Xitoyning Alibaba internet-platformasi istalgan mahsulotni narxi, ko‘rsatkichlari, yetkazib berish shartlari bo‘yicha osongina topish imkoniyatini beradi. Mahsulotga plaftormaning o‘zida buyurtma berish va pul to‘lash mumkin.
Alibaba vositachi bo‘lib, mahsulot buyurtmachiga yetkazib berilganidan keyingina pulni yetkazib beruvchiga o‘tkazadi. Agarda mahsulotga nisbatan e'tiroz bo‘lsa, xaridor to‘lagan pulini qisman yoki to‘laligicha qaytarib olishi mumkin. Buning uchun xaridor haqligini isbotlab berishi kerak bo‘ladi.
Ishlab chiqarish geografiyasi
Xitoyda ishlab chiqarish odatda klaster tamoyiliga asoslangan. Masalan, bosma va kantselyariya mahsulotlari ishlab chiqaruvchi zavodlar Venchjou shahridagi Tsannan uyezdida va Ninbo shahridagi Ninxay uyezdida joylashgan. Venchjouning Ouxay uyezdida eshiklar uchun qulflar, Pinyan uyezdida plastik paketlar ishlab chiqariladi. Yoritgichlarni Chjunshan shahridagi Guchjen uyezdidan topamiz. Guanchjouning Xuadu tumanida avtomobillar uchun kerakli jihozlar, Shilin uyezdida esa sumkalar ishlab chiqaruvchi markazlar joylashgan. Klasterlar odatda tarixan shakllanib kelgan, ba'zan esa mahalliy hokimiyat tomonidan maxsus tashkil etilgan markazlardir.
Ishlab chiqarishning arzonligi
Xitoyda maoshlar baland bo‘lsa ham, ishlab chiqarish narxi arzonga tushadi. Bu nimaning evaziga? Misol sifatida sumka ishlab chiqarishni olishimiz mumkin. Ishlab chiqarishni boshlash uchun bir nechta chevar va ish yurituvchini yollash hamda Shilin uyezdidagi beton uydan 50 kvadrat metr joyni ijaraga olish kifoya. Ishlab chiqarish uchun barcha xomashyoni zavod yonidagi ulkan bozorlardan olish mumkin. Barcha xomashyo olingach, sumkalar tikilib, sifat tekshiruvidan o‘tadi va mahsulot sotuvga chiqarishga tayyor bo‘ladi. Yorliqlar, qog‘ozlar va qadoq paketlari ham shundoqqina ishlab chiqaruvchining yonida sotiladi.
Odatda xitoylik tadbirkor kichik ishlab chiqarish qiladigan bo‘lsa kompaniyasini ro‘yxatdan o‘tkazishi va soliq to‘lashi ham shart emas – barcha ish va to‘lovlar jismoniy shaxs orqali o‘tadi va davlat bunga ko‘z yumadi, asosiysi – yangi ish o‘rni yaratilgani. Agarda boshlovchi tadbirkor katta miqdorda buyurtma oladigan bo‘lsa va buyurtmani aytilgan muddatda bajarishga kuchi yetmasa, u holda buyurtmani qarindoshlarining zavodlari bilan hamkorlikda bajaradi. Yoki barcha buyurtmani kattaroq korxonaga topshiradi va daromad ikkisi o‘rtasida teng taqsimlanadi. Bunda buyurtmachi buyurtmasi boshqa zavodda tayyorlanganini bilmaydi ham. Bularning barchasi - infrastruktura, ishlab chiqarish va ixtisoslashuvning yaxshi yo‘lga qo‘yilgani, samaradorlik, sutkasiga 12 soatdan ikki smenada ishlashga tayyor xitoyliklarning mehnatsevarligi hamda a'lo darajada yo‘lga qo‘yilgan o‘zaro aloqalar raqobatbardosh narxlarda mahsulot ishlab chiqarish markaziga aylanish imkonini beradi.
Xitoyda transport infrastrukturasi ham yaxshi yo‘lga qo‘yilgan: ishlab chiqarish markazlari orasida yetkazib berish muddati 1-3 kun bo‘lib, yetkazib berish narxlari ham juda arzon – bu yerda o‘nlab kurerlik va logistika kompaniyalari xizmat ko‘rsatadi. Mamlakatda dunyoning barcha logistika kompaniyalari faoliyat olib boradi, shu bois tayyor mahsulotlar ombordan to‘g‘ri kerakli davlatga jo‘natiladi.
Tinimsiz muloqot
Xitoyliklarning barchasi telefonlarini qo‘llaridan qo‘yishmaydi – ular go‘yoki telefon bilan tirikdek. Bunda ular asosiy vaqtlarini Wechat — Xitoyning eng ommabop messenjerida o‘tkazishadi. Xitoyliklar hamisha muloqotda – demak hamisha ishda: ularda ish vaqti degan tushuncha yo‘q. Xitoyliklar har qanday joyda va istalgan vaqtda muloqotga tayyor va bu ularning raqobatchilardan ustun jihatlari hisoblanadi. Faqat bitta narsaga oldindan tayyor turishingiz kerak bo‘ladi – Xitoy yangi yiliga. Xitoyda bu bayram bir oy davom etadi va bu oyda deyarli hech kim ishlamaydi. Bayramdan bir oy oldin va undan keyingi bir oy davomida esa shoshilinch tarzda ishlashadi. Shuning uchun buyurtmani yanvardan mart oyigacha bermagan ma'qul.
Buyurtma berishda nimalarga e'tibor qilish kerak?
1. Biror mahsulot ishlab chiqarishga buyurtma bermoqchi bo‘lsangiz, imkon boricha o‘sha mahsulotni ishlab chiqarishga ixtisoslashgan va yaxshi reytingga ega fabrikani tanlang. Uning ana shunday mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan hududda, xomashyo bozoriga yaqin joylashganligiga e'tibor qarating.
2. Savdolashing, ammo o‘ta past narx mahsulot sifatining pasayishiga olib kelishini unutmang, me'yorida savdolashing. Bozorni va o‘xshash mahsulot narxini o‘rganib chiqing.
3. Ko‘pincha buyurtma miqdori ko‘p bo‘lsa, narx arzonlashadi, buyurtma hajmi katta bo‘lsa, sifatini ta'minlash ham oson bo‘ladi. Imkon boricha bir xil turdagi mahsulotga buyurtma bering.
4. Ishlab chiqaruvchilar doimiy hamkorlikni istashadi, ularga siz ham shu shunday rejada ekanligingizni ayting, bu manfaatli hamkorlik imkonini beradi.
5. Mahsulotingiz uchun xomashyoni kim tanlashiga aniqlik kiritib oling, sizning mutaxassisingizmi yoki fabrikami. Sifat va ishlab chiqarishni nazorat qilib turish uchun bir kishi mas'ul bo‘lishi lozim.
6. Buyurtma bergan mahsulotingizning ilk namunasini albatta oling va tekshirib ko‘rganingizdan keyin to‘liq ishlab chiqarishga rozilik bering. Namunani saqlab qo‘ying, bu agarda buyurtmangiz talabingizga javob bermasa ko‘rsatishingiz uchun kerak bo‘ladi. Tayyor mahsulotni Xitoydan jo‘natilishidan oldin diqqat bilan tekshirib qabul qilib oling.
7. Ishlab chiqaruvchining o‘zi bilan vositachilarsiz ishlang, aks holda biror muammo yuzaga kelsa, uni hal qilish juda qiyin bo‘ladi.