Tojikiston Iqtisodiy rivojlanish va savdo vazirligining «Tojikistonda monitoring va erta ogohlantirish» oylik hisobotiga ko‘ra, joriy yilning 1 oktabriga qadar Tojikiston O‘zbekistondan taxminan 10 million kub metr tabiiy gaz import qildi, deb xabar bermoqda «Aziya-plyus».
Ta'kidlanishicha, O‘zbekistondan olingan «ko‘k yoqilg‘i»ning umumiy qiymati qariyb 1 million dollarga teng bo‘ldi.
Joriy yilning mart oyida ikki mamlakat gaz taqsimlash kompaniyalari tomonidan imzolangan shartnomaga muvofiq, Tojikiston uchun har ming kub metr o‘zbek gazining narxi taxminan 120 dollar etib belgilangan. Aslida esa, har ming kub metr gaz Tojikistonga 100 dollarga sotilgan.
O‘zbek gazining asosiy iste'molchisi Tojikiston alyuminiy kompaniyasi hisoblanadi. Bundan tashqari, import qilinadigan yoqilg‘i «Aziz» AJ, «G‘oziy Regar», g‘isht ishlab chiqarish va boshqa korxonalarga kichik miqdorda yetkazib berilmoqda.
«Tojiktransgaz»dan ma'lum qilishlaricha, o‘zbek gazini yetkazib berish boshqa korxonalarga ham amalga oshirilishi mumkin, bunda ularning tegishli infratuzilmaga ega bo‘lishi shart hisoblanadi.
Kutilishicha, Dushanbe IEM-1 1 noyabrdan isitish mavsumi boshlanishi bilan asosiy yoqilg‘i sifatida o‘zbek gazidan foydalanadi. Ushbu korxona avval ham qo‘shni davlatdan import qilinuvchi gazni ishlab kelgan. Biroq, uni 2000-yillar oxirida yetkazib berish to‘xtatilgandan so‘ng, kompaniya muqobil yoqilg‘i - mazutda ishlagan.
Joriy yilning mart oyida ikki mamlakatning gaz taqsimlash kompaniyalari tomonidan imzolangan shartnomaga muvofiq, O‘zbekiston 2018 yilda Tojikistonga qiymati 15,1 mln dollar bo‘lgan 126 million kub metr tabiiy gaz yetkazib berishni o‘z zimmasiga olgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tojikiston elektr energiyasi eksportining asosiy hajmi O‘zbekiston va Afg‘onistonga to‘g‘ri kelayotgani xabar berilgandi.