Afg‘oniston birinchi urinishda Markaziy Osiyo davlatlari va AQSh o‘rtasida savdo hamda investitsiyalar bo‘yicha Hadli kelishuv kengashiga qo‘shila olmadi. 16 oktabr, seshanba kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan qo‘shma yig‘ilishda Qirg‘iziston va Turkmanistondan ishtirok etgan delegatsiyalarni tasdiqlash uchun yana 2-3 kun so‘raldi, deb xabar beradi Kun.uz muxbiri.
«Qirg‘iziston va Turkmaniston delegatsiyalari juma kunigacha qaror qabul qiladi. Shundan keyin biz ular hukumatining qarorini bilamiz: Afg‘onistonni qabul qilish yoki yo‘q», - deya aniqlik kiritdi Afg‘onistonning O‘zbekistondagi elchixonasi vakili. Yakuniy qarorga qadar mamlakat kuzatuvchi maqomini saqlab qoladi.
O‘zbekiston tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayevning ta'kidlashicha, respublika Afg‘oniston rivojlanishiga alohida e'tibor qaratmoqda va bu mamlakatni «Markaziy Osiyo oilasining ajralmas qismi», deb hisoblaydi. «Afg‘onistonning izchil rivojlanishi - butun mintaqaning farovonligi va barqarorligi uchun kalit», - deya qayd etib o‘tdi u.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, 2018 yilning 9 oyida O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari va Afg‘oniston bilan tovar aylanmasi 38 foizga o‘sdi. Shu bilan birga, Tojikiston bilan o‘zaro savdo deyarli 60 foizga oshdi, Qozog‘iston va Qirg‘iziston bilan esa - 45 foizdan ko‘proqqa.
«Avval bunday o‘sish ko‘rsatkichlari yo‘q edi. Bu mintaqa mamlakatlari bir-biri uchun ustuvor bozorlar bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatmoqda», - deya qo‘shimcha qildi Xo‘jayev.