Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) 2018-2023 yillarga O‘zbekiston uchun yangi strategiyani qabul qildi. Hujjat YeTTB Direktorlar kengashi tomonidan tasdiqlandi. Unda qayd etilishicha, strategiya ochiq, integratsiyalashgan va eksportga yo‘naltirilgan iqtisodiyotni ko‘zda tutadi.
YeTTBga ko‘ra, O‘zbekiston hukumatining ustuvor maqsadlari - iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish, biznes-muhitni yaxshilash va to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish.
Bank yangi strategiya doirasida xususiy sektorni kuchaytirish hisobiga raqobatbardoshlikni oshirishda davom etadi. Jumladan, YeTTB kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash hamda mahalliy kapital bozorlarini rivojlantirish va moliyaviy institutlarni mustahkamlashga ko‘mak beradi. Moliyaviy institut shuningdek davlat korxonalarini privatizatsiyalash va O‘zbekistondagi investitsion iqlimni yaxshilashga doir sa'y-harakatlarni ham qo‘llab-quvvatlash niyatida.
Bank yashil energetika va tabiiy resurslardan samarali foydalanishga oid loyihalarga ham ko‘maklashadi. Shuningdek, YeTTB O‘zbekistonning qayta tiklanuvchi energiya manbalari yo‘nalishidagi salohiyatini oshirishda ham yordam beradi. Bank va O‘zbekiston energetika xavfsizligi, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va elektr energiya yetkazib berish hamda uran rekultivatsiyasi bo‘yicha samaradorlikni oshirish yo‘lida hamkorlik qilishni rejalashtirgan.
YeTTB shuningdek mamlakatdagi transport infratuzilmasini takomillashtirish va mintaqaviy tarmoqlar bilan aloqalarni yaxshilashga doir loyihalarni ham moliyalashtiradi. YeTTB mintaqaviy energetik hamkorlikni qo‘llab-quvvatlaydi.
Bank o‘zining TFP (savdo-sotiqqa ko‘maklashish) loyihasi orqali O‘zbekiston korxonalari va moliyaviy institutlari eksport faolligini mobillashtirishni rejalashtirmoqda.
Strategiya doirasida YeTTB O‘zbekistonning turistik salohiyati va infratuzilmasini yaxshilashda yordam ko‘rsatadi.