Markaziy bank so‘rovi: aholida inflyatsiyadan xavotir oshmoqda

Iqtisodiyot 12:58 / 16.10.2018 16578

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki 2018 yilning III choragi uchun respublika aholisi va korxonalarining inflyatsion kutilmalari haqidagi hisobotni e'lon qildi.

Joriy yilning III choragida iqtisodiyotdagi inflyatsion kutilmalar bo‘yicha o‘tkazilgan so‘rovlar natijalariga ko‘ra inflyatsiyaning aholi va tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan sezilgan va kutilayotgan darajalarida sezilarli o‘zgarishlar kuzatildi. Jumladan, yilning birinchi yarmidagi pasayishdan so‘ng mazkur ko‘rsatkichlar iyul oyidan boshlab oshib bordi, deyiladi Markaziy bank axborotida.

2018 yilning iyul-sentabr oylarida aholi tomonidan sezilgan qisqa muddatli inflyatsiya indeksida ko‘tarilish kuzatildi.

Xususan, iyul oyida indeksning bir oylik o‘sishi 20 foizni tashkil etgan bo‘lsa, avgust oyida deyarli o‘zgarishsiz qoldi, sentabrda esa o‘sishni davom ettirib, 580 bandga teng bo‘ldi.

Yuridik shaxslar tomonidan sezilgan inflyatsiya indeksi esa sentabrda iyun oyiga nisbatan 31 foizga oshib, 508 bandni tashkil etdi.

Shu bilan birga, joriy sezilgan inflyatsiya indeksi yil boshidagi ko‘rsatkichlarga nisbatan past darajada bo‘lsa ham uning o‘sish dinamikasi davom etmoqda, bu o‘z navbatida kelgusidagi inflyatsion kutilmalarga salbiy ta'sir ko‘rsatishi mumkin.

Sentyabr oyida so‘rovda ishtirok etgan jismoniy shaxslar «qaysi asosiy tovar va xizmatlarning narxi yuqori darajada oshdi?» savoliga asosan pomidor, mol go‘shti, guruch va qo‘y go‘shtini belgilagan. Shuningdek, ushbu oyda avvalgi oylardan farqli ravishda kartoshka, bug‘doy uni, non, tovuq go‘shti, sabzi narxlari oshganini ko‘rsatgan respondentlar ulushi sezilarli darajada ortgan.

Tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan «ishlab chiqarilayotgan mahsulot va ko‘rsatilayotgan xizmatlarning tannarxi oshishiga qaysi omillar yuqori darajada ta'sir ko‘rsatdi?» savoliga asosan xom ashyolar narxi, transport va ishchi kuchi xarajatlari qayd etilgan.

Shuningdek, sentabr oyida kuzatilgan valyuta almashuv kursining ko‘tarilishi ushbu oyda mahsulotlar tannarxi oshishining asosiy omillaridan biri bo‘ldi.

Inflyatsion kutilmalar

2018 yilning III choragi mobaynida aholi va tadbirkorlik sub'yektlari inflyatsion kutilmalarida ham o‘sish tendensiyasi kuzatildi.

Joriy yilning iyul–sentabr oylarida aholi va tadbirkorlik sub'yektlarining kelgusi 12 oyga bo‘lgan uzoq muddatli inflyatsion kutilmalarida ham salbiy trend kuzatildi. Avvalgi chorakda deyarli o‘zgarishsiz saqlanib kelgan kutilmalar indekslari III chorakda oyma-oy o‘sishni boshladi.

So‘rovda ishtirok etgan respondentlarning kelgusi 12 oydagi narxlar o‘zgarishi bo‘yicha javoblarida narxlar oshishini kutayotganlar ulushi avvalgi chorakka nisbatan sezilarli darajada oshdi.

Qayd etish lozimki, III chorak boshida yuridik shaxslarning uzoq muddatli kutilmalari aholinikiga nisbatan ijobiyroq bo‘lgan bo‘lsa, sentabrga kelib ularning kelgusidagi narxlar oshishi bo‘yicha kutilmalari aholinikidan yuqorilab ketdi. Bu, o‘z navbatida, tadbirkorlik sub'yektlarining kelgusidagi narxlar bo‘yicha xavotirlari sezilarli darajada ortganini bildiradi.

Iqtisodiyotdagi kutilmalar

Mamlakatdagi yuqori iqtisodiy faollik va narxlar oshishi o‘z navbatida aholi daromadlariga ham ta'sir etmoqda.

Jumladan, aholining xarid qobiliyatini o‘rganish natijalari 2018 yilning III choragida aholining daromadlari biroz oshganini ko‘rsatmoqda. Xususan, so‘rovda avvalgi 12 oy davomida daromadi oshganini belgilaganlar ulushi II chorakka nisbatan 7 foiz bandga oshib 63 foizni tashkil etgan bo‘lsa, daromadi oshmaganini belgilaganlar ulushi 6 foiz bandga qisqarib 33 foizni tashkil etdi.

Aholining kelgusidagi daromadlari o‘zgarishi bo‘yicha kutilmalarida ham optimistik qarashlar kuzatildi. Respondentlarning kelgusi 12 oyda daromadi oshishini kutayotganlari ulushi 68 foizga yetgan bo‘lsa, daromadi oshmasligini bildirganlar ulushi 21 foizgacha qisqardi.

Shu bilan birga, iqtisodiyotda kelgusidagi ish haqi oshishi bo‘yicha ham aniqlik paydo bo‘lmoqda. Xususan, so‘rovda ishtirok etgan tadbirkorlik sub'yektlarining 52 foizi kelgusi 12 oyda ish haqi «10 foizdan 20 foizgacha» oshishini qayd etgan. Avvalgi chorak davomida ish haqi «10 foizgacha» va «20 foizdan yuqori» oshishini belgilaganlar ulushi deyarli teng bo‘lgan bo‘lsa III chorakda «10 foizgacha» oshishini belgilaganlar ulushi 30 foizgacha ortdi, «20 foizdan yuqori» oshishini belgilaganlar ulushi esa 11 foizgacha qisqardi.

Bu o‘z navbatida aholi daromadlari tomonidan inflyatsiyaga bo‘lgan bosim avvalgi yillardagi darajadan yuqori bo‘lmasligini anglatadi.

Joriy yilning III choragida aholining jamg‘arish kayfiyatida sezilarli o‘zgarish kuzatilmadi.

Xususan, jamg‘armalarni bankda saqlashni ma'qul ko‘rganlar ulushi III chorakda 7 foiz bandga oshib 57 foizni tashkil etdi, naqd ko‘rinishda saqlashni ma'qullaganlar ulushi esa 6 foiz bandga qisqarib 20 foizga teng bo‘ldi.

Shuningdek, respondentlarning aksariyati (47 foizi) jamg‘armalarni milliy valyutada saqlashni afzalroq ko‘rgan bo‘lsa, uchdan bir qismi chet el valyutasini tanlagan. Bu, jamg‘arma vositasi sifatida so‘mga bo‘lgan ishonch III chorak davomida saqlanib qolganini ko‘rsatadi.

Oxirgi oylardagi so‘mning qadrsizlana boshlashi so‘rovda ishtirok etgan jismoniy va yuridik shaxslarning kelgusidagi AQSh dollarining so‘mga nisbatan almashuv kursi bo‘yicha kutilmalarida o‘z aksini topdi. Bu borada jismoniy va yuridik shaxslarning kutilmalari deyarli teng bo‘lib III chorak mobaynida oyma-oy keskin ko‘tarilib bordi. So‘nggi so‘rov natijalariga ko‘ra sentabr oxiriga 1 AQSh dollarini 8.180 so‘m atrofida, dekabr oxiriga esa 8.300 so‘m atrofida kutganlar.

Ushbu holat aholi va tadbirkorlik sub'yektlarining almashuv kursi bo‘yicha xavotirlari mavjudligini ko‘rsatadi va bu o‘z o‘rnida ularning inflyatsion kutilmalariga ta'sir etishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: