Jahon bankining soliq solish bo‘yicha katta mutaxassisi Rajul Avastining fikricha, har qanday soliq to‘lovchiga qonunbuzar emas, mijozdek muomala qilinishi kerak. Biroq, amaliyotda aksincha, soliq to‘lovchi biznes vakillariga, garchi noto‘g‘ri bo‘lsa-da, qonunbuzarlardek munosabatda bo‘lish holatlari ko‘p uchraydi. Avasti Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tgan tadbirda shunday fikrlarni bildirdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar berdi.
Rajul Avasti “O‘zbekistondagi soliq islohoti – xalqaro ekspertlar qarashi” mavzusida tashkil etilgan davra suhbatida soliq islohotlarini amalga oshirishda nimalarga e'tibor qaratish, samarali va raqobatbardosh soliq soliq tizimini tashkil etish uchun nimalar qilish zarurligi, turli darajadagi byudjyetlarga soliq tushumlari barqarorligini ta'minlash borasidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Uning fikricha, soliq islohotlarini o‘tkazishda gorizontal va vertikal tenglik hamda adolat, samaradorlik va raqobatbardoshlik, soliq kodeksini soddalashtirish, tushumlar barqarorligini ta'minlash muhimdir.
“Gorizontal tenglik bir xil daromaddagi shaxslar jamiyatdagi o‘rni qanday bo‘lishidan qat'iy nazar bir xil soliq to‘lashini ta'minlash bilan bo‘ladi. Vertikal adolat va tenglikda, daromadi ko‘proq fuqaro kamroq daromad oluvchilarga nisbatan ko‘proq soliq to‘lashi talab etiladi”, - dedi Rajul Avasti. Ekspertning aytishicha, aynan samarali soliq tizimi raqobatbardosh hisoblanadi.
Umuman olganda, Avastiga ko‘ra, soliq islohotlarini o‘tkazishda bosqichma-bosqichlik qoidasiga rioya qilgan ma'qul, chunki bu islohotlar jarayonida ham tuzatishlar kiritish, maslahatlashuvlar o‘tkazish imkonini berish qatorida soliq boshqaruvini soliq siyosatidagi o‘zgarishlarni hayotga tatbiq etishga tayyorlaydi.
Jahon banki mutaxassisi, shuningdek sifatli soliq siyosatini ishlab chiqish qoidalarini ham taqdim etdi. Unga ko‘ra, soliqlar past stavkada keng soliqqa tortish bazasiga ega bo‘lishi darkor. Bunga soliq imtiyozlarini bekor qilish zarurati sababdir. Soliqdan qochish va bu borada korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik uchun soliq stavkasini kamaytirish maqsadga muvofiq. Soliqqa tortishning soddaligi va qulayligini oshirish, xalqaro savdoga solinadigan soliqlarni kamaytirish shular jumlasidan.
Rajul Avasti Jahon bankining O‘zbekiston Respublikasidagi soliq islohotlariga ko‘maklashish missiyasining rahbari hamdir.