Toshkent shahrining Yunusobod tumanida 2019 yilning 1 yanvaridan boshlab aholi uchun gaz va elektr energiyasidan foydalanishning bazaviy me'yorlari o‘rnatiladi. Bu haqda O‘zbekiston Moliya vazirligining yoqilg‘i-energetika sohasidagi islohotlar, narxlar oshirilishi yuzasidan ma'lumotlar va tariflar oshirilishi oqibatlarini yumshatish bo‘yicha rejalarida aytiladi.
Qayd etilishicha, tabiiy gaz uchun foydalanish me'yorlari — besh oylik isitish mavsumida har bir abonentga 1 000 kubometrni, yilning boshqa davrida (hisoblagich mavjudligidan qat'iy nazar) 250 kubometrni tashkil etadi. Elektr energiyasi uchun esa — har bir abonentga bir oyda 300 kvt/soat. Hisob-kitoblar ko‘rsatishicha, kishi boshiga elektr energiya sarfi oyiga o‘rtacha 60 kvt/soat.
Poytaxtda o‘tkaziladigan tajriba qatnashchilari me'yorlar chegarasida elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun odatdagi narx bilan, me'yordan ortiq ishlatgani uchun esa 20%ga qimmatroq to‘lashadi. Bu resurslardan tejamkorlik bilan foydalanishni rag‘batlantiradi.
Shu o‘rinda quyidagi misol keltiriladi: Toshkent shahrida maydoni 70 m2 bo‘lgan, 4 kishi yashaydigan 3 xonali kvartirada, avtomashinasi mavjud deb hisoblansa, kommunal xizmatlar, benzin va non uchun xarajatlar oyiga o‘rtacha 57,3 ming so‘mga ortadi (606,8 ming so‘mdan 664,1 ming so‘mgacha), shu jumladan:
• elektroenergiya — 300 kvt/soat (68,6 dan 75,0 ming so‘mgacha);
• tabiiy gaz — 44 m3 (12,7 dan 14,1 ming so‘mgacha);
• issiq suv — 10 m3 (43,5 dan 47,8 ming so‘mgacha);
• isitish — 42 m² (61,5 dan 67,7 ming so‘mgacha);
• sovuq suv — 20 m3 (7 dan 7,6 ming so‘mgacha);
• XUMSh xizmatlari — 70 m 2 (28 dan 31,5 ming so‘mgacha);
• maishiy chiqindilarni olib ketish -4 nafar yashovchiga (15,6 dan 18 ming so‘mgacha);
• kanalizatsiya — 40 m3 (8,4 dan 9,4 ming so‘mgacha);
• benzin — 90 litr (342 dan 360 ming so‘mgacha);
• non — 30 dona (19,5 dan 33 ming so‘mgacha).
Kommunal xizmatlar (suv, isitish, gaz, elektr energiyasi, maishiy chiqindilarni olib ketish va b.), avtobenzin va nonga ketadigan xarajatlar o‘rtacha 10%ga ortadi.