«O‘zbekneftgaz» Qoraqalpog‘istonda yana bir gaz-kimyo majmuasini quradi

Iqtisodiyot 14:42 / 11.10.2018 13457

O‘zbekiston Tataristonning TAIF guruhiga Qoraqalpog‘istonda yangi gaz-kimyo majmuasi qurilishida ishtirok etish taklifini berdi. Bu haqda «Realnoye vremya» xabar bermoqda.

25 sentabr kuni O‘zbekiston ishbilarmonlari va siyosatchilaridan iborat delegatsiya TAIF kompaniyalar guruhining bosh ofisiga tashrif buyurdi. Delegatsiyaga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi o‘rinbosari Musa Yerniyazov rahbarlik qildi.

Musa Yerniyazov yangi zavod qurilishi loyihasi haqida so‘zlab, TAIFga unda ishtirok etish taklifini berdi. «Biz yangi zavodning dastlabki quvvatlarini baholadik: yiliga 2 milliard kubometr gazni qayta ishlaydigan korxonani qurish foydali. Endi biz iqtisodiy hisob-kitoblarni qilmoqdamiz. Sizlarning oldingizga neftgaz-kimyo sohasida tajriba almashish uchun keldik. Katta tajribangizni ishlatish biz uchun sharafdir. Biz gaz-kimyo zavodini qurish doirasida hamkorlik qilishga tayyormiz», - deya qo‘shimcha qilib o‘tdi Musa Yerniyazov.

«O‘zbekneftgaz» kompaniyasidan Kun.uz’ga tasdiqlashlaricha, Ustyurt platosida yangi gaz konlari topilgan. Bu yil kompaniya «Quyi Surgil» koni quduqlarida sanoat gaz oqimi va kondensatini oldi. Bu yerda mamlakatda birinchi marta quyi yura cho‘kindilarida joylashgan tabiiy gaz o‘zlashtiriladi. Ilgari gaz asosan yura davrining yuqori va o‘rta qatlamlarida topilgan.

O‘zbekiston delegatsiyasining taklifi TAIF rahbariyatini qiziqtirgan. «TAIF» OAJ bosh direktorining o‘rinbosari Ruslan Shigabutdinov gaz-kimyo zavodini qurish loyihasida ishtirok etish bo‘yicha konstruktiv takliflarni ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirdi. 

Ko‘proq yangiliklar: