Brent neftining narxi bir sutkada barreliga 85 dollardan oshdi

Iqtisodiyot 09:44 / 02.10.2018 6210

Brent markali neftning bir barreli narxi birjalarda 85 AQSh dollaridan oshdi. Bu haqda ICE birjasidagi narxlarga asoslanib RBK xabar bermoqda.

Kecha, 1 oktabr tungi soat 23:31 holatida Brent markali shimoliy dengiz neft aralashmasiga dekabr fyucherslari 2,8 foizga oshib, barreli 85,08 dollardan baholandi. So‘nggi marta 2014 yilning 3 noyabrida Brent neftining narxi 85 dollardan baland bo‘lgan. WTI markali neftning noyabr fyucherslari uchun narxi ham 3 foizga o‘sib, barreli 75,42 dollardan imzolangan.

Neft narxi bir necha kundan buyon paydar-pay oshib kelmoqda. Tahlilchilarning fikricha, narxlarning oshishiga asosiy sabab AQSh sanksiyalari fonida Eron tomonidan neft eksportining qisqartirilayotgani bo‘lmoqda. Shuningdek, Kuvayt ham AQShga neft xomashyosini yetkazib berishni 1990 yildan buyon ilk marta to‘xtatdi. Bloomberg’ning vaziyatdan xabardor manbasining aytishicha, Kuvayt o‘z mahsulotini ko‘proq foyda ko‘rish mumkin bo‘lgan Osiyo bozorlariga yo‘naltirgan. Agentlikning ma'lumotlariga ko‘ra, Kuvayt Osiyo davlatlariga o‘zi qazib oladigan neftning 80 foizini yetkazib beradi.

Kotirovkalarning o‘sishiga OPeK+ monitoring qo‘mitasining yaqinda Jazoirda bo‘lib o‘tgan vazirlar uchrashuvida qabul qilingan qaror ham o‘z ta'sirini o‘tkazmoqda. Unda Saudiya Arabistoni va Rossiya qazib olishning zudlik bilan qo‘shimcha tarzda oshirilishiga qarshi chiqqan edi. AQSh prezidenti Donald Tramp ilgariroq jahon narxlarini tushirish uchun zudlik bilan chora ko‘rishga chaqirgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: