“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida depozitariy faoliyatini takomillashtirish haqida petitsiya joylashtirildi.
Qayd etilishicha, iqtisodiy munosabatlarning rivojlanishi iste'molchilar uchun ko‘plab qulayliklar yaratilishini taqozo etadi. Qimmatli qog‘ozlar bozorida yangi mijozlarga xizmat ko‘rsatish maqsadida investitsiya vositachilari tomonidan shartnoma tuzish, anketa to‘ldirish, kartochka, hisob raqami ochish uchun ariza hamda aksiyalarning harakati yuzasidan kirim va chiqim topshiriqnomalari rasmiylashtirilishi talab etiladi.
Bugungi amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, mazkur sohada rasmiylashtiriladigan hujjatlarning ko‘pligi va ortiqcha ovoragarchiliklar mijozlarning qimmatli qog‘ozlar bozoriga kirishi uchun salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda, deb yozadi petitsiya muallifi.
“Talab qilinadigan hujjatlarning qisqartirilishi qimmatli qog‘ozlar bozori ishtirokchilari soni oshishiga sabab bo‘ladi. Shu sababli, Adliya vazirligi tomonidan 1999 yil 12 dekabrda ro‘yxatidan o‘tkazilgan “Depozitariy hisobi va hisobot berishning yagona qoidalari”ning 31.5, 31.7, 31.10-bandlarida nazarda tutilgan hujjatlarni qisqartirishni taklif qilamiz”, - deyiladi murojaatda.