Yoqilg‘i-energetika kompleksi O‘zbekiston iqtisodiyoti tarkibidagi yetakchi tarmoqlardan biri bo‘lib qolmoqda. Eskirgan texnologiyalar va sohada energiya tejovchi amaliy mexanizmlarning yo‘qligi nafaqat sanoatning o‘sishini, balki respublikaga kiruvchi investitsiyalar oqimini ham to‘xtatib turibdi.
2017 yilning noyabrida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hukumat majlisida ko‘plab jiddiy kamchiliklar to‘planib qolgan, doimiy oshib borayotgan qarzdorlikka olib keluvchi, energetika resurslarini yetkazib berishda tizimli uzilishlar va soha korxonalaridagi og‘ir moliyaviy vaziyatni yuzaga keltirgan mamlakatni elektr va gaz bilan ta'minlovchi korxonalar faoliyatini nazorat qiluvchi hamda hisobga oluvchi samarali tizimning yo‘qligiga ishora qilgan edi.
O‘zbekistonda aksariyat energetika resurslari bizga tabiat tomonidan in'om etilgan, deb hisoblashga o‘rganib qolgan - bu esa o‘z-o‘zidan fuqarolarni elektr energiyasi va gaz uchun to‘lovdan ozod qiladi. To‘lovga layoqatsizlikning boshqa bir tomoni - davlat energetika kompaniyalari foydasiga tariflarning to‘xtovsiz o‘sishiga doir tezis.
So‘nggi bir necha yilda respublikadagi energiya tashuvchilarning ichki narxi muntazam ravishda oshib borgan, biroq kichik taqqoslov keltirishga jazm qildik. Xususan, bugunga kelib mamlakat aholisi uchun elektr energiya tariflari - o‘rtacha 0,03 dollar 1/kVts atrofida. Taqqoslash uchun – 2017 yilning birinchi yarim yilligida 1/kVts elektr energiya narxi Germaniyada - 0,3 dollar, Turkiyada - 0,13 dollar, Rossiyada - 0,05 dollar va Belarusda 0,06 dollarni tashkil qildi. Tabiiy gaz narxi bo‘yicha ham xuddi shunday vaziyat. Shunday ekan, O‘zbekistondagi elektr energiya resurslari bahosi avvalgidek ancha past.
Energetika narxining ayniqsa Yevropa mamlakatlarida balandligi bu mamlakat hukumat va iste'molchilarini energiya tejovchi mexanizmlarni faol tatbiq qilishga majbur qiladi. Masalan, 2009 yilda Buyuk Britaniyada cho‘g‘lanma lampalardan foydalanishga taqiqlov kuchga kirdi. Ta'kidlash joizki, mazkur tashabbus aholi orasida norozilik kayfiyatini keltirib chiqarmadi, holbuki fluorossent lampa narxi oddiy lampadan deyarli 10 baravar yuqori. 2009-2017 yillarda Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida elektr energiya iste'mol darajasini oshiruvchi maishiy texnika sotuvlarini qisqartirishga oid dastur amalga oshirildi. 1992 yildan boshlab AQShda elektr energiya kam iste'mol qiluvchi maishiy texnika sotuvlarini ko‘zda tutuvchi Energy Star dasturi amaldadir. Elektr energiya resurslari bahosi ancha yuqori bo‘lgan mamlakatlarda bunday tashabbuslar tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ongli ravishda elektr energiya tejovchi texnologiyalarni tanlashga asoslangan yangi iste'molchi madaniyatini shakllantirishga yo‘naltirilgan.
Bizning jamiyatimizda elektr energiya iste'moli madaniyati endigina shakllanmoqda, ba'zi holatlarda esa umuman yo‘q. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi qoshidagi Majburiy ijro byurosi ma'lumotlariga ko‘ra, 2017 yil yakunlariga ko‘ra, undirilgan qarz hajmi taxminan 5,4 trillion so‘mni tashkil qildi.
Ekspertlarning tahlili to‘lovga layoqatsiz kishilarning aksariyati oddiy fuqarolar ekanini ko‘rsatmoqda. Xususan, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va byuro elektr energiya iste'molini yashirish va noto‘g‘ri hisoblash holatlarini qayd etmoqda, oddiy fuqarolar magistral elektr tarmoqlari va gaz quvurlariga noqonuniy ulanishda davom etishmoqda. So‘nggi bir yarim yilda "O‘zbekenergo" va "O‘ztransgaz" korxonalarining 700 ga yaqin xodimi, shuningdek Adliya vazirligining sobiq Sud departamentining 40 nafar xodimi qonunbuzarlik sodir etgani uchun jinoiy javobgarlikka tortildi.
Umuman olganda, amaldagi elektr energiya tariflari O‘zbekistonda elektr energiyani ishlab chiqarish, yetkazib berish va taqsimlash bilan bog‘liq amaldagi barcha xarajatlarni qoplash imkonini beradi. Biroq joriy narxlar sohaning uzoq muddatli xarajatlarini qoplamaydi, bu esa 10 milliard dollarga baholanuvchi uzoq muddatli istiqbolli elektr energiya investitsion ehtiyojlarini ta'minlash uchun zarur.
Shu bois elektr energiya resurslarini hisobga olish, taqsimlash va to‘lov kiritish muammosi, shuningdek bu jarayonlar nazoratini keng qamrovli - boshqaruv islohotlari, energiya tejovchi texnologiyalarni tatbiq qilish, jamiyatda oqilona iste'molchilik dasturini qabul qilish orqali hal qilish kerak.
Ekspert, Dilshod Akmalov