2018 yil 1 oktabr holatiga respublikada faoliyat ko‘rsatayotgan kichik korxona va mikrofirmalarning soni 257,1 mingtani tashkil qilgan, deb xabar bermoqda Davlat statistika qo‘mitasi.
Bu ko‘rsatkich 2017 yil 1 oktabr holatiga qaraganda 11,8%ga oshgan. Faoliyat ko‘rsatayotgan kichik korxona va mikrofirmalarning asosiy qismi yani 58,1 mingtasi (22,6%) Toshkent shahriga, 24,8 mingtasi (9,7%) Toshkent, 22,6 mingtasi (8,8%) Farg‘ona hamda 22,3 mingtasi (8,7%) Andijon viloyatlari hissalariga to‘g‘ri keladi.
Iqtisodiy faoliyat turlari kesimida faoliyat ko‘rsatayotgan jami 257,1 mingta kichik korxona va mikrofirmalarning 68,9 mingtasi (26,8%) – savdoda, 54,5 mingtasi (21,2%) - sanoatda, 28,0 mingtasi (10,9%) - qurilishda, 23,4 mingtasi (9,1%) - qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligida, 19,1 mingtasi (7,4%) - yashash va ovqatlanish bo‘yicha xizmatlar sohasida, 12,8 mingtasi (5,0%) - tashish va saqlashda, 6,6 mingtasi (2,6%) - axborot va aloqa sohasida, 5,2 mingtasi (2,0%) - sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishda, shuningdek 38,7 mingtasi (15,0%) - boshqa faoliyat turlari hissalariga to‘g‘ri keladi.
Shundan ko‘rinib turibdiki, faoliyat ko‘rsatayotgan kichik korxona va mikrofirmalarning asosiy qismi sanoat va savdo faoliyat turlariga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, eng kam ulushi esa sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar hamda axborot va aloqa faoliyat turlariga to‘g‘ri keladi.
2018 yil yanvar-sentabr holatiga 38,1 mingdan oshiq kichik korxona va mikrofirmalar yangi tashkil etilgan. Bu esa 2017 yilning shu davriga nisbatan qaraganda 23,6%ga ko‘proqdir.
Eng ko‘p yangi tashkil etilgan kichik korxona va mikrofirmalar Toshkent shahrida (8899ta), Toshkent (3879ta), Samarqand (3250ta) va Farg‘ona viloyatlarida (2930ta) tashkil etilgan. Eng kam Sirdaryo (1044ta), Xorazm (1510ta) hamda Navoiy (1421ta) viloyatlarida tashkil etilgan.
Iqtisodiy faoliyat turlari kesimida esa eng ko‘pi savdoda (8798ta), sanoatda (8530ta), qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligida (4511ta) va qurilishda (4921ta) tashkil etilgan. Eng kam esa sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlarda (922ta), axborot va aloqada (940ta) hamda tashish va saqlashda (1524ta) tashkil etilgan.
Yuridik shaxs sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tgan oilaviy korxonalar soni - 2018 yilning 1 oktabr holatiga 15 332tani tashkil etib, ulardan 14 748tasi yoki 96,2% faoliyat yuritadi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan olganda davlat ro‘yxatidan o‘tganlarning hamda faoliyat ko‘rsatayotganlarning umumiy soni o‘rtacha 27,0%ga oshganligini ta'kidlash lozim.