«Buxoro-Agro» EIZga investitsiya qanday kiritiladi?

Iqtisodiyot 14:21 / 16.10.2018 4077

Vazirlar Mahkamasining 6.10.2018 yildagi 803-son qarori bilan «Buxoro-Agro» EIZuchun investitsiya loyihalarini tanlab olish hamda qatnashchilarini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi tasdiqlandi, deb yozmoqda Norma.  
 
«Buxoro-Agro» EIZ prezidentning 10.07.2018 yildagi PQ-3843-son qaroriga binoan 30 yillik faoliyat muddati bilan tashkil etildi. 

Investitsiya loyihalari qanday ko‘rib chiqiladi
 
Investitsiya loyihalarini tanlab olish bo‘yicha tashkiliy masalalarni hal etish bilan Buxoro viloyati EIZ va KSZ Ma'muriy kengashi, shuningdek «Buxoro-Agro» EIZ direksiyasi shug‘ullanadi. 5 mln AQSh dollaridan yuqori qiymatli investitsiya loyihalari EIZ va KSZ ma'muriy kengashlarining faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.

Investor ishtirok etish uchun EIZ direksiyasiga investitsiya buyurtmanomasini, shu jumladan elektron shaklda, zarur hujjatlarni ilova qilgan holda taqdim etadi. 

Ilova qilinadigan hujjatlardan biri taklif etilayotgan investitsiya loyihasining biznes-rejasi hisoblanadi. Unda quyidagilar aks ettirilgan bo‘lishi kerak:

• ishga qabul qilinayotgan xodimlar toifasi (kollej bitiruvchilari; mehnat birjasi tomonidan yo‘naltirilgan shaxslar; boshqa tashkilotlar ishchilari; chet eldan jalb etilgan mutaxassislar) hamda tashkil etilayotgan ish o‘rinlari soni;
• yetishtiriladigan va qayta ishlanadigan mahsulot hajmi va tabiiy xususiyati;
• mahsulotning mo‘ljallanayotgan sotish bahosi hamda mahsulotni ichki va tashqi bozorga yetkazib berish hajmlari;
• ijaraga olinayotgan yer uchastkasining o‘lchamlari, ishlab chiqarish sexi, uskuna va texnologik liniyalar, yordamchi binolarning dastlabki chizmasi;
• loyihaning iqtisodiy samaradorligi ko‘rsatkichlari, moliyaviy hisob-kitoblar va boshqalar.  
 
Quyidagi loyihalarga ustunlik beriladi:

• yuqori hosildorlikka ega bo‘lgan zamonaviy issiqxona xo‘jaliklarini, shu jumladan gidroponika texnologiyalarini qo‘llagan holda, klaster usuli asosida tashkil etish;
• barpo etilayotgan issiqxonalarda mahsulotlar yetishtirishning urug‘ ekishdan boshlab mahsulotni bozorga yetkazib berishgacha bo‘lgan to‘liq jarayonini tashkil etish;
• issiqxonalarni qurishda zamonaviy energiya tejovchi texnologiyalar va energiyaning muqobil manbalaridan foydalanish;
• eksportga yo‘naltiriladigan mahsulotlar yetishtirishni rejalashtirish;
• respublika fuqarolarini ishga jalb qilish.
 
Investorlarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi

Investitsiya loyihasi ma'qullangandan keyin Direktsiya va investor o‘rtasida belgilangan shakldagi investitsiya kiritish to‘g‘risidagi shartnoma (ma'qullash bayonnomasi tasdiqlangandan keyin 5 ish kuni ichida) tuziladi.  

Investor EIZ hududida joylashtirish uchun tashkil etiladigan tashkilotni belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazishi va Direktsiyaga ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasini taqdim etishi lozim. Bundan tashqari, Direktsiyaga EIZ qatnashchisi sifatidan ro‘yxatdan o‘tkazish uchun to‘lov to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat yuboriladi. Bundan keyin Direktsiya 2 ish kuni mobaynida tashkilotni ro‘yxatdan o‘tkazadi va qatnashchi guvohnomasini beradi.
 
Mazkur sanadan boshlab investitsiya kiritish to‘g‘risidagi shartnoma kuchga kiradi. Xo‘jalik yurituvchi sub'yekt haqidagi ma'lumotlar 1 ish kuni ichida tegishli soliq va bojxona organlariga yuboriladi.

Hujjat 6.10.2018 yildan kuchga kirdi.

Ko‘proq yangiliklar: