Ispaniyadagi xalqaro konferensiyada O‘zbekiston neft va gaz sohasi imkoniyatlari namoyish etildi

Iqtisodiyot 09:13 / 12.10.2018 3551

Ispaniyaning Bilbao shahridagi «Neft va gaz» yirik xalqaro konferensiyasida O‘zbekiston Respublikasining Ispaniya Qirolligidagi elchixonasi tomonidan O‘zbekistonning neft va gaz sohasining investitsion salohiyati namoyish etildi. Bu haqda Kun.uz muxbiriga O‘zbekistonning Ispaniyadagi elchixonasi ikkinchi kotibi N.Quvondiqov ma'lumot berdi.

«Neft va gaz» yirik xalqaro konferensiyasi Bilbao shahridagi ko‘rgazmalar markazida har ikki yilda bir marta tashkillashtiriladi. Mazkur xalqaro tadbirda jahonning neft va gaz sohasidagi yetakchi kompaniyalari rahbarlari va vakillari, shuningdek, xorijiy ilmiy tadqiqot markazlarining olimlari va ekspertlari ishtirok etishadi.

Elchixona tomonidan o‘tkazilgan taqdimotning maqsadi — tadbir ishtirokchilarini «O‘zbekneftegaz» MXK faoliyati bilan tanishtirish, neft va gaz sohasida xorijiy hamkorlar bilan amalga oshirilayotgan investitsion loyihalarni namoyish etish, shuningdek, O‘zbekistonning neft va gaz sohasiga Ispaniyaning yetakchi kompaniyalari investitsiyalari va texnologiyalarini jalb etish uchun aloqalar o‘rnatishdir.

Taqdimot davomida «O‘zbekneftgaz» MXKning xorijiy hamkorlar bilan amalga oshirgan investitsion loyihalari, jumladan, «Sho‘rtangaz» va «Ustyurt» gaz-kimyo komplekslari, shuningdek, amalga oshirilayotgan «Uzbekistan Gas-to-liquid», «Sho‘rtangaz» gaz-kimyo majmuasini rekonstruksiya qilish», «Kandym Group» bilan birgalikda «Gazni qayta ishlash zamonaviy zavodini qurish» kabi yangi investitsion loyihalar haqida batafsil ma'lumotlar berildi.

Potentsial investorlarga Surxondaryo va Jizzax viloyati hududlarida gaz va neftni qidiruv, qazib olish va qayta ishlash bo‘yicha asosiy loyihalar, O‘zbekiston gaztransport tizimini modernizatsiya qilish haqida ma'lumotlar taqdim etildi.

Taqdimot Ispaniya kompaniyalarida qiziqish uyg‘otgan va ular «O‘zbekneftgaz» MXK bilan aloqa o‘rnatishga tayyor ekanliklarini bildirishgan.

Ispaniyaning «IDOM» injiniring kompaniyasi texnik masalalar bo‘yicha direktori X.Latasa shunday degan: «O‘zbekiston tomonining neft va gaz sohasidagi investitsion imkoniyatlarga taalluqli taqdimotlari, shuningdek mamlakatda biznes yuritish uchun yangi imkoniyatlar va qulay shart-sharoitlar to‘g‘risidagi axborotlar bizni juda qiziqtirib qoldi. Biz yaqin oylarda mamlakatingizga respublikaning neft va gaz kompaniyalari bilan ikki tomonlama hamkorlik istiqbollarini muhokama etish uchun boramiz».

Ko‘proq yangiliklar: