Toshkent shahrida Golden Corn kraxmal-patok zavodi foydalanishga topshirildi. Bu mamlakatdagi ushbu turdagi mahsulot ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan yagona korxona hisoblanadi.
Mazkur investitsiyaviy loyiha o‘tgan yili prezidentning Chilonzor tumaniga tashrifida doirasida taqdim etilgan edi. Uning umumiy qiymati qariyb 5 million AQSh dollariga teng bo‘lib, shundan 2 million AQSh dollari «Qishloq qurilish bank» ATB tomonidan moliyalashtirildi.
«Bank krediti evaziga Xitoydan eng zamonaviy texnologik uskunalar olib kelib, 10 turdagi mahsulot ishlab chiqarishni mahalliylashtirdik. Loyihaning dastlabki bosqichida kuniga 50 tonna xom ashyo qayta ishlanib, o‘rtacha 35 tonna kraxmal kukuni, u asosida esa qandolatchilikda eng muhim xom ashyo hisoblanadigan kraxmal qiyomi, maltoza qiyomi tayyorlanmoqda. Bundan tashqari, salomatlik uchun nihoyatda foydali bo‘lgan jo‘xori yog‘i ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi», — deya korxona rahbari Shamsiddin Shukurovning so‘zlarini keltirgan «Xalq so‘zi onlayn».
Hozirgi paytda korxonada 100 kishi mehnat qilayotgan bo‘lsa, u to‘liq quvvat bilan ishlay boshlagach, yana 50ta ish o‘rni yaratiladi. Yiliga salkam 20 ming tonna xom ashyo qayta ishlanib, ichki bozorga 9,6 million AQSh dollarilik import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar yetkazib beriladi.
Loyiha tashabbuskorlarining aytishicha, amaliyotga chiqitsiz texnologiya joriy etilgan. Natijada asosiy mahsulotlardan tashqari, chorvachilik, baliqchilik va parrandachilik uchun omixta yem, turli bioqo‘shimchalar, shuningdek, yog‘-moy sanoati uchun ikkilamchi xom ashyolar tayyorlash, pirovardida qo‘shimcha daromad topish imkoniyati paydo bo‘ldi.