Jasur g‘oyalar insoniyatni doim oldinga siljitib kelgan. Biz kundalik turmush tarzida foydalanayotgan qulayliklarning har biri o‘z vaqtida biror «telba»ning xayoliy «mahsuloti» bo‘lgan. Deyarli har bir «telba» o‘z g‘oyasi tufayli «aqli raso»lar tomonidan mazax qilingan, dakkilar eshitgan. G‘oya hayotga tatbiq etilgandan so‘ng esa dakki beruvchilar hech narsa ko‘rmagandek yangi qulaylikdan foydalanib ketavergan.
Ilon Mask
Ilon Mask Tesla kompaniyasi asoschisi emas. Ammo u 2004 yilda bu kompaniyaga kelganda, Tesla konveyerida faqat bitta elektromobil – narxi 100 ming dollar turadigan Roadster sportkari bo‘lgan, xolos. 2006 yilga kelib Mask kompaniyaning yangi, ko‘pchilikka xomxayol bo‘lib ko‘ringan rejasini ovoza qildi: ommabop elektromobillar ishlab chiqarish.
Ilon Mask bilan tanish bo‘lganlar uni «uddalab bo‘lmaydigan ishlarga qo‘l uradigan odam» deb ta'riflashadi. Mask biror-bir muammo bilan yuzma-yuz kelganda, uni har qancha to‘lov talab qilinmasin hal qilishga kirishadi va boshqalar noreal deb hisoblagan ishlarni muntazam qilib keladi.
2006 yilda elektromobil ommabop bo‘lishi mumkinligi hech kimning xayoliga ham kelmagan – «elektromobil albatta qimmat bo‘ladi» degan fikr ustuvor bo‘lgan edi. Shu bois, Maskning rejasi jiddiy qabul qilinmadi, shunchaki bir telbanamo piarga yo‘yildi. Ammo voqealar rivoji boshqacha kechdi.
2012 yilda sotuvga narxi 75 750 dollardan boshlanadigan, bir bor quvvat olib, 502 kilometrgacha yuradigan bir dvigatelli Tesla Model S chiqdi. 2012 yilning 12 noyabrida u Amerikada Motor Trend jurnalining «Yil avtomobili» sovrinini qo‘lga kiritdi. Bu boshlanishi edi.
2015 yilda kompaniya Tesla Model X’ni, 2016 yilga kelib narxi 35 ming dollar turadigan, qayta quvvatlantirishsiz 320 kilometr yuradigan Tesla Model 3’ni sotuvga chiqardi.
Tesla Model X
Tesla Model 3
2017 yil noyabr oyida kompaniya 40 tonna yuk bilan 800 km yuradigan Tesla Semi taqdimotini o‘tkazdi. Uning sotuvga chiqarilishi 2019 yilga mo‘ljallangan. Uni dunyodagi birinchi elektr yuktashigich deyishmoqda.
Tesla Semi
Sotish hajmi
Raqamlar: 2018 yilning avgust oyida Amerika bozorida sotilgan Tesla Model 3’ning umumiy narxi 1 mlrd. dollarni tashkil etdi va Tesla yengil avtomobillar sotish bo‘yicha Amerikada peshqadamga aylandi. Toyota Camry va Honda Accord ortda qolib ketdi. 10 yil avval buni hech kim xayoliga ham keltirmagandi. Yaponiya avtosanoatchilari Amerika bozorida yetakchi o‘rinlarni egallash uchun o‘nlab yillar davomida mehnat qilishgan. Yaqingacha Amerika avtokorxonalarining birortasi yaponlardan o‘zib ketishni orzu ham qila olmayotgan edi. Tesla Model 3 esa buni 13 oyda uddaladi.
2018 yil 1 iyul kuni Ilon Mask Tesla avtomobillarini ishlab chiqarish hajmi haftasiga 7 ming donani tashkil etganini ma'lum qildi.
Sotish uslubi
Avtomobillarni sotishda ham Tesla eski uslubdan – mustaqil dilerlar orqali, sodda qilib aytganda, do‘konlarda sotish amaliyotidan voz kechdi. Sotish Tesla’ning internet-sayti orqali amalga oshiriladi. Bu tizim Apple kompaniyasi o‘z mahsulotlarini sotish tizimiga o‘xshaydi. Tesla avtosalonlari esa shunchaki ko‘rgazma maydonchalaridir.
Moliyaviy ahvol
Kompaniya investorlari safida Google bunyodkori Larri Peyj va Sergey Brin, eBay asoschisi va prezidenti Jyefri Skoll, Daimler AG, Toyota va Ilon Mask. Birinchi bosqichda hammadan ko‘p mablag‘ni (70 mln dollar) Ilon Mask kiritgan.
Sakkiz yil mobaynida kompaniya zararga ishlab kelmoqda. 2017 yildagi zarar 2,24 mlrd. dollarni tashkil etdi. Shunga qaramasdan, kompaniyaning bozor kapitalizatsiyasi o‘sishda davom etdi va 64,25 mlrd. AQSh dollarini tashkil etdi. Bu bilan Tesla kapitalizatsiyasi General Motors va Ford Motor kabi kompaniyalarnikidan yuqorilab ketdi.
Kelajak
Ilon Mask avtomobil arxitekturasi bo‘yicha yangi g‘oyalarni qabul qilish va o‘rganishda davom etmoqda. 2019 yilda Model Y krossoveri taqdim qilinishi rejalashtirilgan. Besh yildan keyin esa narxi 25 000 dollar bo‘ladigan elektromobillar ishlab chiqarish nazarda tutilgan. Bu esa elektromobil narxi Amerikadagi hamyonbop avtomobillar narxi bilan tenglashadi, deganidir. Bu elektromobillar savdosini yanada chaqqonlashtiradi.
Bloomberg nashriga bergan intervyusida Ilon Mask Tesla elektromobillarini Yevropada ishlab chiqarishni kengaytirish rejasi haqida gapirib bergandi. Hozirda Niderlandiyada Tesla Model S yig‘ilmoqda. Yevropada seriyali ishlab chiqarishni Tesla Model 3’ning «byudjyet» turidan boshlash mo‘ljallanmoqda. Bu 3-4 yilda amalga oshishi mumkin.
Super «zaryadchik»lar
Tesla «Superquvvatlagich»lar (ingl. Supercharger) — elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari to‘rini yaratmoqda. Bu stansiyalar quvvatni asosan quyosh batareyalaridan oladi. 2015 yil holatiga kelib AQShning barcha asosiy transport koridorlari stansiyalar bilan qoplangan bo‘lib, mamlakatning bir chetidan boshqa chetiga elektromobilda yetib borish imkonini beradi. Ayni damda «Superquvvatlagichlar» to‘ri Yevropa va Osiyo mamlakatlarini qamrab olmoqda.
Tesla elektromobillarini quvvatlantirish necha pulga tushadi?
Akkumulyator batareyasini 85 kVt-soat quvvat bilan 40 daqiqa ichida 80 foizgacha quvvatlantirish xizmati narxi elektromobil narxiga kiritilgan.
Quvvati tugagan batareyani quvvatlantirilgan batareyaga tez almashtirish (bir yarim daqiqada) robotlashtirilgan texnologiyasi 60-80 dollar turadi.
2014 yilda Tesla va Nevada shtati o‘rtasida tuzilgan bitimga asosan qurilishi rejalashtirilgan zavodda 2020 yildan boshlab yiliga 500 ming dona batareya ishlab chiqaradi.
Avtopilot
Ilon Mask Tesla’ga yana bir narsani olib keldi – avtopilot. Bu kompaniyaning avvalgi rahbari Martin Eberhardning xayolida ham yo‘q edi. Tesla avtopilotni muttasil mukammallashtirib bormoqda. Yaqin oylarda Model 3’ning Tinch okeanidan Atlantika okeanigacha masofada haydovchisiz yurishi ko‘zda tutilgan, kelasi yildan esa – avtopilot shaharlarda yo‘lga qo‘yilishi mumkin. Maskning e'tirof etishicha, Model 3 shu darajada ambitsiyali loyiha ediki, u muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, kompaniya barbod bo‘lgan bo‘lardi, avtopilot loyihasi ham xuddi shunday – u yoki yo‘ldagi halokatlar sonini bir necha barobar kamaytiradi, yoki dasturchilar e'tiboridan yashirin qolgan xatolar avariyalarga olib keladi va kompaniya qayta tiklanib ololmaydigan darajada ziyonga yuz tutadi. Mask shunday riskka boradi, boshqasi bormasdi.
Raqobatchilar
2018 yilning uchinchi kvartalida ishlab chiqarilgan avtomobillar soni bo‘yicha Tesla Porsshe va Jaguar’dan o‘tib ketmoqda. Marra – bir kvartalda 83 500ta avtomobil ishlab chiqarish. Bu ko‘p emasdek tuyuladi, ammo bu 5 mlrd. dollar deganidir. Shu bilan birga, joriy yilning ikkinchi choragida kompaniya tilga olingan raqobatchilaridan ortda edi.
Hech bir kompaniya hozircha Tesla’ga raqobat qila oladigan uning analogini yarata olgani yo‘q. Jaguar I-PACE, GM Bolt – bu va boshqa markalar texnologik ortda qolishni bartaraf qilishlari mushkul bo‘ladi.
Tesla nafaqat an'anaviy avtosanoatchilarga zarba bermoqchi, balki buni qisman uddalab bo‘ldi ham. AQShda Tesla savdosi o‘tgan yil sentabr oyidan bu yil sentabr oyi oralig‘ida 563 foizga ortdi. Mercedes-Benz’niki esa 15,6 foiz pasaydi. Bu hali boshlanishi. Kelgusi yili Model 3 konveyerdan ikki barobar ko‘p ishlab chiqariladi. 2020 yilda mazkur platformada krossover ishlab chiqarish boshlanadi. 2023 yilda esa 25 ming dollar turadigan «teslamobil» ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan.
Shaksiz omillar haqida
Erkin iqtisodiy muhit va haq-huquqlarning barqarorligi insoniyatni oldinga surishga Yaratgan tomonidan safarbar etilgan «telba» qatlamning iqtidori yuzaga chiqishi uchun birdan-bir yaxshi muhitdir. Mansabdorlarning vakolatlari qat'iy chegaralangani, shaxsiy mulk daxlsizligi qat'iy ta'minlangani, mustaqil sud – bularsiz aqlan va ruhan faol mazkur noyob va shu bilan birga qimmatli qatlamning ishi yurishishi mumkin emasdi...
Forbes va Wikipedia ma'lumotlari asosida Shokir Sharipov tayyorladi