Tadbirkorlar yangi tuzilma tashkil etish taklifini bildirishdi

Iqtisodiyot 22:20 / 27.09.2018 5560

Bugun, 27 sentabr kuni Tashqi savdo vazirligi tizimidagi «O‘zbekekspertiza» AJda kichik, o‘rta va yirik eksporter korxonalari, jumladan, “Gold Dried Fruits” MChJ, “Betlis Tekstil” MChJ, “Stars Waste” MChJ, “Berad Agro” XK kabi boshqa korxonalar vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda jamiyatning eksportga ko‘maklashuvchi xizmatlari sohasida eksportyorlarni qiynab kelayotgan masalalar va ularning yechimi bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan fikr almashildi. Jamiyat mutaxassislari uchrashuv ishtirokchilarini qiziqtirgan savollariga javob berish bilan birga ular bilan sertifikatlash va ekspertiza sohasidagi amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ishlar bo‘yicha rejalar tuzib olishdi. Ya'ni, jamiyat tomonidan tovarlarni eksport qilish uchun zarur barcha xizmat turlarini “yagona darcha” prinsipi asosida to‘liq amalga oshirish, kengaytirish, qo‘shimcha xizmat turlarini kiritish muhokamasi o‘tkazildi. 

Uchrashuv davomida eksportchilardan sertifikatlashga tegishli taklif va mulohazalar olindi hamda «O‘zbekekspertiza» tomonidan tovarlarning kelib chiqishini sertifikatlash to‘g‘risidagi nizomga kiritilayotgan o‘zgartirishlar, arizalarni elektron tarzda qabul qilish, ekspertiza o‘tkazish muddatlarini qisqartirish muhokama qilindi. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sertifikatsiyalash tartibini soddalashtirish, bir qator davlatlarda eksport qiluvchining mustaqil deklaratsiyasi asosida umumiy shakldagi sertifikatlash tartibini soddalashtirish masalalarini tanishtirish maqsadi ham kun mavzusida bo‘ldi. Eksportchilarga qulaylik yaratish maqsadida sutkali uzluksiz xizmat ko‘rsatish uchun navbatchilik hamda jamiyat xizmatlari uchun elektron to‘lov tizimlari orqali to‘lovni amalga oshirish imkoniyati yaratilganiligi alohida ta'kidlab o‘tildi.

Bundan tashqari, uchrashuvda xalqaro talablarga javob beradigan oziq-ovqat va tekstil mahsulotlari sinov kompleksi va sertifikatlash organini ochish to‘g‘risida tadbirkorlar tomonidan takliflar kiritildi.

Ko‘proq yangiliklar: