom ettirib rivojlantirsak, ko‘proq sarf-xarajatning oldini olamiz. O‘zbekiston sharoitida monetar jabhani elektronlashtirish nisbatan oqilona yo‘l, chunki milliy valyutamizni qalbakilashtirish xavfi juda kam».

Markaziy Bankning ochiq ma'lumotlar bazasida ushbu masala bo‘yicha aniq statistika ko‘rsatilmagan, ya'ni milliy valyuta ko‘rinishidagi banknotlarni ishlab chiqarishga qancha mablag‘ sarflanishi, ularning hayotiy davomiyligi haqida ma'lumot yo‘q.

Shunga qaramay, polimer banknotlarni ishlab chiqarishga ko‘p xarajat sarflansa ham, buni amalga oshirish zarur. Statistik ma'lumotlarga qaraganda, so‘m qadri har yili 14-15 foizga tushadi. Bu ko‘rsatkich normal holatdan 2 baravar ko‘p deganidir. Masalan, vaqt o‘tgan sayin aholi iste'molida bo‘lgan banknotlar ko‘payishi, ularning aylanishi, qolaversa, tashqi ta'sirlarga uchrashi yuqorida sanab o‘tilgan boshqa muammolarga yetaklashi mumkin. Hech bo‘lmaganda, inflyatsiyaga qarshi turishga yordam bermasa-da, banknotning chidamliligini oshirish lozim. Pullarni polimerlashtirish islohoti bu muammoni oldini olsa, ajabmas.

Muhabbat Ma'mirova

Ko‘proq yangiliklar: