Moliya vazirligi yoqilg‘i-energetika sohasidagi islohotlar, narxlar oshirilishi yuzasidan ma'lumotlarni taqdim etdi.
Davlat tomonidan maqsadli subsidiyalar, soliq imtiyozlari va boshqa yengilliklar taqdim etish yo‘li bilan yoqilg‘i-energetika kompleksi tarmoqlari uzoq yillar davomida qo‘llab-quvvatlab kelinmoqda. Ushbu maqsadlarga har yili Davlat byudjyetidan katta miqdordagi mablag‘lar davlatning kvazifiskal xarajatlari deb yuritiluvchi shaklda ajratib kelinyapti.
Lekin jahon tajribasi ko‘rsatishicha, muayyan toifadagi korxonalarni doimiy ravishda dotatsiya berish orqali qo‘llab-quvvatlash hamda narx siyosatini shakllantirishning bozor mexanizmlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aralashuv ularning faoliyati samaradorligiga salbiy ta'sir ko‘rsatadi, pirovardida shunday iqtisodiy va ijtimoiy oqibatlar kelib chiqadiki, bundan butun jamiyat aziyat chekadi.
Energoresurslar tariflari va ularning tannarxi
Yoqilg‘i-energetika kompleksi korxonalarining moliyaviy ahvoli tahlili ularning samaradorligi pasayganini, iqtisodiyot tarmoqlari va aholini energiya bilan barqaror ta'minlashda muammolar va uning yomonlashuvi xavflari ortib borishini ko‘rsatmoqda. Bu, shu jumladan, yoqilg‘i-energetika resurslarining asosiy turlariga narx belgilashdagi disproporsiyalar ortib borishi bilan ham bog‘liq.
Disproporsiya paydo bo‘lishi natijasida zarar va qarzlar hosil bo‘ldi. Iqtisodiyotdagi debitorlik qarzlar miqdori shunchalik ko‘payib ketgan ediki, bu holat nafaqat alohida xo‘jaliklar, balki butun bir tarmoqlarning keyingi faoliyati umuman to‘xtab qolishi xavfini vujudga keltirdi. Shu bois yillar davomida «umidsiz» qarzlar subsidiya ajratish orqali yoki byudjyet hisobidan, ya'ni haqiqatda soliq to‘lovchilar mablag‘lari hisobidan qoplanar edi. Bunday amaliyot esa o‘zlashtirishlar, suiiste'molliklar va turli korruptsion sxemalar paydo bo‘lishiga olib keldi.
Masalan, 2017 yilda «O‘zbekneftgaz» AJ ning 8 trln so‘m «umidsiz» qarzlari, shu jumladan, «O‘ztransgaz» AJ ning 7,5 trln so‘m va «O‘zneftmahsulot» AJ ning 0,5 trln so‘m qarzlari kechib yuborildi. «O‘ztransgaz» AJ ning qarzlari «O‘zbekenergo» AJ tomonidan 3 trln so‘m, aholi tomonidan — 2,7 trln so‘m, «O‘zkimyosanoat» AJ tomonidan 1,4 trln so‘m va issiqlik ta'minoti korxonalari tomonidan 0,4 trln so‘m mablag‘lar to‘lanmagani natijasida kelib chiqdi. O‘z navbatida, «O‘zneftmahsulot» AJdan esa qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari, asosan, fermer xo‘jaliklari qarz bo‘lib qolishgan.
Tabiiy gaz
Tabiiy gaz iste'molchilarga 1 ming kubometri o‘rtacha 289,7 ming so‘mdan sotilmoqda. Aslida, iste'molchiga yetkazib berish xarajatini hisobga olganda uning ishlab chiqarish tannarxi — 612,8 ming so‘mga to‘g‘ri keladi. Shunday qilib, sotilayotgan gazning har ming kubometridan kompaniya 323,1 ming so‘m to‘g‘ridan to‘g‘ri zarar ko‘rmoqda.
