Rossiyadan O‘zbekistonga import hajmi 40 foizga, O‘zbekistondan Rossiyaga eksport 8,6 foizga ortdi

Iqtisodiyot 01:22 / 18.10.2018 4644

Paxta, sarxil mevalar, sharqona shirinliklar va tansiq taomlar O‘zbekistonning o‘ziga xos milliy brendi hisoblanib, Rossiyaning har bir burchagida sevimli va ardoqli. O‘zbekiston iqtisodiyotining boshqa muhim tarmog‘i – tog‘-metallurgiya majmuasi mahsulotlari esa dunyo iqtisodiyotida ham muhim o‘rin egallaydi, deydi  Rossiya eksport markazi bosh direktori Andrey Slepnev O‘zAga bergan intervyusida

"Mamlakatingiz Rossiya oziq-ovqat mahsulotlari, sanoat va tog‘-kon uskunalari, dori-darmon va gigiyena vositalari, o‘rmon sanoati mahsulotlarining yirik iste'molchisi. Rossiya bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi ikki tomonlama savdo jadal sur'atlar bilan rivojlanib bormoqda: 2017 yilda uning hajmi 3,65 milliard dollarni, o‘sish sur'ati esa 2018 yilning 8 oyi mobaynida o‘tgan yilning mos davridagi ko‘rsatkichga nisbatan 30,3 foizni tashkil qildi. Shu bilan birga, Rossiyadan O‘zbekistonga import hajmi 40 foizga, O‘zbekistondan Rossiyaga eksport 8,6 foizga ortdi. 2018 yilda Rossiyadan O‘zbekistonga yuqori import sur'atlari mamlakatingizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli qurilish ishlari bilan izohlanmoqda: yetkazib berilgan eksport tovarlarining asosiy qismi choksiz po‘lat quvurlar (+444,8 foiz), shuningdek, buldozer, ekskavator va yo‘l-qurilish mashinalari (+264,1 foiz) hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Rossiya eksportining 80 foizdan ortig‘i esa noxomashyo noenergetik tovarlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Yuqorida qayd etilgan yo‘nalishlardan tashqari Rossiyaning alyuminiy va uning qotishmasidan tayyorlangan buyumlar, elektrotexnika tovarlari, shakar, taxta va yog‘och materiallariga ham yuqori talab saqlanib qolmoqda", - deydi Rossiya eksport markazi Bosh direktori. 

Shuningdek Slepnevning so‘zlariga ko‘ra, RF prezidenti Vladimir Putin O‘zbekistonga Rossiyaning Markaziy Osiyo mintaqasidagi muhim va ishonchli sherigi sifatida qaraydi. 
"Uni Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan juda yaxshi konstruktiv va do‘stona munosabatlar bog‘lab turadi, ular bir necha bor xalqaro forum, sammit va konferensiyalarda ham uchrashdi. Xalqaro ekspertlarning fikricha, mamlakatingizda yaqin yillar ichida YaIMning keskin – yiliga 6 foizgacha oshishi kuzatiladi. Rossiya O‘zbekiston iqtisodiyotini mustahkamlashdan manfaatdor: mamlakat qanchalik boy bo‘lsa, uning import qudrati ham ortib boradi, aholining iste'mol darajasi yuqori bo‘ladi, u ko‘proq sayohat qiladi. Ko‘pchilik o‘zbeklar rus tilini yaxshi bilgani, mamlakatlarimiz madaniy meros sohasida mushtarak jihatlarga ega ekanidan kelib chiqib, Rossiya mamlakatingiz fuqarolari uchun asosiy sayyohlik marshrutlaridan biriga aylanishiga ishonchimiz komil", - deya ta'kidlaydi u.

Ko‘proq yangiliklar: