Joriy yilning sentabr oyida iste'mol bozorida tovarlar va xizmatlar narxi o‘rtacha 1,8%ga ko‘tarildi. Umumiy hisobda 9 oy davomida iste'mol sektorida inflyatsiya darajasi 8,1%ni tashkil etdi, deb xabar bermoqda Davlat statistika qo‘mitasi.
Oy davomida umumiy narxlar darajasining o‘sishiga tovarlar 1,9%, xizmatlar esa 1,2%ga ta'sir ko‘rsatdi.
2017 yil oxiriga nisbatan tovarlar narxi o‘rtacha 7,4%ga, xizmatlar 10,1%ga qimmatlashdi.
Yillik inflyatsiya tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki (joriy oyda o‘tgan yilning mos oyiga nisbatan), joriy yilning yanvaridan avgust oyiga qadar inflyatsiya darajasi bosqichma-bosqich pasayish tendensiyasiga ega bo‘lgan. Sentyabr oyida yillik inflyatsiya darajasi o‘sish suratiga qaramay, joriy yilning yanvar-iyul oylariga nisbatan yuqori bo‘lmadi.
Joriy yilning sentabr oyida oziq-ovqat mahsulotlari 3,3%, nooziq-ovqat mahsulotlari 0,3%, xizmatlar 1,2%ga qimmatlashdi. Yil boshidan narx o‘zgarishlari tahliliga ko‘ra 2018 yilning 9 oyi davomida guruhlar doirasida xizmatlar va nooziq-ovqat mahsulotlari narxlari oziq-ovqat mahsulotlariga nisbatan sezilarli darajada oshganligini ko‘rish mumkin.
Kengaytirilgan har bir guruhning oy davomida umumiy iste'mol narxlari indeksiga ta'siri shuni ko‘rsatmoqdaki, joriy yilning sentabr oyidagi oziq-ovqat mahsulotlarining narxlari o‘sishi umumiy inflyatsiyaga 1,4 foiz darajasida (keyingi o‘rinlarda f.d.) ta'sir ko‘rsatgan bo‘lsa, bu vaqtda nooziq-ovqat mahsulotlar va xizmatlar ulushi faqatgina 0,4 f.d. miqdorini tashkil etgan.