Elektr energiyasi
O‘zbekistonda har yili o‘rta hisobda 64 mlrd. kvt/soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi, shundan 83 foiz tabiiy gazni ishlatish orqali. Issiqlik elektrostansiyalari va issiqlik elektrosentrallarda 1 kvt/soat elektr energiyasining ishlab chiqarish tannarxi 193,2 so‘mni tashkil etadi, sotish narxi esa — 228,6 so‘m, qo‘shilgan qiymat solig‘ini chiqarib tashlaganda 190,5 so‘m. Demak, har bir kvt/soat elektr energiyasini sotishdan «O‘zbekenergo» AJ — 2,7 so‘mdan zarar ko‘radi.
Benzin va dizel yonilg‘isi
AI-80 markali avtobenzinning 1 litri uchun o‘rnatilgan narx 3800 so‘mni tashkil etadi. Lekin uni ishlab chiqarish va iste'molchiga yetkazib berish jarayonida ko‘rilayotgan zarar har 1 litriga 1414 so‘mni tashkil etadi. Dizel yonilg‘isining 4 600 so‘m/litrga sotish narxida har bir litridan 1416 so‘m zarar ko‘riladi.
Bu yerda tannarxga ta'sir etadigan omil mahalliy xom ashyoning yetishmasligi hamda neft mahsulotlarini import qilish zaruratidir. Aynan shu import neft mahsulotlarini ishlab chiqarish xarajatlarining 75 foizdan ortig‘ini tashkil etadi. Qayd etish lozimki, avtobenzin va dizel yonilg‘isi uchun hozirgi kungacha amalda bo‘lgan narxlar Brent markali neftning narxi jahon bozorida bir barreliga 62 AQSh dollari bo‘lgan vaqtda belgilangan edi. Ayni vaqtda esa bir barrel neftning narxi taxminan 80 AQSh dollarigacha o‘sgan.
Energetika sohasidagi islohotlar - yetilgan zaruriyat
Resurslarning haqiqiy qiymati bilan o‘rnatilgan tariflar o‘rtasidagi ulkan farqni hech qaysi nuqtai nazardan oqlab bo‘lmaydi. Buning ustiga, amaliyotda ko‘rinib turganidek, tariflarning pastligi ado bo‘lmaydigandek tuyuladigan qimmatbaho, lekin arzon resurslarni nazoratsiz, o‘ylamay sarflashga olib kelyapti. Iste'molchilar zamonaviy energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish haqida o‘ylamaydilar — ularga bu foydali emas. Shunday qilib, narx belgilashning noto‘g‘ri shakllangan tizimi yoqilg‘i-energetika kompleksi korxonalarining faoliyati yomonlashuviga olib kelmoqda, istiqbolda esa butun mamlakat energetika xavfsizligiga tahdid solyapti. Bunday vaziyatda barqaror iqtisodiy rivojlanish va xalq farovonligini oshirish yo‘lida to‘siqlar paydo bo‘lishi tabiiy.
Ana shunday sharoitda, tariflarni bosqichma-bosqich oshirish talab etiladi, zero, boshqacha tarzda muammoni hal etishning iloji yo‘q. Shuningdek, aholini ijtimoiy himoyalash masalasini ham e'tiborga olgan holda, tariflarni quyidagicha belgilash taklif etiladi:
tabiiy gazga — 1 kubometri 320 so‘mdan (ekvivalentda 3,9 sent), ayni vaqtdagiga nisbatan 10 foiz ortiq.
Ma'lumot uchun: Qozog‘istonda 1 kubometr gaz narxi 9,3 sent, Rossiyada — 10,1 sent, Qirg‘izistonda — 20,7 sent;
elektr energiyasiga — 1 kvt/soati 250 so‘mdan (ekvivalentda 3 sent), ayni vaqtdagiga nisbatan 9,4 foiz ortiq.
Ma'lumot uchun: Rossiyada elektr energiyasi narxi o‘rtacha 5,8 sentni tashkil etadi, Qozog‘istonda — 4,6 dan 7,6 sentgacha (ijtimoiy me'yor chegarasida), gidroelektrostansiyalarda arzon elektroenergiya ishlab chiqaradigan Qirg‘iziston va Tojikistonda esa — mos ravishda 1,12 dan 3,15 sentgacha va 1,79 sent;
benzin va dizel yonilg‘isiga — 1 litr AI-80 markali benzinga 4 000 so‘m (ekvivalentda 48 sent), AI-91 markali benzinga 4 500 so‘m (ekvivalentda 54 sent), dizel yonilg‘isiga 4 800 so‘m (58 sent).
Ma'lumot uchun: Qozog‘istonda AI-91 markali benzin va dizel yonilg‘isi narxi mos ravishda 41 va o‘rtacha 52 sentni, Qirg‘izistonda — 63 va 65 sentni, Rossiyada — 62 va 69 sentni, Tojikistonda — 90 va 83 sentni tashkil etadi.
Shu bilan bir qatorda, tariflar o‘sishining aholiga salbiy ta'sirini kamaytirish maqsadida davlat alohida chora-tadbirlarni ham ko‘zda tutmoqda. Jumladan, aholi uchun issiqlik energiyasi tariflarining oshishini o‘rtacha 10 foiz darajasida saqlab qolishga qaror qilindi. Bunda soha korxonalarining vujudga keladigan zarari (2019 yilda 286 mlrd so‘m atrofida) byudjyet subsidiyasi hisobidan qoplanadi. Shuningdek, 16 noyabrdan neft mahsulotlari uchun aksiz solig‘i stavkalari 90 foizga pasaytiriladi (masalan, AI-80 benzini uchun 1 litriga 321,4 so‘mdan 32,1 so‘mgacha), tabiiy gaz uchun esa — 25 foizdan 15 foizgacha.
Avtomobillarga gaz to‘ldiruvchi kompressor stansiyalar (AGTKS) uchun yetkazib beriladigan tabiiy gaz narxi 1 kubometriga 800 so‘m etib o‘rnatiladi. Bunda, amalda bo‘lgan har bir kubometriga 500 so‘mdan to‘lanadigan maxsus investitsiyaviy ustama bekor qilinadi. Ya'ni, AGTKS uchun yetkaziladigan gaz narxi 789 so‘mdan 800 so‘mga yoki atigi 11 so‘mga (1,4 foizga) oshadi.
Keyingi yangilik — tajriba tariqasida faqat Toshkent shahrining Yunusobod tumanida joriy etiladi: bunda 2019 yilning 1 yanvaridan boshlab aholi uchun gaz va elektr energiyasidan foydalanishning bazaviy me'yorlari o‘rnatiladi. Tabiiy gaz uchun foydalanish me'yorlari — besh oylik isitish mavsumida har bir abonentga 1 000 kubometrni, yilning boshqa davrida (hisoblagich mavjudligidan qat'iy nazar) 250 kubometrni tashkil etadi. Elektr energiyasi uchun esa — har bir abonentga bir oyda 300 kvt/soat. Hisob-kitoblar ko‘rsatishicha, kishi boshiga elektr energiya sarfi oyiga o‘rtacha 60 kvt/soat.
Ma'lumot uchun: MDHning boshqa mamlakatlarida elektr energiyadan foydalanish bo‘yicha ijtimoiy me'yorlar o‘rnatilgan. Masalan, Rossiyada ijtimoiy me'yor har bir odamga 1 oyda —50 dan 350 kvt/soatgacha (hududiga qarab), Ozarboyjonda - 1 abonentga 300 kvt/soat, Qozog‘istonda - 1 odamga 90 dan 160 kvt/soatgacha. Shuningdek, quyidagi oshirish koeffitsiyentlari qo‘llaniladi: Rossiyada — 1,26 marta, Ozarboyjonda — 1,57, Qozog‘istonda — 1,35 va 1,69 marta.
Poytaxtda o‘tkaziladigan tajriba qatnashchilari me'yorlar chegarasida elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun odatdagi narx bilan, me'yordan ortiq ishlatgani uchun esa 20 foizga qimmatroq to‘lashadi. Bu resurslardan tejamkorlik bilan foydalanishni rag‘batlantiradi. Ushbu yangicha yondashuvni sinovdan o‘tkazilishi kelgusida undan qanday foydalanish, qonunchilikni takomillashtirish va hisob-kitoblarni amalga oshirish kabi masalalar bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqish imkonini beradi. Bularning barchasi o‘rtacha daromadli oilalar va aholining kam ta'minlangan qatlamini ijtimoiy himoya qilishga qaratilmoqda.
Shu o‘rinda quyidagi misolni keltirish mumkin: Toshkent shahrida maydoni 70 m2 bo‘lgan, 4 kishi yashaydigan 3 xonali kvartirada, avtomashinasi mavjud deb hisoblasak, kommunal xizmatlar, benzin va non uchun xarajatlar oyiga o‘rtacha 57,3 ming so‘mga ortadi (606,8 ming so‘mdan 664,1 ming so‘mgacha), shu jumladan:
- elektroenergiya — 300 kvt/soat (68,6 dan 75,0 ming so‘mgacha);
- tabiiy gaz — 44 m3 (12,7 dan 14,1 ming so‘mgacha);
- issiq suv — 10 m3 (43,5 dan 47,8 ming so‘mgacha);
- isitish — 42 m² (61,5 dan 67,7 ming so‘mgacha);
- sovuq suv — 20 m3 (7 dan 7,6 ming so‘mgacha);
- XUMSh xizmatlari — 70 m 2 (28 dan 31,5 ming so‘mgacha);
- maishiy chiqindilarni olib ketish -4 nafar yashovchiga (15,6 dan 18 ming so‘mgacha);
- kanalizatsiya — 40 m3 (8,4 dan 9,4 ming so‘mgacha);
- benzin — 90 litr (342 dan 360 ming so‘mgacha);
- non — 30 dona (19,5 dan 33 ming so‘mgacha).
Shunday qilib, keltirilgan misollardan ko‘rinib turibdiki, kommunal xizmatlar (suv, isitish, gaz, elektr energiyasi, maishiy chiqindilarni olib ketish va b.), avtobenzin va nonga ketadigan xarajatlar o‘rtacha 10 foizga ortadi.
Bu yerda 2017 yildan boshlab byudjyet muassasalari xodimlarining ish haqi miqdorlari o‘tgan davrdagi inflyatsiya darajasiga nisbatan oldindan oshirilib borilayotgani va bu aholining xarid qobiliyatini saqlab qolishga xizmat qilishini aytib o‘tish o‘rinli. Masalan, 2018 yilning birinchi yarmi yakunlari bo‘yicha inflyatsiya 6,2 foizni tashkil etgan bo‘lsa, byudjyet tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar 15 iyuldan boshlab 7 foizga oshirildi. Shuningdek, joriy yilning 9 oyi yakunlari bo‘yicha inflyatsiya 8,1 foizni tashkil etgan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Sh.Mirziyoyevning qarori bilan ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar ham 1 noyabrdan 10 foizga oshirildi. Iyuldagi ish haqi oshishini hisobga olsak, yil boshiga nisbatan u ayni vaqtda 17,7 foizga ortdi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti tomonidan aholi daromadlari va hayot darajasini ko‘tarish, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasiga past maosh oluvchilarning daromadlarini ko‘paytirish bo‘yicha oldindan qo‘shimcha choralar ko‘rish topshirig‘i berildi.
Shu munosabat bilan 2019 yil 1 yanvardan boshlab Yagona tarif setkasining pastki razryadlari bo‘yicha tarif koeffitsiyentlarini o‘rtacha 10 foizga, jumladan, 1-razryad bo‘yicha 15 foizga, 2-razryad bo‘yicha 10 foizga, 3-razryad bo‘yicha 5 foizga ko‘paytirish ko‘zda tutilmoqda.
Ko‘rilayotgan chora-tadbirlar tufayli manzilli ravishda byudjyet tashkilotlarining 360 ming nafardan ziyod xodimlarining ish haqlari oshadi. Masalan, 2019 yilning yanvarida farroshning ish haqi miqdori (YaTS bo‘yicha 1-razryad) 2018 yilning oktabridagi miqdorga nisbatan 121 ming so‘mga yoki 26,5 foizga ko‘payadi.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishini oshirish maqsadida 2018 yilning 1 noyabridan boshlab, ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam to‘lovlari uchun ajratiladigan byudjyet mablag‘lari hajmini ko‘paytirish nazarda tutilgan. Mazkur chora natijasida ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam oladigan kam ta'minlangan oilalar qamrovi o‘rtacha 20 foizga oshirilib, ularning soni 511 mingta oiladan 620 mingta oilagacha yetkaziladi.
Bunga qo‘shimcha tarzda ta'kidlash lozimki, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti tomonidan tibbiyot va farmatsevtika sohalari davlat muassasalarida ishlaydigan xodimlarning maoshini keskin oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Yoqilg‘i-energetika kompleksini isloh qilishning asosiy yo‘nalishlari
Tariflarni oshirish bo‘yicha qabul qilinayotgan qarorlar avvalgi yillarda amalga oshirilgan shu kabi qarorlardan tubdan farq qiladi. Eng avvalo shunisi bilanki, ular neft-gaz va energetika sohasida, umuman iqtisodiyotda ro‘yobga chiqarilayotgan strategik islohotlar bilan birga kechmoqda.
Xo‘sh, qo‘yilgan maqsadga yetish uchun qanday birinchi galdagi vazifa va tadbirlar bajarilyapti?
Birinchidan, davlatimizning makroiqtisodiy siyosatiga prinsipial tuzatishlar kiritildi. Iqtisodiyotda disproporsiyaning vujudga kelishiga fundamental sabab — o‘tgan yillarda energoresurslarning narxi va tariflari paxta xom ashyosi va donning xarid narxlari oshishiga nisbatan yuqori sur'atlar bilan o‘sgan.
Endi esa paxta xom ashyosi va donning xarid narxlari jahon bozoridagi narxlarga deyarli yaqinlashtirildi. Natijada qishloq xo‘jalik sub'yektlari tomonidan yoqilg‘i-energetika resurslari (elektr energiyasi, dizel yonilg‘isi va h.k.) hamda mineral o‘g‘itlar uchun to‘lovlar o‘z vaqtida va to‘liq hajmda amalga oshirilmoqda. O‘z navbatida, energoresurslarni ishlab chiqaruvchi korxonalar ham foydalanilgan tabiiy gaz va boshqa resurslar uchun to‘liq va o‘z vaqtida to‘layaptilar.
Bundan tashqari, milliy valyutaning rasmiy kursi barqaror bo‘lmaganligi sababli energoresurslar tariflarini har galgi oshirish yoqilg‘i-energetika kompleksi tarmoqlarining moliyaviy ahvoli va faoliyatini yaxshilashga hech qanday amaliy ta'sir ko‘rsatmagan.
Hozirgi vaqtda holat sifat jihatdan boshqachadir. Masalan, 2017 yil 5 sentabr holatiga dollarning so‘mga nisbatan kursi 8 100 so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilning 23 oktabrida — 8 226,1 so‘mni tashkil etdi, ya'ni ayirboshlash kursi o‘zgarishlari sezilarsiz darajada saqlanib qoldi. Shunday qilib, milliy valyutaning ayirboshlash kursi barqarorligi ishlab chiqarish korxonalarning moliyaviy barqarorligini ta'minlovchi muhim omil bo‘lmoqda.
Ikkinchidan, yoqilg‘i-energetika kompleksi kompaniyalarida boshqaruv tizimini takomillashtirish borasida katta o‘zgarishlar ko‘zda tutilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 iyuldagi «Iqtisodiyotning muhim tarmoqlarini isloh qilish bo‘yicha uzoq muddatli dasturlarni ishlab chiqish va ro‘yobga chiqarish jarayoniga nufuzli xalqaro ekspertlarni jalb qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq, yoqilg‘i-energetika kompleksi tarmoqlarini nufuzli xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqilmoqda.
Ushbu masala bo‘yicha «O‘zbekneftgaz» AJ ga «Boston Consulting Group» kompaniyasi, «O‘zbekenergo» AJ ga — Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Jahon banki guruhi, Osiyo taraqqiyot banki va Xalqaro moliya korporatsiyasi ko‘mak ko‘rsatmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 22 oktabrdagi «Elektroenergetika tarmog‘ini jadal rivojlantirish va moliyaviy barqarorligini ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori bilan elektroenergetika tarmog‘ini tubdan isloh qilish jarayoni boshlandi. Mazkur hujjatga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri boshchiligida elektroenergetika tarmog‘ini isloh qilish bo‘yicha komissiya tuzilib, uning zimmasiga Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa qayta tiklash va rivojlantirish banki va Jahon banki guruhi bilan birgalikda:
2019 yilning 1 martiga qadar xususiy, shuningdek xorijiy, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni elektr energiyasini ishlab chiqarish va taqsimlash (sotish) korxonalariga, shu jumladan davlat-xususiy sherikchiligi shartlari asosida, keng jalb etishni nazarda tutgan holda elektr energiyasini ishlab chiqarish, trasportirovka qilish, taqsimlash va sotishning zamonaviy sxemasini ishlab chiqish. Bunda, elektroenergiyani transportirovka qilish jarayonini to‘liq davlat nazorati ostida saqlab qolish hamda mahsulotlarni tanlovlar asosida bevosita elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi korxonalardan xarid qilishga qaratilgan zamonaviy elektroenergiyaning ulgurji bozorini bosqichma-bosqich shakllantirish;
2019 yilning 1 apreliga qadar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida idoralararo tariflar komissiyasini tuzishni nazarda tutgan holda, elektroenergetika tarmog‘iga xususiy sektorni jalb qilishni rag‘batlantiruvchi hamda joriy va kapital xarajatlarni qoplashga asoslangan elektr energiyasi tariflarini hisoblash uslubiyotini ishlab chiqish va boshqalar yuklatilgan.
Uchinchidan, tarif islohotining muhim tamoyillaridan biri — aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashdir. Shu sababli tariflar aholi uchun faqat 5−10 foizga oshmoqda.
Avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor stansiyalari (gaz quyish shoxobchalari) uchun tariflar deyarli o‘zgarmaydi, bu esa metan narxining ayni paytdagi narxlarini saqlab qolish imkonini beradi. Demak, gaz yonilg‘isida ishlaydigan avtotransportda yuk tashish va taksi xizmatlari qimmatlashmasligi kerak.
Shu bilan birga qayd etish joizki, yuridik shaxslar uchun tariflarning oshishi (elektr energiyasi 45 foizga, tabiiy gaz 2 baravarga) ishlab chiqarilayotgan iste'mol tovarlar va xizmatlarning tannarxida bilvosita aks etadi. Lekin, ko‘pchilik korxonalarda energoresurslarga qilinadigan xarajatlarning ulushi mahsulot tannarxida sezilarli emasligini hisobga olganda, narxlar oshishi iqtisodiyotdagi umumiy inflyatsiya darajasidan ortib ketmasligi kutilmoqda.
Energiyani ko‘p sarflovchi muayyan tarmoqlar, masalan, qurilish materiallari ishlab chiqarishda tabiiy gaz uchun tariflar amaldagi darajada, ya'ni 1 kubometri uchun 1000 so‘mligicha qoladi.
Kimyo sanoati korxonalari uchun, gaz va elektr energiyasi narxlari oshishiga mos ravishda mineral o‘g‘itlar narxi ham ortadi. O‘z navbatida, paxta va bug‘doyning 2019 yil hosili uchun xarid narxlari ham ko‘tariladi.
Byudjyet tashkilotlariga elektr energiyasi qo‘shimcha xarajatlarini qoplash uchun ajratiladigan byudjyet mablag‘lari hajmi oshadi. Xususan, respublikamizning sug‘oriladigan yerlarini suv resurslari bilan ta'minlovchi Suv xo‘jaligi vazirligi tizimidagi nasos stansiyalari uchun ajratiladigan byudjyet mablag‘lari hajmi 2018 yildagi 1 827,7 mlrd. so‘mdan 2019 yilda 2 857,8 mlrd so‘mgacha oshadi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 3 maydagi 320-sonli qaroriga ko‘ra, 1 apreldan boshlab fermer xo‘jaliklari va suv iste'molchilari uyushmalarining nasos agregatlari tomonidan ishlatiladigan elektr energiyasi xarajatlari ham byudjyet subsidiyalari hisobidan qoplanadi, va ularning hajmi 2019 yilda joriy yilga nisbatan 1,5 baravarga yoki 385 mlrd. so‘mgacha ortadi.
Xulosa qilib, shuni alohida qayd etish joizki, amalga oshirilayotgan islohotlarning pirovard maqsadi qaysidir muayyan tarmoq yoki kompaniyani qo‘llab-quvvatlash emas, balki bozor iqtisodiyoti tamoyillarini hisobga olib raqobatdosh narxlar asosida aholi va iqtisodiyotni energoresurslar bilan ta'minlashdan iboratdir.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jamshid Qo‘chqorov nonning narxi oshirilmagani, balki erkinlashtirilgani haqida ma'lum qilgandi.